Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yaponcha atamalarni o‘zbek tilida ruscha qo‘llashni qachon bas qilamiz?
23.10.2020 09:27,  
2340

21 oktyabr ona tilimizga davlat tili maqomi berilgan muhim sanalardan biri. Shu fursatdan foydalanib, Yaponiyada istiqomat qiluvchi vatandoshlar chiqqan taklifni bayon etmoqchiman.

Yaponiyada yashovchi vatandoshlarni doimo quyidagi qiziq savol qiynab keladi: nega yapon tilidagi atama va ismlarni o‘zbek ona tilimizda qo‘llash paytda rus tilidagi yozilishini asos qilib olishimiz kerak? Tilshunos-filologlarimizdan bunga biror sabab taqdim qilinadimi? Savolimning sababi shundaki, o‘zbekzabon vatandoshlarimiz uchun yapon tilidagi deyarli barcha so‘zlar talaffuz qilish uchun oson bo‘lib, rus tili fonetikasiga asoslangan talaffuzlar esa vatandoshlarimizni qiynab yuboradi.    

Aniq misollar bersak. Yaponiyaning oldingi bosh vazir ismi yapon tilida Shinzo Abe deya talaffuz qilinadi va yoziladi, ammo biz uni Sindzo Abe deb olganmiz. Hozirgi bosh vazir ismi Yoshihide Suga bolib, biz uni Yosixide Suga deb yozamiz va talaffuz qilamiz. 三菱- Mitsubishi korporatsiyasini esa Mitsubisi deymiz. Bundan tashqari, 渋谷 - Shibuya – ni Sibuya, 新宿 - Shinjuku – ni Sindzyuku, 横浜 - Yokohama – ni Yokogama, 広島- Hiroshima –ni  Xirosima,  ハチコ - Hachiko – ni Xatiko, 九州 – Kyushu – Kyusyu, 本州- Honshu – Xonsyu deya duduq tarzda talaffuz etamiz. Bu kabi misollar talaygina.

Hatto yapon terminlarini bunday talaffuz etish yapon xalqi oldida ham millatimizni noqulay ahvolga tushirib qo‘yadi. Va bunday noqulay misollar juda ham ko‘p. Shunday ekan, rus tiliga bo‘lgan qaramlikdan qutulib, yapon tilidagi original so‘zni asos olaylik, shunisi bizga eng qulay va yapon hamkorlar oldida ham hijolat bolmaymiz.

Tekshiruvlarimizga qaraganda, yapon tilini o‘rganishda asosan 2 xil usuldan foydalaniladi:
1. Polivanov transkripsiya tizimi.
2. Xepbern tizimi.

Birinchisidan asosan sobiq SSSR va Yevropaning ba’zi davlatlari foydalanishadi. Ikkinchisidan ko‘proq Uzoq Sharq, Janubiy va Shimoliy Amerika mamlakatlari foydalanadi. Shunday ekan, yapon tilini o‘rganishda muallimlarimiz ma’qul yo‘l sifatida yapon tilining xiragana alifbosini yod olishda Xepbern tizimini (ヘボン式(hebon shiki)) usulini tavsiya etishadi. Chunki, unda yapon tilini o‘rganish juda ham qulay.

Hozirgi achinarli holatning yana bir sababi sifatida esa, sobiq Sovet davridan qolgan lug‘atlarimizning hali ham yetarlicha yangilanmaganligi bo‘lsa, boshqa tomondan esa axborot va yangiliklar bizga rus tilida chop etilgan ma’lumotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilingandan so‘ng kirib kelishida bo‘lsa kerak. Lekin, aynan rus yaponshunoslari ham oxirgi 5-10 yillikda ism va nomlar rusifikatsiyasidan (ya’ni, rus tili fonetikasiga moslashtirish) yiroqlashishni afzal ko‘rishmoqda.

O‘zbekistonda esa haligacha 1980-1990 yillardagi rus yaponologlari ishlatgan iboralarni qo‘llab kelmoqdamiz. Fikrimizcha, o‘zbek tilida yozilgan Yaponiya bilan bog‘liq maqola va matnlardagi rusifikatsiyadan qutilishning bir yo‘li yapon tilidan o‘zbek tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish va yuqoridagi Xepbern tizimiga o‘tishdir.

Shunday ekan, Yaponiyadagi davlatimiz elchixonasi orqali kerakli davlat organlar va mas’ul mutaxassislariga ushbu ezgu maqsadimizni yetkazish payti kelgan deb o‘ylaymiz. Misol uchun, bizda shunday tashkilot bor: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti. Uning saytida Yaponiya bilan aloqalar va Yaponiyaga doir ilmiy ishlar haqida ishonch bilan aytilgan.

Bundan tashqari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham mavjud. Ishonamizki, yuqoridagi davlat organlari va soha mutasaddilari ushbu dolzarb masalaga ijobiy yondashib, amaliy qadamlarni tashlashadi. Natijada, yapon tilidagi termin va atamalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ona tilimizda yozish imkoni tug‘ilib, ularni qo‘llash ham osonlashadi. Bu esa ona tili bayramimiz uchun yaxshi sovg‘a bo‘lar edi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан