Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Talabaning hikoyasi («Avtobusdagi suhbatdosh» turkumidan )
4.11.2017 21:25,  
55

Otning o‘limi itga bayram (Xalq maqoli)

Doim aytaman, avtobusda yurishdan ko‘ra zavqlirog‘i yo‘q! Mardi maydonning dardi - maydonda! Ertalab shaharga borish uchun avtobusga chiqqanman. Yonimga bir yigit kelib o‘tirdi. Aytgancha, bugun hammaning yuzida tabassum. Bugun «banniy den»! Mustaqil bo‘lganimizga ham ancha bo‘lib qoldiyu, lekin baribir oldingiday ruscha so‘zlar, iboralarni ishlatamiz. Nima farqi bor? Tushunsak bo‘ldi-da. Hammom kuni demaysiz-ku.

Xullas, yoshning, qarining, erkagu ayolning kayfiyati chog‘. Paxta tugagan! Hali aytganimdek tozalik kuni. Dushanbadan talabalarga o‘qish, ishchilarga bexavotir ish. «Paxtaga chiq!» deydigan yo‘q. Qutulib oldik.

Ketyapmiz. Bilsangiz yo‘l uzoq bo‘lsa gaplashib ketganga yetmaydi. Yonimga o‘g‘il bola o‘tirganiga ham shukr. Qiz bola bo‘lsa gap otyapti deb o‘ylab umuman gaplashmasligi ham mumkin. Sekin talabani gapga soldim. Mavzu o‘z-o‘zidan paxta dalasidagi «sarguzasht»lar haqida bo‘ldi.

- Boshqalarni bilmadimu, lekin men maza qildim. Povir bo‘lib olganman. Shtabda 30 kishicha bor. Odam kam, xarajat ko‘p, ovqatni ham gulday qilasiz-da!

- Qayerda o‘qiysiz? Ja kamchiliksizlarku-a?

- Politexda, energetika fakultetida 4-kursman. Bizzi shtabda 30 kishi bor. Jami 160tacha borganmiz. Fermerni shiyponi kichikroq ekan. Sal nariroqda 50 kishicha yotib-turishdi. Bu tomonimizdagi shiyponga esa 80 kishi sig‘di. Eng kami biz.

- Oshpazlik yaxshi, ishi oson…

- Oshpazlik o‘z yo‘liga, paxtayam zo‘r bo‘lgan ekan. Oltiariqni Qiziltepasida paxta terdik. Endi qo‘yovrasiz. Zovur bor ekan, baliq ushlab kelishadi. Shuni pishirib bersang bo‘ldi, sen ham sheriksan, deyishadi. Qarabsizki - baliqxo‘rlik! Yaqinimizda do‘koncha bor ekan, sigaret, aroq deganday. Pulni o‘zimiz bilan ovolganmiz. Uch yil paxtaga chiqmagandim. Shu yili o‘rtoqlarim bir chiqqin deyishgandi chiqqandim. Gashti bor ekan aka. O‘zizam chiqqan bo‘lsangiz kerak?

- Yo‘q, nasib qilmagan, - afsuslanganday ohangda javob berdim.

- Zavxozimiz har kuni produktani obkeberadi. Man povir. Kechga yaqin baliq bilan ziyofat! Qiziltepani sanatoriyasini bilasiz, 3-4 kunda bir hammomga borib kelamiz. Bir marta bitta qizni olib bordik, bir maishat qileylik deb…

- Kursdoshlaringmi?

- Ha, o‘zimizdan. U o‘zi sal shunaqaroq edi. Bordik. Bir payt mestniylar bilan gap talashib qolib, haligi saunada oynaklar, televizor, 1-2ta boshqa narsalar sindi. Endi melisani ko‘ring. Gapga tushunmiydi. Yo‘q, har qalay kelishib oldik. 1 million shtraf qildi. 5 kishi edik. 200 mingdan tushdi. Dekanga bu gap yetib bormasin, deb iltimos qildik. Hammasi joyida. Hech kim bilgani yo‘q. 4-kurs bo‘lganingdan keyin domlalar bilan ham yaqin bo‘lib qolarkansan. Mujiklik qilishdi.

Oxirgi kunlarga borib paxta kamayib qoldi. Oma g‘o‘zasiyam naq belgacha keladida! Ja unchalik egilish yo‘q. Boshida 40-50 kilogacha terishdi. Keyin-keyin 20 kilo, 10 kiloga tushib ketdi. Bizni baxtimiz bor aka. O‘zi man omadli bolaman shekilli…

- Nima bo‘ldi?

- Bir kuni shu har doimgidek ovqat qilyatuvdim. Uzoqdan traktorni ko‘rdim. Sal yaqinlashdi. Endi uni ko‘rmasam ham sezib turibman. Ishim bilan ovoraman. Bir payt ovozi o‘chib qoldi, lekin o‘tib ketgani yo‘q. O‘tsa yonimdan o‘tardi. Boshimni ko‘tarib qarasam traktor yo‘q. Burilib ketibdi-da, desam, domlalar o‘sha tomonga yugurishdi. Ovqatni damlab qo‘yib yugurdim. Borsam zovurga haligi traktor ag‘anab ketibdi. O‘sha kunlari suv to‘lib oqqan endi, traktor suvda. Dekan tosh bilan oynasini sindiribdi, traktorchini tortib olishibdi. U-bu qilishdiyu, odam ko‘p, tushunmay qoldim, yo‘q bo‘lmadi, traktorchi o‘lib bo‘libdi.

Zerikarli suhbatdosh chiqib qoldi-ku deb turgan edim, «o‘ldi» degan gapni eshitib qo‘rqib ketdim. Hayron bo‘lib «yo‘g‘e?!» deb so‘radim.

- Ha, o‘lib qopti. Endi tepadan shuni sabab qilgan bo‘lsa o‘ladi-da. Lekin yaxshi ish bo‘lmadi. O‘sha kuni diskoteka bo‘lmoqchiydi, qoldirildi.

- Yoshi kattamidi?

- Shu 45larga kirgan bo‘lsa kerak. Yangi chiqqan traktorlarni bilasiz, ruliga yog‘ tomizib turish kerak. Shu, qaramay qolsangiz, bir chekkaga kirib ketasiz. Zovurga ag‘anagan endi, odam to‘plangan. Melisadan, hokimiyatdan odamlar kelgan. Hammasi o‘shetta. Avtokran olib kelishdi. Kranda traktorni ko‘tarib chiqarishdi, orqasida ikki pirsep jiq to‘la paxtasi bilan ekan. Paxtani yarmi suvda. Hamma ketdi. O‘rtoqlar bilan paxtani qolganini obchiqdik. Quritib o‘zimizni shiyponga topshirvordik. Ancha yengil bo‘ldi.

- Nima yengil bo‘ldi?

- Qarzlarni aytaman. Bo‘masa hozir qarzlar ko‘payib ketardi. Endi o‘ylab qo‘yovring, bir pirsep paxtani bo‘lishib topshirvormasak, fermer ovqat puli, deb miyani yevorardi.

- Qarz yo‘q, shunga xursandman deng? – kulib qo‘ydim.

- Hozir gde-to 2 million qarzmiz. Bu endi unchalikmas. Stipendiyada hammaga bo‘ladi, 2-3 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. Lekin 3 yil bormaganimga afsus qildim. Sanatoriy ekanu, paxta. Har kuni maishat! Haligindaqa bir-ikkita traktorchi o‘lib tursa, paxta osongina keladi. Eh… Dushanbadan o‘qish. – u shunday deb chuqur nafas olar ekan, atrofga, avtobus oynasidan tashqariga qarardi.

- I-ye, mani tushadigan joyim, shopir aka, to‘xtatvoring! Bo‘pti, aka, gaplashamiz.

- Sog‘ bo‘ling…

Aytdimku, avtobusda ketish yaxshi deb. Har xil sarguzashtlarni eshitib ketasiz. Hozir paxta mavsumi, bunday hikoyalarni tez-tez eshitishga to‘g‘ri keladi.

2009 yil, noyabr

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан