Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tarqoq bo‘lib yurgan millat xalqqa aylanyapti. Ammo...
3.05.2020 02:02,  
5071

Buxoroda uylarning tomini uchirib ketgan shamol tabiiy ofat, Sirdaryodagi Sardoba suv omborining devori o‘pirilib, suvi tashqariga otilib, toshib chiqishi esa texnogen falokat (avariya).

Tabiiy ofatlardan hech kim kafolatlanmagan. Masalan, shamol keltirib chiqaradigan tornado va dovullarga (sunami) AQSh kabi qudratli davlatlar ham qarshi tura olmaydi: tabiiy ofat o‘tganidan keyin aybdor qidirilmaydi, vayronalar davlat zaxiralari hisobidan tiklanadi.

Ammo hech qanday zilzila, o‘rmon yong‘ini yoki boshqa bir, insonni ojiz qoldiradigan tabiat hodisasi yuz bermasa ham suv omborining devori qulab tushsa, buning uchun uni qurganlar ham, nazorat qilganlar ham sud oldida javob beradi. Bunda ularning ijtimoiy kelib chiqishi, kimgadir yaqinligi/qarindoshligi hisobga olinmaydi. Natijada keyingi suv ombori yoki shu kabi yirik inshoot qurilishini o‘z zimmasiga olgan tashkilot va shaxslar nimaga mas’ulligini yaxshi his qiladi, ishni sifatli bajaradi.

Bizda holat qanday?

2015 yil 8 avgust kuni Urganchdagi "Yoshlar ko‘li"da ko‘prik panjarasi sinib ketib, o‘ndan ziyod odam suvga cho‘kib o‘ldi. Uni tekshirish uchun komissiya tuzildi, ammo hodisa uchun javobgar shaxs ma’lum qilinmadi.

2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metrosining yangi qurilayotgan "Yunusobod" bekati yaqinida tuproq o‘pirilib, qurilishda ishlayotgan 6 kishi halok bo‘ldi. Hodisa oqibatlarini o‘rganish uchun maxsus hukumat komissiyasi tuzildi. Biroq haligacha bu komissiya xulosalari e’lon qilinmadi: falokat nega ro‘y berdi, bunga kim aybdor, kimlar javobgarlikka tortiladi, degan savollarga hanuz javob yo‘q.

2020 yil 1 may kuni tongda Sirdaryodagi Sardoba suv omboridan ba’zi rasmiy nashrlar ta’biri bilan aytganda "suv sizib chiqdi" – aslida esa yetmish mingdan ortiq insonni o‘z uyidan ko‘chirishga sabab bo‘lgan loyqa suv yuzlab gektar yerni bosdi. Bu voqea bo‘yicha "Kim yoki qaysi tashkilot aybdor?" – degan savol hali berilmadi. Ammo suv omborini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan "O‘zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati allaqachon o‘zini oqlashni boshlab yuborganmish: "Sardoba biz tashkil topishimizdan avval qurib bitirilgan"

Fikrimcha, mana shu suv omboridagi texnogen falokat sabablarini to‘liq o‘rganish, natijalarni ommaga ochiq e’lon qilish va uning aybdorlarini jazolash O‘zbekistonning qurilish sohasida tub burilish bo‘ladi. Agar shunday qilinsa, albatta. Aks holda, ayni kunlarda mamlakatda qurilayotgan 7-8 ta yangi suv omborlari taqdiri ham xavotirli bo‘lib qoladi.

"Hozir aybdorlarni qidirish emas, jipslashish muhim" degan chaqiriqlarni ko‘rdim. To‘g‘ri, bu muhim – koronavirus karantini boshlanganidan beri odamlar bir-biriga ancha qayg‘uradigan bo‘lib qolgandi, kecha va bugun esa Sirdaryoga to‘xtovsiz yordam ketayotganini ko‘rib, bunga o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘lib, "Shu paytgacha bo‘linib, tarqoq bo‘lib yurgan millat xalqqa aylanyapti", deb o‘yladim. Ammo falokat aybdorlarini topish davlatning vazifasi va buning xalqning jipslashuviga aks ta’siri yo‘q.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан