Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ta’limning asosiy to‘sig‘i – tarbiya(mi?)
12.03.2020 11:33,  
1180

Butun dunyoda ta’lim eng katta najotkor ekanligi birdek tan olingan holda ta’limni yuksaltirishga katta e’tibor qaratilyapti. Shunga yarasha, O‘zbekistonda ham ta’lim dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Ammo insonlarda ta’limdan qoniquv hissini ham, ta’limning ko‘zlangan natijalarga erishayotganini ham guvohi bo‘lmayapmiz.

Barcha balandparvoz gaplardan xoli ravishda ta’limning hozirgi ahvoliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ko‘plab muammolarga duch kelamiz. Gap esa muammoda emas, uni keltirib chiqargan sabablarda.

Nega bizda ta’lim qoniqarli emas?

Yetarlicha jihozlar bilan ta’minlanmaganlik, kadrlar sifati va sonidagi yetishmovchilik, dars o‘tish uslubiyatining eskirib qolib, zamon talablariga javob bera olmay qolganligi va boshqa kamchiliklar barchamizning ko‘z o‘ngimizda ko‘rinib turibdi. Ammo yana bir e’tibor qaratilmaydigan jihat ham borki, hozir men asosiy mavzuni shunga bag‘ishlamoqchiman. Bu - ta’limning rivojlanishiga uning ichidan turib qarshilik qilayotgan, uning ahamiyatini ikkinchi o‘ringa tushirib qo‘yayotgan qo‘shtirnoq ichidagi «tarbiya»dir.

Maktab davridanoq o‘quvchiga ta’lim va tarbiya birga olib borishi kerakligi va ko‘p hollarda tarbiya ta’limdan ustunligi uqtirib boriladi. Oliygohga o‘qishga kirgan talaba ham bu «tizim»dan tashqariga chiqib ketolmaydi.

Shunday ekan, avvalo o‘ylab ko‘raylik, tarbiya o‘zi nima? Bizda tarbiya prioritetlari to‘g‘ri belgilanganmi?

Tarbiyalash jarayoni bu mentalitetga xos qadriyatlarni singdirish jarayonidir, deb hisoblaydigan bo‘lsak, bu o‘rinda mentalitetning o‘ziga xos kamchiliklari ham tarbiya sifatida o‘rgatib kelishiga guvoh bo‘lamiz. Og‘riqli nuqta shundaki, o‘z qadriyatlaridagi kamchiliklarni tanqid qilishga ruxsat bermaydigan mentalitet insonlari hech qachon qadriyatning kamchiliklari to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rolmaydi.

Fikring haq bo‘lganida o‘qituvchiga qarshi chiqish, muallimning fikriga zid bo‘lgan mustaqil fikringga ega bo‘lish, tahliliy va tanqidiy fikrlash kabi xususiyatlarga ega bo‘lgan iqtidorli o‘quvchini soxta tarbiya va qadriyatlar niqobi ostida «o‘zingdan kattaga gap qaytarma», «avvalo hurmatni saqlashni bil», «o‘zingni yuqorida tutma» kabi so‘zlar bilan to‘xtatib qolish o‘quvchidagi ta’limga bo‘lgan intilishni o‘ldirib qo‘yadi.

O‘quvchiga bilimdan ko‘ra o‘zini qanday tutishni bilish ko‘proq ahamiyatli bo‘lgan xislat kabi tuyula boshlaydi. O‘quv muassasalaridagi bunday sharoitga ko‘nikkan o‘quvchilar ishni eng avvalo fanlarni o‘zlashtirishdan emas, balki muassasaning «siyosat»ini o‘rganishdan boshlaydi. O‘quvchi uchun eng muhimi fanni o‘rganish emas, balki o‘qituvchida qanday qadriyat va tamoyillar ustunlik qilishini o‘rganib chiqish bo‘lib qoladi. O‘qituvchi undan istagan asosiy narsa bilimdan ko‘ra o‘zni tutishning ma’lum normalari bo‘lsa va baho olishda ham mana shu normalarga amal qilish holati asosiy rolni o‘ynasa, o‘quvchi istar-istamas bilim olishni asosiy o‘rinda ko‘rmay qo‘yadi. Qarabsizki, ta’lim o‘z-o‘zidan ikkinchi o‘ringa tushib qoladi.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Soxta qadriyatlar keng miqyosda tarqalgan jamiyatimizda, jinoyat ildizlari bo‘lmish harakat ham qadriyatdek ko‘rilishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar uchrab turadi.

Yuqorida aytganimiz, muassasa «siyosat»ini o‘rganib olgan o‘quvchi uchun tilyog‘lamalik, tanish-bilishchilik yoki korrupsiya o‘quv jarayonidagi ado etilishi eng kerakli bo‘lgan harakatlar sifatida ko‘rilishi mumkin. O‘quvchilarni muassasa siyosatiga amal qilmaslikda, tarbiyasizlikda ayblash va ularni qo‘rqitish, faqatgina baho yoki diplom uchun o‘qiydigan o‘quvchini shakllantiradi. Diplom vosita emas, maqsadga aylangan nuqtada vositalar faqatgina ta’lim olishni emas, balki ko‘plab muloyim yoki qing‘ir yo‘llarni ham o‘z ichiga oladi.

Ta’lim va tarbiya bir-biridan alohida tarzda emas, balki birgalikda olib borilishi qanchalik to‘g‘ri?

Tarbiya masalasiga doir alohida fanlar bo‘lgani holida, boshqa ko‘plab fan o‘qituvchilari ham nafaqat ta’lim, balki tarbiya berish bilan ham shug‘ullanishi uchrab turadigan hodisa. Matematika o‘qituvchisi butun boshli darsni bolaga sho‘xlik qilmaslik to‘g‘risidagi va’z bilan o‘tkazsa, qanday o‘quvchi yetishib chiqishi mumkin? Tarbiyali ammo bilimsiz kadrmi? Ta’lim va tarbiya alohida tushunchalar sifatida qaralmas ekan, ikkovining bir-biriga ta’siri salbiy ko‘rinishda bo‘lib qolaveradi.

Biz bu yerda tarbiyaga emas, balki tarbiya niqobi ostida ta’limning ahamiyatini tushirib, muallim va o‘qituvchi orasida noteng muhitni ta’minlaydigan, hur fikrli, yaratuvchan kadrlar yaratish o‘rniga bo‘ysunuvchan xarakterdagi kadrlarni tayyorlashga undaydigan soxta tarbiyaga nisbatan o‘z fikrlarimizni keltirib o‘tdik.

O‘quvchi bilimiga baho berishda uning tarbiyasini, tarbiyasiga baho berishda esa uning bilimini hisobga olish o‘quvchining ko‘nglini yo tarbiya yo ta’limdan qolishiga olib keladi. Ta’lim va tarbiya bir-birini inkor etmaydigan, bir-biriga ta’sir etmaydigan ikki mezon bo‘lsagina, biz kutgan kelajak avlod kelishi mumkin. Aks holda, jaddalashib borayotgan dunyoda insonni yuksalishiga yo‘l qo‘ymaydigan tizim orqali oldinga emas, balki orqaga qarab harakatlanayotgan bo‘lamiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан