Tashqi ishlar vazirligi «mum tishlab» turgan masalaga Madaniyat vaziri munosabat bildirdi

Tashqi ishlar vazirligi «mum tishlab» turgan masalaga Madaniyat vaziri munosabat bildirdi

Avvalroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonning ichki siyosatiga qo‘pol ravishda aralashib, O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat bildirgan edi.

Rossiya TIV rasmiysi O‘zbekistonning ichki siyosatiga qo‘pol ravishda aralashdi (video)

Davlat tilida ish yuritilmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi mumkin

Zaxarova rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari kam ekanligini aytgan. Uning so‘zlari barcha jamoatchilik vakillari, blogerlar va bir qancha deputatlar tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olindi Rossiya rasmiysining bu masalada fikr bildirishga haqqi yo‘qligi aytildi.

Lekin, O‘zbekistonning xalqaro aloqalari va tashqi siyosatiga mas’ul bosh idora – Tashqi ishlar vazirligi bu masalada hali ham sukut saqlamoqda.

Shunga qaramay, Zaxarovaning fikrlariga hukumat vakillari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z munosabatini bildirishga jur’at topa oldi.

— So‘zlarimni yaqin tarixdan boshlamoqchiman. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov yurt mustaqilligini e’lon qilganda, zalda o‘tirganlarning aksariyati do‘ppi kiygandi. Oradan hech qancha o‘tmay boshdan do‘ppilarni yechdik. Bu voqeani nega esladik? Gap shundaki, biz mustamlaka paytida qadriyatlarimizni avaylashga ko‘proq urinardik. Chunki ularga ochiq tahdid bor edi. Tahdidlar ko‘tarilgach esa ushbu masalada xotirjamlikka berildik. Mumtoz musiqamiz, urf-odatlarimiz, milliy raqslarimiz-u, madaniy merosimiz, atlas-u do‘ppilarimizni saqlab qoldik, deya ularga e’tiborimiz susaydi. Jumladan, millatimiz ko‘zgusi bo‘lgan tilimizga ham...

 

Kuni kecha OAVda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan o‘zbek tiliga daxldor qonun loyihasi muhokamaga kiritilishiga doir munosabati e’lon qilindi. Avvalo, yurtimizda o‘zbeklar bilan tinch-totuv yashab kelayotgan ko‘p sonli rus millati vakillariga, ularning tili va madaniyatiga chuqur ehtiromimni bildirgan holda bu boradagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Va shuni alohida ta’kidlab o‘tamanki, shaxsan men madaniyat targ‘ibotchisi sifatida Davlat (O‘ZBEK) tili ustuvorligini ta’minlovchi qonun qabul qilinishi tarafdoriman va unga amal qilishga tayyorman.

Men til masalasining MILLATIMIZ orasida har qancha muhokama qilinishiga qarshi emasman. Buni yoqlayman ham. Bu bizning ichki va faqatgina xalqimizga xos masalamiz. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning ilk kunlaridanoq tashqi siyosat borasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga qat’iy amal qilib kelmoqda. O‘z navbatida ichki siyosatda yechim topiladigan masalalarda o‘ziga nisbatan ham xuddi shu tamoyil qo‘llanilishi tarafdori.

Mariya Zaxarovaning fikrlari, avvalo, mana shu me’yor chegarasini oshib o‘tish sifatida baholanadi. Tilimizga nisbatan ko‘rsatilayotgan ta’sir madaniyatimizga aks javobning ilk qadamidir. Bunga insoniyat tarixida yetarlicha dalillar bor. Til – o‘zini hurmat qilgan har qanday millat uchun eng bebaho qadriyatdir. Qadriyatini yo‘qotgan millat esa o‘zligini yo‘qotadi. Sobiq sho‘rolar davrida rus tili maqomini ko‘tarish maqsadida o‘zbek tilini mensimaslik, uni yo‘qotishga bo‘lgan urinishlar, afsuski, oz bo‘lsa-da, samara bergan. Va hali-hanuz biz uning ta’siridan chiqib ketolmayapmiz.

Qaysi tilda muloqot qilish albatta har bir fuqaroning shaxsiy huquqi va bu qonun bilan himoyalangan. Lekin Davlat tili maqomi haqida so‘z borar ekan bu boradagi har qanday qonunda faqat va faqat O‘ZBEK TILIning ustuvorligi aks etishi shart!

Zaxarova xonimning aytishicha, rus tili filologiyasini o‘qitish, ruscha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi. Albatta, xorijiy tilni o‘rganishning foydasi bo‘lsa borki, zarari yo‘q. Biroq til to‘g‘risidagi qonun loyihasi ozchilik tomonidan ma’qullangan, degan fikriga qo‘shilmayman.

O‘zbek tili bu – Navoiy bobomiz tili. Amir Temur, Buxoriy kabi ulug‘larimiz tili. U shunchalar mukammalki, bunga ortiqcha dalil va sharh shart emas. Rus tilining adabiy durdonalari, Pushkin, Lermontov, Tolstoylarning asarlari o‘zbek tiliga qanchalik mahorat bilan tarjima qilinganini yetuk mutaxassislar e’tirof etishgan. Rus tilida ishlangan filmlarning o‘zbekcha talqinlariga, hatto, rus ijodkorlarining o‘zlari ham tan berishgan. Mana shunday boy, jozibador tilimiz turganda unga teng qo‘yiladigan boshqa tilga ne hojat?

O‘zbek tili haqida rossiyalik tilshunoslar fikr bildirishganida to‘g‘ri qabul qilamiz, biroq bu mavzu Tashqi ishlar vazirligi minbarida tilga olingani bekorga emas. Bu yerda aniq reja va siyosiy maqsadlar borligi kunday ravshan.

Men yurt farzandi sifatida tilimizdan qandaydir siyosiy manfaatlar yo‘lida foydalanilishiga mutlaqo qarshiman. Rossiya hukumatidan esa o‘zbek millatining xohish-irodasi, qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘rayman. O‘zbekiston suveren-demokratik davlat sifatida o‘z yo‘lini o‘zi belgilashga qodir mamlakat.

Bu masalada boshqa hamkasblarimizni, jamoatchilikni, o‘zbek tilini or-nomus, milliy g‘urur ramzi deb biladigan barchani bebaho qadriyatimiz – tilimiz himoyasiga chaqiraman,“ — deydi Madaniyat vaziri.