Surxondaryoda 7 kilogrammdan ko‘proq narkotik ushlandi. Samarqandda esa 3 banka marixuana o‘z ixtiyori bilan IIBga topshirildi

Surxondaryoda 7 kilogrammdan ko‘proq narkotik ushlandi. Samarqandda esa 3 banka marixuana o‘z ixtiyori bilan IIBga topshirildi

Foto: IIV axborot xizmati

12 fevral kuni Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, tadbirda “Matiz” rusumli avtomashinasida fuqaro N.K, 20.000 AQSh dollari va 130.000.000 so‘m evaziga 1 dona oq rangli polietilen qopda jami 7 dona skotch o‘ramlariga qadoqlangan “opiy” giyohvandlik moddasini mijozga sotish maqsadida olib ketayotgan vaqtda, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan va tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Foto: IIV axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ekspert-kriminalistika bo‘limining 12 fevral kunidagi xulosasiga ko‘ra, N.K.dan olingan 7 dona skotch o‘ramlari bilan qadoqlangan moddalar jami 7,190 kg “opiy” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi.

Xabarda aytilishicha, shu kunning o‘zida Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi tomonidan N.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

MAVZUGA DOIR: Surxondaryoda 2 kiloga yaqin «gashish»​ ushlandi

Shuningdek, Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, targ‘ibot ishlari natijasida Samarqand shahar Spitamen shox ko‘chasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan, X.J. bir litrlik sig‘imga ega bo‘lgan 3 shisha bankada “marixuana” giyohvandlik vositasiga o‘xshash o‘simlikning quritilganini o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar organlari xodimlariga topshirdi.

Ushbu daliliy ashyolar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olinib, Samarqand viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limiga tekshirib ko‘rish uchun yuborilgan.

Foto: IIV axborot xizmati

Samarqand viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limining xulosasiga ko‘ra mazkur o‘tkir hidli modda 191,67 gramm miqdordagi “marixuana” giyohvandlik moddasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan X.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.