Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Televideniyeda yuz bergan fantastik majlis” (Xayoliy hikoya)
9.02.2019 15:06,  
44

Muallif so‘zboshisi:

2016 yilning yozi edi... Mamlakat hayotida biroz o‘tib yuz bergan o‘zgarishlar hali oldinda edi. Xayolimga bir fantastik manzara keldi. Uni qog‘ozga tushira boshladim. Mazkur manzara, aslida, ko‘ngil tubida o‘rnashgan bir orzu edi, “qachonlardir yuz beradi” – degan orzu. Bir kun kelib, televideniyemiz isloh bo‘ladi, zulmatga emas, odamlarga xizmat qiladi, degan orzu. Mana o‘sha xayoliy voqea.

(birinchi qism)

Ikki ming nechanchidir yilning qaysidir kuni. Mamlakat televideniyesining katta majlislar zali. Odam liq to‘la.

Zalni to‘ldirgan televideniye xodimlari uch-to‘rt kishi bo‘lib olib, nimanidir berilib muhokama qilishyapti. G‘ala-g‘ovur.

Zal uzra esa bulutga o‘xshagan narsa havoda muallaq osilib turipti...

Ammo televideniye xodimlarining ko‘ziga bu ajoyibot ko‘rinmaydi. Chunki u yuzaki qaraganda ko‘rinmaydigan narsa. Faqat sinchkov ko‘z yaxshilab boqsagina bu bulutsimon narsani ilg‘ab, ziyodasiga uning ichida qandaydir yungli-shoxli-dumli mahluqcha nimadandir bezovta bo‘lib, bulutning ichida u yoqdan-bu yoqqa yurayotganini ko‘ra oladi.

Zalning kattakon – “paradniy” eshigi gumburlab ochildi!

Turli tovushlarni chiqarish ila ovora bo‘lib turgan og‘izlar o‘sha ondayoq qotdi, boshlar esa ochiq og‘izlar bilan birga eshik tomon burildi. Eshikdan marosimona kiyingan bir kishi shamolday uchib kirdi va to‘g‘ri minbar tomon parvoz qildi. Minbarga yetgani zahoti mikrofonni astoydil ushlab, “kelyaptilar!” – deb shivirladi.

Ha, bu kun televideniye uchun olamshumul kun! Tunov kunigina saylangan yangi prezident Mamlakat televideniyesining bosh qarorgohiga tashrif buyurdi! Televideniyechilarni shu topda qiynagan ikkita savol – nega buncha shoshilinch tashrif va nega aynan... televideniye!?

Sukunat...

O‘sha, gumburlab ochilgan eshik tomondan yana qadam tovushi eshitildi.

Hali og‘izlarini yopishga ulgurmagan televideniyechilar hammalari birvarakayiga boshlarini yana katta eshik tomon burishdi.

Eshikdan bus-butunicha qora kiyingan ikkita qomatli o‘g‘lon kirib, o‘ta chaqqon harakat ila eshikning ikki tarafiga turib olib qotib qoldi. Eshikdan... yangi saylangan prezident kirib keldi!

Ahli televideniyening shu onda butun vujudi ko‘zlarga aylandi. Zero televideniye qarorgohida to‘shalgan qizil gilam uzra suzib kelayotgan yap-yangi prezident manzarasi aqllarni batamom mahv etgan edi-yu, manzaraning sir-sinoatini ilg‘ashga aqllar emas – ko‘zlar safarbar etilgandi go‘yo.

Ammo, bu hashamatli zalda yuz berayotgan manzarani qattiq qiziqish ila kuzatayotgan boshqa ko‘zlar ham bor edi. O‘sha, televideniyechilar ko‘ziga ko‘rinmaydigan, tepada osilib turgan bulut ichidagi yungli maxluq, sichqonni poylayotgan mushuk kabi cho‘nqayib olib, o‘ta diqqat ila holatni kuzatar edi. Uning ko‘zlarida sarosima va yana nimalarningdir qorishmasi joylangan bo‘lib, qizil gilamdan yurib kelayotgan bu shaxsning tashrifi uni negadir xavotirga solgan edi.

Yangi prezidentning majlislar zali katta eshigidan to minbargacha bosib o‘tgan yo‘li televideniyechilar uchun negadir o‘ta cho‘zildi. Vaqtning o‘tishi o‘zgacha tus olib, bu oraliqda har bir televideniyechi butun yashab o‘tgan umrini ko‘z oldida, ranglari bilan, tezlashtirilgan kinodek yaqqol ko‘rdi. Juda avval miyalarining chuqur zaxirasiga jo‘natilgan xotiralar va hatto allaqachon o‘chib yo‘q bo‘lib ketgan bolalik xotiralari ham qayerdandir qor ko‘chkisi kabi quyilib kelib, onglari va qalblariga bostirib kirdi. Birinchi bor dunyoga ko‘z ochib boqqan onlari va hatto ona qornida totgan hislarini eslashgacha ish yetib bordi! “Voy dod – bu nima ko‘rgilik!?”

Minbarga chiqqan Prezident, hali yangi bo‘lgani uchunmi, mikrofonni tekshirmoqchi bo‘lib uni naq tumshug‘iga chertdi. Shu onda ahli televideniye o‘tgan umrlari bo‘ylab qilayotgan safarlaridan Mamlakat televideniyesining katta majlislar saroyiga qaytishdi.

Prezident, tomog‘ini qirib olib, so‘z boshladi:

–Hurmatli televideniye xodimlari, muhtaram ijodkorlar! Azizlar! Mening bu tashrifim sizlarni biroz taajjublantirgan bo‘lsa, ajabmas. Ammo, ishontirib aytamanki, bu shoshilinch tashrifimning boisi bor. Men bugun sizlarga balandparvoz gaplarni gapirish uchun kelmadim. Aniq va sodda gaplarim bor sizlarga.

O‘ylaymanki, har biringiz o‘ta muhim, o‘ta ahamiyatli jabhada faoliyat yuritayotganingizni juda yaxshi tushunasiz. Ammo men bugun sizning bu dargohingiz... nima desam ekan... yana ham o‘zgacha, yanada o‘ziga xos dargoh ekanligini aytmoqchiman. Mavhum gapdan aniq gap va dalilga o‘taman. Mana qarang, men sizlarga voqelikning manzaralarini chizib beraman, sizlar esa ularni tasavvur eting, yaxshilab tasavvur eting. Mana bitta manzara – bozor. Hammangiz bozorlarimizda nimalar bo‘layotganini bilasiz, shundaymi?

Bunday gaplardan gangib qolgan televideniye xodimlaridan birortasi ham “shunday!”, deyishni eplolmaganidan, jimlik havoda osilib qoldi. Bulut ichidagi maxluq esa “bozor” so‘zi yangragan lahzada bir silkinib tushdi. Bu so‘z u uchun negadir o‘ta qadrdon va o‘ta ahamiyatli edi.

–Shundaymi? – qaytardi savolini Prezident.

–Shunday! – javob qildi ikkita televideniyechi.

–Azizlar! Ha, bozorlarda nimalar bo‘lib yotganini hammamiz bilamiz! Ammo men bugun o‘zimga, siz azizlarga, barchaga bir savol ila murojaat etmoqchiman: bunday holatga indamasdan qarab turib bo‘ladimi? Bu savolning ahamiyatini yaxshi anglashimiz uchun keling hozir ko‘z oldimizga bozorlarimiz manzarasini keltirib ko‘raylik.

Bu so‘zlar zal uzra yangragan zahoti televideniye xodimlari bilan yana nimadir sodir bo‘ldi – oq pardaga o‘xshagan bir narsa, teatr sahnasini yopganidek, ko‘zlarini qopladi...

***

Bir lahza o‘tar-o‘tmas bu oqlik ko‘tarildi-yu, ammo, ne ajab-ki, manzara hozirgina ko‘rib turilganidan... boshqa edi! – na majlislar zali, na minbar bor edi!

“Nega? Nima bo‘ldi televideniye xodimlari bilan, boshqa voqelikka o‘tib qolishdimi?”– so‘raysiz albatta.

Ammo televideniyechilar o‘zlari tushib qolgan ushbu yangi voqelikning sal-pal g‘ira-shiraligidan va boshqa belgilaridan uning haqiqiy – ko‘z ila to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rilayotgan voqelik emasligini darrov payqashdi. Axir, ular tasvir sohasining mutaxassislari-da!

Ha, aziz o‘quvchi, televideniye xodimlari hamon majlislar zalida edilar. Ular ko‘rayotgan manzara esa... ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri onglariga yetkazilayotgan... televizion translyasiya edi!

Davomi bor

(foto internetdan)

Muhammad Shakur

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан