Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Tilimizni qaytarib bering!»
21.10.2019 09:05,  
709

O‘tgan yili Turkiyaning Kastamonu shahrida o‘tkazilgan «9-Turk dunyosi adabiy nashrlari kongressi»da ishtirok etdim. Kongressda qatnashgan Tatariston vakili, yozuvchi va «Mәdәni җomga» gazetasi muharriri Vaxit Imamovning chiqishi barcha qatori meni ham sarosimaga soldi. U ona tilini himoya qila olmay, bor-budini boy berayotgan o‘z Vatani haqida kuyinib, shunday dedi:

«Rossiyada turkiy tillar taqdiri ayanchli bo‘lib qolmoqda».

Ba’zi turkiy tillar yo‘qolish arafasiga kelib qoldi. Bularga oltoy, xakas, yoqut tillarini kiritish mumkin. Bu tillarda gaplashuvchilar soni yildan yilga kamayib ketmoqda. Ism-shariflar ruslashganiga ancha yillar bo‘lib qoldi.

«Rus tili bilan birgalikda tatar tili ham rasmiy til bo‘lishiga qaramasdan maktablarimizda ona tilimizni majburiy o‘qitishni taqiqlab qo‘yishdi. Bir tarafdan biz — ziyolilar bunga qarshi kurashdik. Ikkinchi tomondan ayrim tatar millatiga mansub ota-onalar tatarchani o‘qitilmasligini yoqlab Moskvani qo‘llab-quvvatladilar».

2017 yil noyabrida Rossiyaning bosimi ostida Tatariston maktablarida davlat tili bo‘lgan tatarchani majburiy o‘qitish taqiqlab qo‘yildi va ixtiyoriyga o‘tkazildi. Unga ko‘ra, tatar tili darslari o‘quvchining ota-onasi yozma ruxsati bilan ixtiyoriy tarzda haftasiga ikki soatdan oshmasligi belgilandi. 2002 yili Rossiya davlat Dumasi va Konstitutsion sud tatarchaning lotin yozuviga o‘zgartirishni taqiqlagandi. 2009 yiliyoq regionlarda milliy tillarida yagona davlat imtihonini o‘tkazish man qilingan edi.

«Akademik tarzda tatar tili va adabiyotini o‘rganish ham yildan yilga kamayib bormoqda».
Tataristonda tatar tili va adabiyoti bo‘yicha oliy ta’lim Qozon federal universiteti qoshidagi Filologiya va madaniyatlararo aloqalar institutining Abdulla To‘qay nomidagi milliy madaniyat va ta’lim oliy maktabida beriladi.

Boshqa tatar ziyolilari bilan suhbatlarimda ham ular yoshlar tatarchani o‘rganmay qo‘ygani, hatto ba’zilari tatarcha ism-familiyalarini ruschaga o‘zgartirib, Provaslav mazhabini qabul qilayotganlari, afsuski, bunday holatlar tobora ko‘payib borayotganini aytdilar. «Bu borada sizlarga xavas qilaman. Yagona davlat tili sifatida ona tilingizni tanladingiz, har bir pedagogika universitetlaringizda o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari bor ekan, maktablarda o‘zbek tili majburiy ekan, lotinga ham o‘tgansizlar. Kelajak uchun tilingizni boshqa tillar ta’siridan asrang» degandi qozonlik muharrir do‘stlarimdan biri. Til, yozuv bilan bog‘liq muammolarimiz haqida unga gapirib o‘tirmadim.

Vohid og‘a asrimiz boshlarida tatar ma’rifatparvarlarining butun turk olamiga qilgan xizmatlari, yozuvning o‘zgarishi bilan turkiy millatlar birligi tarqab ketgani haqida gapirib, qizarib ketdi-da, ko‘zda yosh bilan so‘zini shunday yakunladi:

«Hurmatli birtug‘anlar, iltimosim, bolalarimizni Istanbuldami, Toshkentdami, Bokudami, Almatidami, qayerda turkiy ta’lim bo‘lsa, o‘qitib beringlar! Zero, musulmonligini, turkligini, tatarligini unutmasin!»

Bugun rus tiliga rasmiy maqom berilishini talab qilayotgan ayrim «ziyolilar» ertaga ta’lim rus tilida bo‘lishini, o‘zbek tili ixtiyoriyga o‘tkazilishini, davlatning o‘zbek tilini o‘qitish uchun sarflayotgan byudjeti o‘rniga «taraqqiyparvar» rus tilini o‘rgatish yaxshiroq samara berishini talab etishi hech gap emas. Zero, ayrim o‘zbeklar orasida ham «bolam o‘zbek tilini o‘rganib nimaga erishardi, unga nima foyda beradi bu til» deguvchilar, o‘zi shu millat vakili bo‘laturib, ona tilida gapirishni bilmaydigan, uyaladigan oz emas.

O‘z tiliga e’tiborsiz millatdoshning davlat va xalqqa e’tibori so‘roq ostida qoladi. Tilini sotgan eng birinchi bo‘lib Vatanini sotadi!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан