Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tilga hurmat – hammaning burchi
21.09.2020 10:17,  
274

1990 yillar boshlarida O‘zbekistonda “o‘zbek tilini jahon tillari darajasiga ko‘taramiz” degan shior tez-tez yangrab turardi. Lekin, jimjimador so‘zlar qog‘ozda qolib ketgani bugungi kunda achchiq haqiqat o‘laroq tan olinyapti. Buning aksi o‘laroq, dunyoga tariqdek sochilib ulgurgan o‘zbekistonliklar o‘zbek tilini tom ma’noda jahonga tanitish imkoniga ega bo‘ldilar. Albatta, "hamma bu imkondan to‘g‘ri foydalanyapti" deb aytish qiyin.

Shu o‘rinda, aholi orasida o‘zbekcha so‘zlar o‘rniga o‘rischalarini aytish tobora keng tarqalayotgani, odamlar bilib-bilmay tilimizni kambag‘allashtirishga hissa qo‘shishayotganini afsus bilan qayd qilish zarur.

Men ancha yillardan beri Amerikadagi yetakchi telefonda tilmochlik kompaniyasida ishlayman. Muloqot paytida faqat o‘zbekcha so‘zlarni ishlatishim zarurligi xizmat vazifamda belgilab qo‘yilgan va bunga qat’iy amal qilishim zarur. Minglab yurtdoshlarimizning og‘irini yengil qilyapman. Bu orada, ingliz tiliga gapiruvchi qiziquvchan mijozlarim O‘zbekiston va o‘zbek tili haqida so‘ragan savollarga javob berib, ona-yurtimni tanitishga harakat qilyapman.
 
Lekin, bir toifadagi kishilar o‘zbek bo‘laturib, o‘zlarining so‘z boyligi ozligi va ko‘p kitob o‘qimaganligi uchun o‘zbek tilini yaxshi anglamaydi. Ikkinchi toifadagilar esa o‘zbekcha muqobili bo‘lishiga qaramay, o‘rischa so‘zlarni ko‘p ishlatishadi. Ayniqsa, ikkiqat ayollar beremenniy, matka, videleniye, saxar, davleniye kabi so‘zlardan ko‘p foydalanishadi. Men ularga most, povorot, posolstvo, pochka kabi so‘zlarning ham o‘zbekchasini tushuntiraman. Deyarli hamma o‘zbekcha tilmoch deyish o‘rniga perevodchik (o‘rischa) yoki tarjimon (arabcha) deyishadi.

Uchinchi toifadagilar esa o‘zbek bo‘laturib yoki o‘zbek tilini bilgani holda o‘ris tilidan tilmoch so‘rashadi. Bu esa tilimizni tanitish imkonini qo‘sh-qo‘llab topshirib, boshqa bir chet tilini targ‘ib qilishga hissa qo‘shishga kiradi. Bu toifa kishilarda milliy g‘urur, tilga hurmat va saviya yetishmaydi.

Men xizmat vazifamga amal qilib, yuqoridagi so‘zlarning o‘zbekchasini aytaman. Aslida, «tilmoch» so‘zi «til» va «och» degan so‘zlar birikmasidan tuzilgan bo‘lib, “tilimni och”, ya’ni “nima deyotganimni angla” degan ma’noni beradi.

Tarixdan ma’lumki, bundan ming yil oldin turk ajdodlarimiz hozirgi Sibir taraflardan g‘arbga qarab ko‘chishgan va jang qilib, Ovro‘paning qoq o‘rtasigacha yetib borishgan. Tabiiyki, boshqa tillarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan muloqot qilish uchun tilmoch zarur bo‘lgan.

«Tilmoch» O‘rusiyada XVI asrdan XIX asrgacha qo‘llanilgan. Bu so‘z boshqa g‘arbiy slavyan davlatlari qatori Olmoniya va Mojariston lug‘atlarida haligacha bor: tolmač (slovencha), tùmāch/tùmāč (serb-xorvatcha),  dolmetscher (olmoncha),  tolmács (mojarcha). Ayniqsa, polyakcha «tłumacz» o‘zbekcha “tilimni och” degan so‘zlarga juda yaqinligi diqqatga sazovordir.

Xayratlanarli tomoni – o‘zbekcha so‘z va qo‘shimchalar ingliz tilida ham uchraydi. Masalan, chopmoq fe’li o‘zagi chop inglizchada ham xuddi shu ma’noda ishlatiladi. O‘zbekcha keling, boring so‘zlaridagi -ing qo‘shimchasi esa ingliz tilida hozirgi zamon davom fe’lida qo‘llaniladi, masalan: I’m chopping the meat – men go‘sht chopyapman.

Amerikaliklarning ko‘pchiligida O‘zbekiston haqida tushuncha yo‘q. “Bu qanday til? Qayerda gaplashiladi? Qanday yoziladi?” deb so‘rashlariga ko‘nikib qolganman. Ularga Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida O‘zbekiston degan go‘zal o‘lka borligi, xalqi nihoyatda mehnatsevarligi, til nomi ingliz tilida «Uzbek» deb yozilishini qisqagina anglatib qo‘yaman. Aslida, tilimiz inglizchada ham «O‘zbek» deb yozilishiga erishish zarur.

Hozirgi paytda Amerika qit’asida uchyuz mingdan ortiq o‘zbekistonlik yashayotgan bo‘lsada, aksariyati ingliz tilini bilmaydi. Amerika – ko‘chmanlar o‘lkasi, til bilmaslik ayb sanalmaydi. Qayerga ishingiz tushsa darrov tilmoch topib berishadi. Bu esa, aslida, o‘zbek tilini targ‘ib qilish uchun yurtdoshlarimizga ajoyib imkon beradi.

Lekin, milliy o‘zligini haligacha tanimagan ayrim vatandoshlarimiz ongida “o‘ris tilidan tilmoch so‘rashim kerak” degan tushuncha o‘rnashib qolgan. O‘zlari o‘rischani arang gapirishsa ham, o‘zbek tilidan tilmoch so‘rashmaydi. Natijada, gap nima haqida ketayotganini yaxshi anglamaydilar va, oqibatda, ingliz tilida so‘zlashuvchi kishi ulardan ona tili qaysi til ekanligi yoki boshqa qaysi tillarni bilishini so‘raydi. Men ana shunday kishilarga ham tilmochlik qilib berganman.

Pasport va boshqa kimlikni tasdiqlovchi hujjatlar anchadan beri lotin alifbesida yozilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Sobiq sho‘rolar davrida ana shunday hujjatlarni beradigan idoralarda asosan o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlar ishlagan. Ular o‘zbek ot, familiya va ota ismlarini o‘zbekcha emas, balki o‘rischa talaffuz va o‘ris imlo qoidalari asosida yozib beraverishgan. Biznikilar esa kelajakda bu qanday ayanchli huquqiy oqibatlar ketirib chiqarishi, eng asosiysi – milliy kimligimiz haqorat qilinadigan ko‘rinish olishi haqida o‘ylab o‘tirishmay, “bizga tekkani shu ekan” deb, ketaverishgan.

Amerikaliklar otingiz va familiyangiz qanday talaffuz qilinishini o‘zingizdan so‘rab olishadi. Lekin, “qizimni oti Kalima, o‘g‘limniki – Kusan, familiyasi Kakkarov” deydiganlar ham talaygina. “Sizdan qanday talaffuz qilinishini so‘rayapti” desam, “pasportida Khalima, familiyasi Kakhkharov deb yozilganda” deyishadi.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, har kim o‘z oti, familiyasi va ota ismini o‘zbekcha milliy ko‘rinishda yozdirish huquqiga egaligi haqidagi moddalarni amalga tatbiq qilish ancha qiyin. Mas’ul xodimlar tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada o‘rischa talaffuzda yozilgan variantni asos olishgani yetmagandek, pasportning ingliz tilidagi betida o‘zbekcha betida yozilgan shaklidan ham farqli qilib yozib berishayotgani chet ellarda chalkashliklar keltirib chiqarmoqda. Bunday sharmandali holatga chek qo‘yish uchun O‘zbekistonda ot, familiya va ota ismlarini to‘g‘rilab yozish to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinishi zarur.

Chet ellarda tilimiz va o‘zligimizni targ‘ib qilish imkonidan foydalanish o‘zbek tili obro‘sini ko‘tarishga xizmat qilishini unutmaylik.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан