Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Texnogen ofat qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish yetkazganidan judayam xijolatdamiz — Shavkat Mirziyoyev
5.05.2020 20:27,  
347

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezident, jumladan, shunday dedi:

Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh bo‘lgan yon qo‘shnimiz – Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi.

Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda bo‘lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo‘lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelganmiz.

Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.

Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.

Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik.

Ishonchim komil, biz boshimizga tushgan bu og‘irliklarni ham xalqimiz bilan birgalikda, o‘zaro hamjihatlikda bir tanu bir jon bo‘lib, albatta, yengib o‘tamiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан