Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Til bilmaganga necha tanga?
6.10.2019 09:49,  
1131

Ko‘p so‘rashadi: Amerikada til bilmaganga qanday ishlar bor? Umuman inglizchani bilmasdan borsa bo‘laveradimi? Tilni bilmay turib ham yaxshi pul topsa bo‘ladimi?

Shu bir-ikki oy ichida Amerikaga ko‘chib kelish arafasidagilar emas, qachondir imkon paydo bo‘lsa bormoqchi bo‘lgan, endi Grin karta lotereyasiga qatnashmoqchi bo‘lib turgan yoki bo‘lmasa topshirib qo‘yib, javobi chiqishini kutib yurganlar tomonidan beriladi ko‘pincha bu savollar.

Menga har doim shu yondoshuv qiziq tuyuladi.

Hayotida katta o‘zgarishlar oldida turgan inson... U haddan tashqari keskin burilishlarga tayyor. O‘zi tug‘ilib o‘sgan, umrining katta bir qismini yashab qo‘ygan mahallasi/viloyati/yurtidan uzoqlab, unga mutlaqo o‘xshamas o‘lkalarda hayotining ma’lum qismini o‘tkazishga ahd qilgan. Yaqinlaridan yiroqda yashashga jur’at topa olgan. Og‘aynilari bilan har oyda bir bo‘ladigan choyxonalarni, qarindosh-urug‘idagi to‘y-marosimlarni o‘tkazib yuborishga o‘zini hozirlagan. Muqarrar sog‘inchni bo‘yniga olgan.

Ammo shuncha qurbonliklarga tayyor inson yetarlicha vaqt va imkoniyat bo‘laturib, oz-moz bo‘lsa ham til o‘rganib olish variantini ko‘rib chiqmasligi ajablantiradi. Hayratga soladi.

Hozir masalan 2021 yilda Amerikaga kelish uchun Grin karta lotereyasi o‘ynalyapti va unga qatnashmoqchi bo‘lganlar "tilsiz nima qilsa bo‘ladi" qabilidagi savollar berishyapti. Eng kamida bir yil muxlati bor. Javoblar chiqqanidan keyin til o‘rgana boshlagan insonda ham bir yilcha vaqt bo‘ladi. Yangi tilni noldan o‘zlashtira boshlagan inson erkin suhbatalasha oladigan darajaga chiqishi uchun ham yetarli muddat aslida bu. Lekin bunga vaqt ajratish, hafsala qilish varianti ko‘pchilik tomonidan ko‘rib ham chiqilmaydi. Juda qiziq holat.

Ha, til bilmay ham Amerikada yashash, ishlash mumkin. Pul topib, uydagilarga yordam bersa bo‘ladi inglizchani bilmay ham. O‘zbeklar ko‘p joyga, aytaylik, Bruklin shahridagi "o‘zbek mahalla"lardan biriga ko‘chib kelsa bo‘ladi. O‘zimiznikilarga xizmat ko‘rsatadigan biror idoradan ish topish yoki telefonga Yuber o‘rnatib olib, taksi qilsa ham bo‘ladi. "Choyxona №1"da tushlikni qilib, "Toshkent" savdo markazidan uyga bozorlik qilish, uyga borib "Zo‘r TV"ni yoqib, "Bojalar kommyuniti" tomosha qilib, dam olsa ham bo‘laveradi. Kun va Daryo orqali ro‘mol va soqol masalasi nima bo‘layotganidan, hokimlar tushurgan navbatdagi qovunlar haqida xabardor bo‘lib turaverasiz. Amerikada ekanligingiz ham sezilmay ketadi...

Shundoq ekan, til o‘rganishning nima keragi bor?!

Bilasizmi, yuqorida imkoniyatdek sanaganlarim, aslida - chegaralar. Til o‘rganishdan bosh tortish orqali o‘zingiz uchun yaratib olganingiz - cheklovlar bular.

Endi siz faqat o‘zbekcha yoki ruscha gaplashadigan jamiyat bor bo‘lgan shahargagina borasiz. Ulkan hudud, turlicha iqlim va turfa tabiatga ega mamlakatning istalgan burchagida yashash imkoniyatingizni cheklaysiz. Sanoqli ish o‘rinlaridangina umidvorsiz, tanishlaringiz taklif qiladigan ishlar bilangina o‘zingizni chegaralaysiz.

Topganingiz ishdan, u sizga yoqsa-yoqmasa ajrala olmaysiz. Mamlakat bo‘ylab mavjud yuz minglab ish o‘rinlaridan biri uchun talabgor bo‘lmaysiz. Turli kurslarda o‘qib, biror hunar o‘rganish varianti o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Oliy ta’limda o‘z mutaxassisligingiz bo‘yicha o‘qib, ishlash masalasi-da imkonsiz bo‘ladi. O‘z biznesingizni boshlash haqida ham til o‘rganishga hafsala qilmay turib, o‘ylay olmaysiz, albatta. Sizga hech kim qo‘ymagan chegaralarni til o‘rganishdan bosh tortish orqali o‘zingiz qo‘yib olasiz...

Men, masalan, tilni bilmay qanday ishlar qilsa bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollardan ko‘ra, qanday qilib uni tezroq o‘rganish mumkinligi haqida savollar odamlarni ko‘proq qiziqtirishini xohlayman.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан