Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tadbirkor-hokim fenomeni: manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslari qachon ishlab chiqiladi?
12.02.2019 00:34,  
414

Davlat xizmatchilari – mansabdor shaxslar davlat boshqaruvida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahriga mashhur tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayevni hokim etib tayinladi va bu bilan tashabbuskorlik va ishbilarmonlik mansabdor shaxslar uchunmuhim hislat ekanini ham anglatdi. Biroq oxirgi paytlarda tadbirkor-hokim imidjiga putur yetmoqda. Eng qizig‘i bunga qonuchilikni oddiy qoidalarini bilmaslik va mensimaslik sabab bo‘lmoqda.

Toshkent hokimivasenator Jahongir Ortiqxo‘jayev Akfa kompaniyasi aksiyalariga egalik qilishi, biroq uni boshqarishni boshqa insonlarga topshirgani haqida ma’lum qilgani ko‘pchilikda turli xil fikrlarni uyg‘otdi. Kimdir buni normal holat sifatida qabul qilgan bo‘lsa, kimlardir manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga olib keluvchi g‘ayriqonuniyholat sifatida baholadi.O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bunga nima deydi? Hokim ayni vaqtda aksiyador bo‘lishi qonungamuvofiqmi? Unda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish qanday bo‘ladi?Quyida mazkur savollarga oydinlik kiritamiz.

Manfaatlar to‘qnashuvi nima?

O‘zbekiston bozor munosabatlarida manfaatlar to‘qnashuvi bugungacha u qadar jiddiy muhokama qilingan mavzulardan biri emas. Natijada qonunchilikdamanfaatlar to‘qnashuviga oid normalar ham to‘liq ishlab chiqilmagan, bu sohada huquqni qo‘llash (sud) amaliyoti ham shakllanmagan deyish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuniga (Qonun) ko‘ra manfaatlar to‘qnashuvi bu shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir. Qonunning 21-moddasiga muvofiq davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak. Demak, Qonun Toshkent shahar hokimi faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlaydi.

Bu qonundan tashqari, hokimning faoliyatidagi manfaatlar to‘qnashuviga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarori bilan ham tartibga solinadi. Qarorning quyidagi qoidalari alohida ahamiyatga molik:

  • egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, Odob-axloq qoidalari davlat organlari xodimlarining (keyingi o‘rinlarda davlat xizmatchilari deb ataladi) kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalarini ifodalaydi.
  • davlat organlari Odob-ahloq qoidalaridan kelib chiqib o‘z odob-ahloq qoidalarini tasdiqlab, ushbu organlar odob-ahloq qoidalari mazkur namunaviy odob-axloq qoidalari talablariga zid bo‘lishi yoki ulardan past darajadagi talablarni nazarda tutishi mumkin emasligi belgilangan;
  • Odob-axloq qoidalarimajburiy bo‘lib, uning qoidalari buzilishi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib hisoblanishi mumkin.

Yuqoridagi qonun va qoidalar mazmunidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, mazkur odob-axloq qoidalari Toshkent shahar hokimi uchun ham majburiy hisoblanadi. Manfaatlar to‘qnashuvi esa davlat xizmatchisining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi. Demak, Toshkent shahar hokimi (hozirda Prezident qarori bilan eksperiment tariqasida Toshkent shahar hokimiga katta vakolatlar berilgani hisobga olinsa) vakolatiga kiruvchi bir necha holatlarda (yer uchastkasi ajratish), tenderlar, investorlarga bino-inshootlar berish va hokazo) hokimlik vakolati va o‘zi aksiya va ulushlariga egalik qiladigan kompaniyalari timsolidagi shaxsiy manfaatlari yuzasidan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinligi ko‘rinib turibdi.

Tashkent City misolida manfaatlar to‘qnashuvi bormi?

Tashkent City xalqaro biznes markazi (XBM) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi «Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mexmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgan. Uning direksiyasi davlat unitar korxonasi (DUK) shaklida tuzilgan bo‘lib, J. Ortiqxo‘jayev Toshkent shahriga hokim bo‘lishidan oldin ushbu direksiya rahbari bo‘lgan.

DUK direksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzurida ekanligini nazarda tutsak, J.Ortiqxo‘jayevning mazkur davlat korxonasi rahbari sifatidagi faoliyatidayoq manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan deyish mumkin. Toshkent shahar hokimi sifatidagi faoliyatida esa unga tegishli kompaniyalar aksiya va ulushlarga ega bo‘lib turishini inobatga olgan holda, korxonalarni kim boshqarishidan qat’iy nazar, manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradi.

Davlat xizmatchisi – hokimning shaxsiy manfaatlari uning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga oladi. Demak, J.Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahar hokimi sifatida faoliyatida bir necha holatlarda hokimlik vakolati va o‘zi aksiya va ulushlariga egalik qiladigan kompaniyalari timsolidagi shaxsiy manfaatlari yuzasidan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud.

Manfaatlar to‘qnashuvi xavfi bo‘lganda qanday choralar ko‘rilishi kerak?

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev o‘z vazifasidan ketishi yoki aksiya va ulashlaridan voz kechishi shart, degani emas. Zerotadbirkorlar ko‘plab mamlakatlarda yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritadilar. Bunda g‘ayriqonuniyholat yo‘q. Biroq manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun aniq mexanizm bo‘lishi va u ishlashi kerak. Hokim intervyusida shunday mexanizm haqida tushuntirishi, masalan, o‘z kompaniyalariga aloqador masalalarda hokim sifatidagi qarorlarini qanday hal qilayotganini, bu mexanizm (agar bo‘lsa) unga manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etayotganini aytishi kerak edi. Hech bo‘lmasa shu bo‘yicha ish olib borilayotganini aytib, o‘zini oqlash imkoni bor edi.

Lekin, unday bo‘lmadi. Vaziyat chigallashib yangicha qarashga ega tadbirkor-hokim imidji barbod bulayozdi. Negadir intervyuda hokim «o‘z kompaniyalarimni shuncha rivojlantirib, endi nega undan voz kechishim kerak?» qabilida javob berdi. Vaholanki, davlat xizmatchisi aksiya va ulushlardan voz kechishi shart emas, balki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaydigan yechim ishlab chiqish kerak edi xolos (Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi, lekin aksiya va ulushlarga egalik qilish tadbirkorlik faoliyati emas).

Bundan tashqari, Qonunga muvofiq, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat organi xodimi o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak. Shuningdek, Odob-axloq qoidalarida ham bunday holatda o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi kerakligi aytilgan. Shu sababli ham J. Ortiqxo‘jayev o‘z intervyusida uning bir nechta kompaniyalar aksiya va ulushlari egasi ekanligidan davlat rahbarining xabari borligini ta’kidlagan. Biroq Qonun va qoidalar aslida har bir manfaatlar to‘qnashuvi holati yuzasidan rahbarni xabardor qilishni nazarda tutadi. Qonunga ko‘ra manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi kerak. Biroq, bu holatda J. Ortiqxo‘jayevning hokimlik faoliyati va biznesi bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvida aynan qaysi manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha rahbarga ma’lumot berilganligi, rahbar tomonidan esa manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish bo‘yicha chora ko‘rilganligi noma’lum. Ko‘rilgan bo‘lsa u e’lon qilinishi kerak edi.

Afsuski, normativ-huquqiy hujjatlarda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish yoki bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqilmagan. Shunga qaramay, Toshkent shahar hokimligi manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, u vujudga kelganda J. Ortiqxo‘jayevning hokim sifatidagi qaroriga ushbu to‘qnashuv ta’sirini istisno qiluvchi huquqiy mexanizmni ishlab chiqishi lozim edi. Hokimiyat ishlab chiqmagan taqdirda esa bu jarayonni Adliya vazirligi yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo Komissiyasi bunday holatni monitoring qilib, tegishli choralar ko‘rishlari kerak edi.

Manfaatlar to‘qnashuviga tegishli qoidalarni ishlab chiqish uchun kim mas’ul?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi o‘zbekiston respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2752-sonli qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Davlat organlarida manfaatlar to‘qnashuvnini monitoring qilish, aniqlash, oldini olish va bartaraf etish Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining (komissiya) asosiy vazifalaridan, deb aytish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2752-sonli qarori bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlangan bo‘lib, dasturning 27-bandida davlat organlari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash belgilangan. Ushbu takliflar tayyorlanish muddati 2018 yil 1 aprel deb ko‘rsatilgan va chora-tadbirlarga mas’ul etib Idoralararo komissiya (I. Abdullayev), Bosh prokuratura (U. Sunnatov),Adliya vazirligi (N. Jo‘rayev),Mehnat vazirligi (B. Nizomov) ko‘rsatilgan. Biroq, davlat organlari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha qanday takliflar tayyorlangani va nima choralar ko‘rilgani ma’lum emas.

Xulosa o‘rnida

Tadbirkorlarning davlat xizmatida ishlashi, yuqorida ta’kidlaganimizdek, salbiy holat emas, aksincha jihati bor. Faqatgina munosib huquqiy asos yaratilib, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarini istisno qiluvchi huquqiy mexanizm yaratilishi talab etiladi. Yuqorida keltirilgan ehtimolliklarning o‘zi qonunchilikka muvofiq manfaatlar to‘qnashuvi deb baholanib unda hokimning o‘z kompaniyalari manfaatida harakat qilmasligi choralari ko‘rilishi kerak. Bunday chorani ko‘rish mexanizmi Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilib, keyin ommaga e’lon qilinishi to‘g‘ri bo‘ladi.

Vakolatli davlat organlari ushbu holatni inobatga olib tegishli normativ hujjatlarni takomillashtirishi, Toshkent shahar hokimi esa manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlarida J. Ortiqxo‘jayev ta’sirini istisno qilishni nazarda tutuvchi tegishli choralarni ko‘rishi kerak.

Ubaydulla Xo‘jayev, advokat

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан