Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 67 yoshli R.A. (erkak kishi) joriy yil 3 iyul kuni o‘zini yomon his qilgan, nafas yo‘llarida yallig‘lanish bo‘lgan. 4 iyul kuni “COVID-19” infeksiyasiga namuna topshirgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasiga gumon, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
Shuningdek, ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 53 kishiga yetdi.
Ushbu virusni jami 11 723 kishi yuqtirgan bo‘lsa, 7 287 kishi kasallikdan forig‘ bo‘lgan hamda 4 384 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda.