Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Tarbiya va ta’lim milliy taraqqiyotimiz asosidir" — Alisher Qodirov.
27.09.2021 21:50,  
227

Milliy istiqlolimiz yo‘lida jon fido qilgan jadidchilik maktabining asoschilaridan biri Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat o‘zi tashkil etgan “Tong” jurnaliga “Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas” degan shiorni tanlagan ekan.

Avloniy bobomiz esa: “Ta’lim-tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degandi.

Bunday yondashuvlar har qanday zamon va makonda ham tarbiya masalasiga dolzarb masalalardan biri sifatida qaralganini ko‘rsatadi.

Agar keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar chuqurroq tahlil etilsa, ta’lim tizimini, ayniqsa, birlamchi tarbiya o‘chog‘i sanalgan maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu Yangi O‘zbekistonda ham ta’lim-tarbiya hayot-mamot masalasiga aylanganidan dalolat, albatta.

O‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq “Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi” shioriga amal qilayotgan partiyamiz dasturida ham ushbu masala bosh yo‘nalish sifatida tanlab olingan.

Shuning uchun ham saylovoldi dasturimda bola tug‘ilganidan to maktabni tugallagungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim davlat dasturini ishlab chiqish hamda “Oila – bog‘cha – maktab” tizimini yo‘lga qo‘yishga doir taklif va tashabbuslarni ilgari surdim. Bunda oilada sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiyani to‘g‘ri tashkil etish uchun 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlab, ularga alohida maqom va mas’uliyat yuklatilishini ham taklif qilyapman.

Shu o‘rinda bog‘chalarning davlat tomonidan moliyalashtirilishi va bog‘cha davridagi oxirgi yilning majburiy bo‘lishi ham nihoyatda muhim ekanini aytish joiz.

Biz pedagoglarning oylik maoshlarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham partiyamizning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashdik. Ya’ni, bizningcha, sohada pedagog degan yuksak nomga munosib bo‘lgan odamlargina ishlashi kerak. Buning uchun eng avvalo soha uchun kadrlar tayyorlab beradigan OTMga alohida ahamiyat beramiz.

         Tan olaylik, uzoq yillar mobaynida tarbiyachi, pedagog va o‘qituvchilarga zarur sharoitlar bo‘lmadi. Yillar davomida yo‘l qo‘yilgan ana shunday xatolar aynan bugunga kelib, tarbiya va ta’limning abgor holatga tushib qolishiga olib keldi.

O‘g‘il qizimiz yoxud nabiralarimizga tarbiya berayotgan, Navoiy va Fuzuliydan g‘azallar o‘qishni o‘rgatayotgan muallimga esa kerakli munosabat bo‘lmadi. Ming shukrki, keyingi yillarda ana shu xatolar tan olina boshlandi va sohaga bo‘lgan munosabat davlat darajasida o‘zgardi.

Partiyamizning maqsad va ilgari surayotgan g‘oyasidan kelib chiqib, saylovoldi dasturimda ana shu masalalarga ustuvorlik berildi. Ezgu niyatimiz maktablarda boshqaruv, o‘qituvchiga munosabat va tarbiya-ta’lim ishlarini tashkil etishni tubdan o‘zgartirish. O‘qituvchilarga o‘z mutaxassisligidan tashqari boshqa fanlardan dars berish tartibini ham bekor qilishdir.

Toki o‘qituvchi o‘z ishini zavq bilan, sevib amalga oshirsin, og‘ir mehnati har tomonlama qadr topayotganini his qilsin. Dars mavzusi bo‘yicha dunyoda bir soat avval qanday yangiliklar yuz bergan bo‘lsa, shuni ham biladigan darajada faol bo‘lsin. Buning uchun esa maktab ma’muriyati o‘qituvchiga zamonaviy vositalar va shinam muhit yaratib berish haqida o‘ylashi kerak. O‘qituvchi darsini berib bo‘ldimi, xohlasa kutubxonaga, xohlasa uyiga ketsin. Qayer uning uchun qulay bo‘lsa, o‘sha yerda oilasi, ishi, o‘quvchilari haqida o‘ylasin, o‘tgan darslari uchun hisobot to‘ldirish haqida emas!

Shu o‘rinda bir masala: umumta’lim maktablarida yangi joriy qilingan “Tarbiya” fanini ko‘pincha geografiya, matematika yoki tarix fani o‘qituvchilari o‘tmoqdalar. Vaholanki, bu fanni pedagogika, psixologiya, fiziologiya, diniy va umuminsoniy qadriyatlarni mukammal o‘zlashtirgan “tarbiyachi”lar o‘tishi kerak. Shu sababli, pedagogika oliygohlarida 2 toifada, ya’ni boshlang‘ich (0-7 yosh) va o‘smirlik (8-18 yosh) davri tarbiyachisi ixtisosliklari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishini eng muhim vazifalardan deb hisoblaymiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, maktab o‘quvchisi maktabdayoq maktabdan keyingi hayotiga tayyorlanishi kerak. 6-sinfdan boshlab o‘quvchilarning ilmga layoqati borlari bilan alohida va tadbirkorlikka layoqati borlar bilan alohida dasturlar asosida ish olib borish bugungi kunning eng muhim talabidir. Ya’ni, bu jarayonda ota-onaning “orzu-havaslari” bola taqdirini hal qiluvchi omilga aylanmasligi kerak. “O‘qib odam bo‘larmiding!” degan qarash ham, “Men o‘qimadim, bolam o‘qisin” degan qarash ham o‘quvchining tasniflanishiga ta’sir ko‘rsatmasligiga erishishimiz lozim. Qolaversa, nihoyat biz ham faqat oliy ma’lumot – farovonlik garovi,  degan qarashdan voz kechishimiz kerak. Masalan, Xitoyda maktab bitiruvchilarining 30-35 foizi oliy ma’lumot olish uchun harakat qilsa, qolgan bolalar o‘zlarini tadbirkorlikka urarkan.

Bularning barchasi pedagoglar, o‘qituvchilar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Albatta, demak, bu jarayonda o‘qituvchilarga rag‘bat kerak. Shuning uchun ham ish haqlarini kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanishini taklif qilyapmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, maktabda o‘qituvchilarning yangi avlodini yaratish, oliygohlarda o‘z sohasining yetuk mutaxassislari dars berishini ta’minlashni eng ustuvor vazifa hisoblaymiz.

Ta’lim va tarbiya haqida gap ketganda oliy ta’lim tizimidagi bugungi holatga munosabat bildirmaslik mumkin emas.

Ta’kidlash lozim, keyingi yillarda tizim juda katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Xususan, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 28 foizga ko‘tarildi. OTMlar soni ko‘paydi. Ammo tizimdagi muammolar tahlili tub islohotlar o‘tkazish lozimligini ko‘rsatyapti. Shuning uchun ham dasturimizda Oliy ta’lim vazirligini tugatish va uning o‘rniga Prezident huzurida rektorlar kengashini tuzish taklif etilyapti. Bu ushbu tizim davlat tasarrufidan chiqariladi, deganidir.

Ayrim yurtdoshlarimiz balki bu taklifga e’tiroz bildirishar, ammo bugun dunyoda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham kirish oson, ammo o‘qish qiyin bo‘lgan ta’lim tizimiga o‘tilishi kerak. Busiz kutilgan darajaga erishib bo‘lmaydi.          

 Shuni tan olishimiz kerakki, XXI asrga kelib, globallashuv jarayonlarini boshidan kechirayotgan dunyoning birlamchi muammosiga aylangan ma’naviy tanazzul insoniyatning ma’naviyat va tarbiya borasidagi xatolari natijasi deya e’tirof etilmoqda.

Bugunga kelib, eng rivojlangan va eng demokratik davlatlarda ham “boy berilgan avlod” muammosi kun tartibidan tushmay qoldi, bu esa oila, bog‘cha va maktabda tarbiya ikkinchi darajali masalaga aylangani bilan bog‘lanyapti.

To‘g‘ri, bir qator davlatlardagi erkin hayot bilan sharqda tarbiyalangan jamiyat axloqi, turmush tarzida osmon bilan yercha farq bor. Ammo ko‘hna qit’aning ba’zi bir davlatlarida yana azaliy qadriyatlarga qaytilayotgani tarbiyani har qanday masaladan yuqori qo‘yila boshlaganidan darak beradi. Ana shularni e’tiborga olgan holda tarbiya va ta’lim masalasini eng ustuvor masala sifatida tanlab oldim.

Dasturimga hatto millionlab yurtdoshlarimizga, ularning ongiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasir etib, dunyoqarashlarini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan milliy kinoindustriyani isloh qilish masalasigacha kiritilgan.

Agar joriy yilning 24 oktyabrda bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovda menga ovoz bersalaringiz, barcha zamonlarda hayot-mamot masalasi sanalgan tarbiya va ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat bilan bog‘liq vazifalarni to‘la bajarishga va’da beraman.

Alisher QODIROV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan

O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirovga ovoz bering!

 

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан