Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tarix saboqlari yoxud go‘sht narxiga davlat aralashuvi qanday oqibatlarga olib kelgani xususida ekspert fikri
27.07.2017 14:47,  
114

Narxlarning shakllanishiga davlatning aralashuvi va uni nazoratga olishi mamlakat farovonligi uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida maqola Kommersant.uz saytida e’lon qilindi.

Muallif haqida: Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medison (AQSh) dagi Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti. 2016 yil mayidan Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlab kelmoqda. Viskonsin universiteti iqtisodiyot magistri, Singapurdagi Nanyang texnologik universiteti bakalavri darajasiga ega. AQSh Federal Zaxira Tizimi tomonidan 2015 va 2016 yillarda monetar siyosat sohasida eng yaxshi takliflar tanlovida Viskonsin universiteti jamoasi vakili sifatida ishtirok etgan.

Argentina — iqtisodiyot fani o‘qituvchilari uchun ham, tadqiqotchilar uchun ham sevimli misol. Bu mamlakat XX asr boshlarida jahonning eng boy davlatlari o‘nligiga kirgan, hozirda esa yuzlikdan zo‘rg‘a joy olgan — 90-o‘rin. Barqaror iqtisodiy o‘sish haqida gap ketganida, aynan Argentina misoli bizga «yomon holat» juda cho‘zilishi mumkinligi, yorqin kelajak yoki rivojlanayotgan iqtisodiyotni rivojlangan iqtisodiyotga aylantirish uchun hech qanday kafolat yo‘qligini yaqqol ko‘rsatib beradi. Siyosiy iqtisodiyot nuqtai nazaridan bu mamlakat bilan (yaqin-yaqingacha) nimalar ro‘y bergani haqida uzoq hikoya qilib berish mumkin. Siyosiy iqtisodiyot yoki iqtisodiy rivojlanish borasidagi universitet kurslari Argentina masalasiga bir necha kunlik ma’ruzalar ajratadi, chunki bu mamlakatning ana shunday noordinar iqtisodiy (va siyosiy) tarixi bor.

So‘nggi 100 yil ichida Shvetsiya va Argentina YaIMining o‘sish grafigi. Manba: republic.ru

Muvaffaqiyatsiz iqtisodiy siyosatidan tashqari Argentina bizga Janubiy Amerikaning madaniy markazi sifatida mashhur. XX asr adabiyotida Argentinaning roli XIX asr rus adabiyoti bilan baslasha oladi. Adabiyot va futboldan tashqari bu mamlakat go‘shtni grilda tayyorlash — asado an’analari bilan ham mashhur. Argentina har doim yuqori sifatli, og‘izda eriydigan, mahalliy fermerlar va aholining faxri bo‘lgan mol go‘shti bilan taniqli bo‘lib kelgan. Yaxshilab qovurilgan ana shunday go‘sht bo‘lagining dasturxonida bo‘lishi — har bir argentinalikning deyarli tug‘ma huquqi. 90-yillarda bu mamlakat prezidenti Amerika nashrlaridan biriga intervyu bera turib hattoki shunday degan: «Agar mushtariylaringiz vegetarian bo‘lishsa, mening mamlakatimga qadam bosishmasin». Chorvachilik va oshxona san’atining shuhratli an’analalari poyonsiz yaylovlarda qoramol yetishtirayotgan fermerlarni haqiqiy qahramonga aylantiradi, ular haqida o‘nlab qo‘shiqlar va kinolar yaratilib, ularning mehnati va turmushi madh etilgan.

Foto: MercoPress

2005 yilda Argentina jahonda mol go‘shti eksport qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinda bo‘lgan. Mollarning boshi muttasil oshib borayotgan, chorvachilik sohasiga investitsiyalar yuqori sur’atlarda kengaya borayotgan edi. AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) ning prognozlariga ko‘ra, go‘sht yetishtiruvchilarning bunday o‘sishi va samaradorligi hisobga olinadigan bo‘lsa, bir necha yildan so‘ng Argentina mol go‘shti yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha jahonda mutlaq birinchi o‘ringa chiqib olishi kerak bo‘lgan. Bu sohaga investitsiyalarning ortishi tufayli boshqa sohalar ham shiddat bilan rivojlana boshlaydi: yem ishlab chiqarish, transport logistikasi (dengiz va quruqlikda), kushxonalarning innovatsion usullari, sovutkichlar sanoati, bug‘langan go‘sht va kolbasalar ishlab chiqarish deysizmi, hattoki konservalash uchun jez bankalar ishlab chiqarish sanoati ham ravnaq topadi. Hamma absolyut shov-shuvni kutayotgandi, investitsiyalar esa bir zum to‘xtamayotgandi.

Lekin o‘sha mash’um kunda — 2006 yilning 8 martida Argentina prezidenti Nestor Kirshner narxlarning doimiy oshib borayotganini oldini olish uchun mol go‘shti eksportini 180 kunga taqiqlash haqida qat’iy chora qabul qiladi. Taqiq «Go‘shtni eksport sektoridan mahalliy bozorga qaytarib, uni oddiy argentinaliklar bemalol xarid qila oladigan darajaga tushirish» maqsadida joriy etildi, deb yozgandi o‘shanda The Economist jurnali.

Bu taqiq birdaniga ro‘y bermadi, avvaliga hukumat «Go‘sht hamma uchun» deb nomlangan dastur doirasida go‘sht narxi oshib ketishi oqibatlarini yumshatish maqsadida Buenos-Ayresda mol go‘shtining o‘ndan ziyod nomdagi mashhur bo‘laklarini past baholarda taklif eta boshlaydi. Dasturga ko‘ra, eksport qilinayotgan har 2,5 tonna go‘shtga, mahalliy bozor uchun eksport narxining 50 foizi miqdorida 1 tonna go‘sht chiqarilishi kerak bo‘lgan. Shunday qilib, fermerlar ichki bozorga imtiyozlar taqdim eta boshlashgan. Kutilganidek, bu dastur mutlaqo samarasiz bo‘lib chiqadi.

Bu choralar bilan birgalikda hukumat eksport bojini 5 foizdan 15 foizga ko‘tarib qo‘yadi, buning oqibatida argentinaliklarning go‘shti eksport boji to‘lanmaydigan Merkosur (Braziliya, Urugvay va Paragvay) dagi hamkorlariga nisbatan raqobatbardosh bo‘lmay qoladi. Narxlar prezident kutgan darajaga tushmaydi va 2005 yilning oxirida hukumat va go‘sht ishlab chiqaruvchilar (shuningdek sotuvchilar) o‘rtasida uzoq muzokaralar boshlanadi. Hukumat yetarli darajada siyosiy va axborot bosimi o‘tkazib, 2006 yilda 2005 yilga nisbatan eksport hajmini 20 foizga qisqartirish haqidagi bitimga erishadi, biroq amalda bu yuz bermaydi. Ayanchli oqibatlardan so‘ng hukumat taqiqni yumshata boshlaydi va 26 mayga borib (78 kundan so‘ng) eksportga taqiq olib tashlanadi, buning o‘rniga kvotalar joriy etiladi.

2005–2013 yillar oralig‘ida taqiq va keyin joriy etilgan kvotalar natijasida mol go‘shti eksporti hajmi 76 foizga qisqarib ketadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bu sektorga investitsiyalar tiklab bo‘lmas darajada to‘xtaydi, 2006 yildan 2010 yilgacha qoramollar soni 28 foizga qisqaradi. Bugungi kunga kelib, eksportga taqiq olib tashlanganidan 11 yil (!) o‘tib, hanuzgacha qoramollar soni 2006 yildagidan ancha past. Yirik shoxli qoramollar sonining qisqarishi go‘sht narxining keskin oshishiga olib keladi. Bozor oshib borayotgan talabni qondirishga tayyor emas edi va narxlarning yanada o‘sishi bilan javob qaytaradi. Boz ustiga, qandaydir vaqt oralig‘ida Argentina hattoki go‘sht import qila boshlaydi.

Foto: Worlwildlife.or

Investitsiyalarning to‘xtashi, korxonalarning yopilishi, ish o‘rinlarini yo‘qotilishi, yo‘ldosh sanoatlarning barbod bo‘lishi — prezident va hukumat tomonidan qo‘llanilgan, «ijtimoiy yo‘nalgan» ana shunday choralar oqibatlarining qisqacha ro‘yxati. Sociedad Rural Argentina iqtisodiy tadqiqotlar instituti rahbari Luis Migel Etcheverening so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil «yo‘qotilgan o‘n yillik» bo‘lgan, bu davrda sun’iy arzonlashtirilgan mol go‘shti «sohaning raqobatbardoshligi»ga putur yetkazgan va yirik shoxli qoramollar sonining 12 million boshga qisqarishiga sabab bo‘lgan. Bugunlik kunda Argentinada go‘sht prezident istaganidan arzon ham bo‘lib qolmadi, bir vaqtlar jahondagi eng yirik go‘sht eksportchisi esa ro‘yxatda 12-o‘ringa tushib ketdi.

Bu intervensiyaning iqtisodiy oqibatlari mutlaqo halokatli bo‘ldi: faqatgina mol go‘shti eksportidan yo‘qotishlar milliardlab dollar bilan o‘lchanmoqda. Iste’molchilarning ko‘pligidan yo‘qotishlar, ishsizlik va yopilgan korxonalar tufayli ro‘y bergan yo‘qotishlarni hisoblash qiyinroq. Bu mavzuda bir necha ilmiy maqolalar e’lon qilingan va ulardagi xulosalar aslo optimistik emas: umumiy iqtisodiyotga yetkazilgan zarar juda ulkan va tiklanish uchun juda uzoq vaqtni talab etadi. Bu avantyuraning nufuzga daxl qiluvchi chiqimlari (shartnomalarni bajara olmaslik va investorlarning puli havoga sovurilishi) ni qoplash uchun argentinaliklarning yana bir necha avlodi tovon to‘lashadi.

Ushbu hikoyadan muddao shuki, qandaydir cheklovlar, davlatning aralashuvi yoki narxlarning nazorati qilinishi (bu misolimizda go‘sht ishlab chiqaruvchilar uchun) mamlakat farvonligi uchun uzoq yillar ayanchli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda go‘sht va go‘sht mahsulotlariga narxlarning oshib borayotganiga guvoh bo‘layapmiz va Argentina sabog‘i bu yerda juda muhim. O‘zing xatoga yo‘l qo‘yib, o‘rgangandan ko‘ra, birovning xatosidan saboq olgan yaxshiroq.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан