Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tog‘li Qorabog‘: Pashinyan Putin bilan nimani kelishdi?
6.10.2020 15:49,  
1113

Armaniston Bosh vaziri o‘tgan to‘qqiz kunning ichida ikkinchi bor Rossiya prezidentiga sim qoqdi. Bu haqda Bi-Bi-Si xabar bermoqda.

Tomonlar yana "Tog‘li Qorabog‘dagi kuchayib borayotgan qurolli to‘qnashuv" masalasini muhokama etishgan.

Rasmiy Kreml xabarida "Tog‘li Qorabog‘ mojarosi keng ko‘lamli tus olgani" aytilgan.

"Bu tinch aholi ilova har ikki tomondan jiddiy talafotlarga sabab bo‘layotgani" ta’kidlangan.

Putin yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatishning muhimligini urg‘ulagan.

Rasmiy Kreml xabari faqat shu tafsilotlar bilan cheklangan, xolos.

Xuddi shu manzarada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Tog‘li Qorabog‘ mojarosi yechimiga mas’ul Minsk guruhi yana bir bayonot bilan chiqqan.

Hamraislar Rossiya, AQSh va Fransiya "Tog‘li Qorabog‘da zo‘ravonliklarning mislsiz va xavfli darajada kuchayishini keskin qoralashgan".

Ular ham tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga chaqirishgan, raqib taraflar bilan o‘zaro aloqalarini kuchaytirayotganliklarini ham bildirishgan.

Ammo Tog‘li Qorabog‘ mojarosi, qariyb o‘ttiz yildirki, diplomatik yo‘lda o‘zining yakuniy yechimini topmay keladi.

Armanistonda Rossiyaning 102-sonli harbiy bazasi joylashgan. Ikkovlon hamkorlikda havodan mudofaa tizimiga egalar.

Armaniston yana Rossiya shamsiyasi ostidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining a’zosi bo‘ladi, ammo Ozarbayjon bu ittifoqqa kirmaydi.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti ham jiddiy nizolar ichida qolgan a’zo davlatga ko‘makka kelish, u yerga o‘zining tinchlikni saqlash kuchlarini yuborish huquqiga ega sanaladi.

Ammo janglar hozir faqat Tog‘li Qorabog‘da borayotgani bois, Rossiya yetakchiligidagi mazkur tashkilotning ham unga aralashishga rasman haqqi bo‘lmaydi.

Bu galgi Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Turkiya Ozarbayjonni rasman, yanada oshkora va kuchliroq qo‘llab kelayotgani tahlilchilar tomonidan alohida qayd etilayotgani ham bor gap.

Nato va Turkiya

Nato Turkiya Tog‘li Qorabog‘dagi tanglikni yumshatishga yordam berishi kerakligini aytgan.

Kecha, dushanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri ittifoq Bosh kotibi bilan uchrashgan.

Yens Stoltenberg ham o‘t ochishni to‘xtatish da’vati bilan chiqqan.

Uchrashuv ortidan, tomonlar qo‘shma matbuot anjumani berishgan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri esa, Nato arman qo‘shinlarini Tog‘li Qorabog‘dan olib chiqib ketishga da’vat etishi kerakligini ta’kidlagan.

"Ozarbayjon o‘z tuprog‘ida jang qilayapti. Ishg‘olchilardan o‘z hududlarini qaytarib olishga urinayapti. Qonun va axloq nuqtai-nazaridan barcha Ozarbayjonni qo‘llashi kerak"ligini aytgan.

Bunga Nato Bosh kotibining javobi qanday bo‘lgani ma’lum emas.

Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ ustidan 1988-94 yillarda ham urushgan, alal-oqibat otashkesim ham e’lon qilgan, ammo hech qachon yakuniy bir murosaga kelmagan.

Hozirgi janglar o‘sha otashkesimdan keyingi eng yomoni ekani aytiladi.

Bu urushni ochishda tomonlar bir-birlarini ayblab kelishayotir.

Da’vatlar

Janglar bilan kechgan o‘tgan o‘n kun ichida tomonlarni muzokaralar stoliga qaytarishga oid da’vatlar kam bo‘lmadi.

Orada Rossiya tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilish taklifi bilan ham chiqdi.

Tog‘li Qorabog‘dagi raqib tomonlar dastlab muzokaralar taklifini rad etishdi, oxirigacha urushishlarini aytishdi.

O‘tgan hafta so‘nggida Armaniston otashkesim ilinjida Rossiya, AQSh va fransiyalik vositachilar bilan muloqotga "tayyor ekani"ni bayon qildi.

Ammo Turkiya tomonidan oshkora dastaklanayotgan Ozarbayjon shartini o‘zgartirmadi, arman qo‘shinlarining Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash hududlardan chiqib ketishlari lozimligini ta’kidladi.

Ozarbayjon prezidenti yakshanba kuni o‘z xalqiga yana bir bor murojaat bilan chiqdi.

"Armanistondan o‘z xalqidan kechirim so‘rashi va ortga safarbarlik muddatini ma’lum qilishi"ni talab qildi.

Armaniston rasman respublika o‘laroq tan olmasa-da, Tog‘li Qorabog‘ni harbiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab keladi.

Mojaroga uchinchi kuchlar aralashishi va Kavkaz urush ichida qolishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas.

Shu paytgacha har ikki tomondan yuzlab yaralangan va qurbon bo‘lganlarga oid xabarlar bor.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан