Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tog‘li Qorabog‘, vazir Shermatov, milliarder Usmonov va millat taqdiri masalasida
17.10.2020 10:35,  
2622
Men quyidagi tahlilda Tog‘li Qorabog‘dagi urush, chet davlatlar axborot xurujining O‘zbekiston milliy xavfsizligiga tahdidi, xalq ta’limi vaziri Shermatovning maktab bitiruvchilari o‘ris tilini to‘liq bilishiga erishish zarurligi haqidagi bayonoti va milliarder Alisher Usmonov ajratgan besh million dollarni oqlash uchun O‘rusiyadan kelgan o‘ris tili o‘qituvchilari olib boradigan ish kelajakda qanday oqibatlar keltirib chiqarishi ehtimoliga to‘xtalmoqchiman. 
 
Ozarbayjonning Armaniston ishg‘ol qilgan Tog‘li Qorabog‘ va tegaragidagi yettita tumanini ozod qilish uchun olib borayotgan urushi O‘rusiya OAVlari tomonidan bir tomonlama yoritilyapti. Xususan, regnum.ru xabar saytida bu borada e’lon qilinayotgan har to‘rtta xabardan uchtasi armanilarning jabr chekayotgani va Ozarbayjonga nisbatan bildirilgan asossiz, yolg‘on xabarlardan tashkil topgan. Bu esa o‘ris tilini biladigan boshqa davlatlardagi o‘quvchiga o‘ris propagandasini yedirish va O‘rusiya nuqtai nazarini singdirishga xizmat qiladi.
 
Armaniston o‘ziga xayrixoh jurnalist va OAVlarga o‘z eshigini keng ochib qo‘ygan. O‘tgan hafta Tog‘li Qorabog‘da yarador bo‘lgan o‘ris jurnalistlar "Ozarbayjon jurnalistlarni o‘qqa tutdi" qabilida yoritilib, dunyo hamjamiyati va o‘ris tilli o‘quvchilarda biryoqlama fikr uyg‘otishga urinildi. 
 
Prezident Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ BMT tomonidan Ozarbayjonning bo‘linmas parchasi o‘laroq tan olinganini, shuning uchun urushni yoritib, u yerga bormoqchi bo‘lgan jurnalistlar Ozarbayjonda akkreditatsiyadan o‘tishlari zarurligi, shunda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilishini, Armaniston orqali bu hududlarga kirganlar esa Ozarbayjonga noqonuniy kirgani sababli mamlakatdan chiqarib yuborilishini, agar ular o‘z xatosini tan olib, bu haqda tashqi ishlar vazirligiga bildirishsa, akkreditatsiya berilishi mumkinligini aytdi. 
 
Shu o‘rinda, lenta.ru xabar saytida chiqqan "Karabaxskiy tupik" — "Boshi berk ko‘chadagi Qorabog‘" maqolasiga to‘xtalmoqchiman. Uni armani Leonid Nersisyan va Kseniya Bogachova yozishgan.
 
Birinchidan, ozariy va armanilar o‘rtasida yuritilayotgan urushni tahlil qilish tarafsiz jurnalistga topshirilishi zarur edi. 
 
Ikkinchidan, agar buning iloji bo‘lmasa, xuddi shu maqolada ozariy jurnalist fikrini ham yoritish kerak edi. Dunyo tajribasida shunday qilinadi. 
 
Endi maqoladagi yolg‘on, boshi aytilib — oxiri aytilmagan, o‘quvchini chalg‘itish maqsadida ataylab buzib ko‘rsatilgan misollarga to‘xtalmoqchiman. 
 
Mualliflar Tog‘li Qorabog‘ning dunyoda tanilgan otini bir chetga surib, uning o‘rniga asosan armanilar qo‘yib olgan "Arsax" degan otini yozishgan. 
 
Urush harakatlari boshlangan 27 sentyabrdan otashkesim e’lon qilingan 9 oktyabrgacha 480 ta Armaniston va Arsax askarlari o‘ldirilgan bo‘lsa, Ozarbayjon tomonidan 4000 harbiy yo‘q qilinganmish. Bu raqamlar qayerdan olingani yoki o‘liklar soni qanday sanalgani haqida hech gap yo‘q. 
 
Eng katta yolg‘onlardan biri — urushning ilk kunlarida go‘yoki F-16 turk harbiy uchog‘i armanilarning Cu-25 harbiy uchog‘ini urib tushirgani haqidagi "feyk" bo‘ldi. Mualliflarga ko‘ra, ozariy tarafi oldiniga buni rad qilibdi-yu, keyinchalik dalillar ko‘rsatilgandan keyin prezident Aliyevning o‘zi buni tan olganmish. Bu bilan, ozariylar "armani hududiga hujum qilgani" sabab, Armaniston kollektiv xavfsizlik tashkilotiga a’zo davlatlar, birinchi o‘rinda — O‘rusiyani o‘z tarafida urushga kirishiga erishmoqchi edi. 
 
Holbuki, Ilhom Aliyev Ci-En-En va Skay TVga bergan intervyusida haqiqatan ham yoz oylarida harbiy o‘quvlarda qatnashgan ikkita turk F-16 uchog‘i Ganjadagi aeroportda turgani, uchirilmagani, agar uchgan bo‘lsa, buni har qanday mamlakat radarida bemalol ko‘rish mumkinligini bildirib, armanilarning yolg‘onini chippakka chiqargandi.
 
Bombardimonlar natijasida Tog‘li Qorabog‘da 53 tinch armani aholi o‘ldirilgani yirik harflar bilan berilgan. Prezident Aliyev buni turar-joy binolari bombalangan strategik ob’yektlarga qo‘shni ekanligi bilan izohlab, hech qachon ataylab tinch aholini nishonga olmasliklarini bildirdi.
Buning teskarisi — armanilar front liniyasidan 60 km (!) uzoqlikdagi Ganja va boshqa shaharlarga uchirgan raketa hujumlari oqibatida 30 dan ortiq tinch aholi o‘ldirilgani maqola mualliflari fikricha e’tiborga loyiq fakt emas ekanki, bu haqda umuman bilgi berilmagan. Ozarbayjonda o‘lgan tinch aholi orasida bir keksa armani ayol borligini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu o‘limlar haqida lom-mim demagan jurnalistlar Ganja aeroporti bombardimon qilinishiga huquqiy baho berishni ham "unutishgan".
 
Bu ham yetmagandek, "armanilar Ozarbayjon shaharlariga raketa otgani haqidagi xabarlar yolg‘on" degan fikrni isbotlashga urinadilar. 
 
Maqolaga ilova qilingan rasmlarning hammasi armanilar ishg‘oli ostidagi hududlarda olingan. Ozarbayjonda mingdan ortiq turar-joy bombardimonlar natijasida vayron qilingani haqida birorta so‘z yo‘q.
 
Mualliflar shonli armani armiyasi qanday qilib Ozarbayjon askarlarini "yo‘q qilayotgani" borasida ham yolg‘onlarni do‘ndirishgan. "Ozariy armiyasi falon shahar yo qishloqni ozod qildi" degan xabarlar yolg‘on emish. Bugungacha 200 dan ortiq armani tanki yo‘q qilinib, yana ular tashlab qochgan 30 dan ortiq tank qo‘lga kiritilgani ham mualliflar e’tiboriga tushmagan.
 
Turkiyaning qardosh Ozarbayjonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganidan mualliflar behuzur bo‘layotgani ravshan bo‘lib qolgan. Ular "ozariylar Turkiyada ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘larni qo‘llashyapti" deb yozib, bu bilan turklar haqida yomon taassurot uyg‘otishmoqchi bo‘ladi. Holbuki, Ilhom Aliyev chet el OAVlariga bergan intervyularida mamlakati turli davlatlardan qurol sotib olgani, bular orasida O‘rusiya, Belarussiya, Ukraina, Isroil va Turkiya borligini ochiq aytdi. 
 
Harbiy manbalarga ko‘ra, Turkiyadan olingan aslaha Ozarbayjon sotib olgan barcha qurollarning 10 foizini tashkil qiladi, xolos. Shundan 30 foizi esa O‘rusiyaga to‘g‘ri kelgan. Lekin, mualliflar bu haqiqatni aytmay, Turkiyani o‘quvchi ko‘z o‘ngida olabo‘ji qilib ko‘rsatishga urinishgan. 
 
Maqola so‘nggida mualliflar "urush natijasida Ozarbayjon nari borsa janubda ozgina, shimolda esa undanda oz yerini qaytarib olishga erishadi, xolos" deb bashorat qilishgan.
 
Endi maqolada bayon qilinganlarning aksini ko‘rsatgan nodir misol: erkin "Novaya Gazeta" muxbirining Tog‘li Qorabog‘dagi haqiqiy ahvol yoritilgan maqolasi e’lon qilindi. Unda Xankendi (Stepanakert) shahrida madaniyat uyida yig‘ilish o‘tkazayotgan 600 askar va politsiya ustiga bomba tushgani, juda ko‘pchilik o‘lgani, armanilar urushdan bezor bo‘lgani va boshqa faktlar keltirilgan. 
Armaniston tashqi ishlar vazirligi jurnalistdan maqolani saytdan olib tashlashni talab qildi. Rad javobi olingach, jurnalist Armanistondan chiqarib yuborildi. 
 
Boshqa o‘ris OAVlari "Yaqin sharqdan kelgan yollanma terrorchilar ozariylar bilan birga jang qilishyapti" deb jar solishyapti. Ozarbayjonning "dalili bormi?" degan savoliga esa "manbalarning aytishicha" deyishdan nariga o‘tishmayapti. 
 
Buning tom teskarisi — Armaniston armiyasi saflarida 1915 yillarda hozirgi Iroq, Livan va Suriya tuproqlariga surgun qilingan armanilarning ajdodlari, shuningdek Yunoniston, Fransa, Kanada kabi davlatlarda yashayotgan armani millatiga mansublar o‘layotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalayotganini ular "ko‘rishmayapti".
 
Endi, O‘zbekistondagi axborot muhitiga kelsak.
 
2000-yillar boshlarida qo‘shni Qirg‘iziston hukumati mamlakat janubidagi hududlar O‘zbekiston televideniyesi ta’siri ostidaligidan qattiq tashvish bildirishgandi. Oxir-oqibat, 2010 yilgi ikkinchi o‘zbeklar qirg‘inidan so‘ng O‘sh va Jaloloboddagi o‘zbek TVlari qirg‘izchaga o‘tkazilib, o‘zbek jurnalistlar ishsiz qoldi. 
 
O‘sha davrlarda Tojikiston prezidenti Xo‘jand viloyatidagi chekka bir qishloqqa borgan va o‘quvchilar bilan gaplashgan. Bolalar "prezidentimiz Islom Karimov" deyishganida ancha to‘polon chiqqan ekan. Natijada, tezlik bilan tojik TVsini retranslyasiya qiladigan qo‘shimcha minoralar qurishga pul topilgan.
 
Yuqoridagi misollar chet el OAVlari xalq orasida o‘zlari yashayotgan yurt haqida istalmagan fikrlar yaratishga qanchalik hissa qo‘shishini isbotlaydi. 
 
Qattiq davlat nazorati ostida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston OAVlari Tog‘li Qorabog‘dagi urush haqida yetarli bilgi tarqatmayapti, tahliliy jurnalistika yo‘q hisobi. O‘zbekistonliklar bu mavzu tafsilotlarini asosan O‘rusiya OAVlari, xususan, bemalol ko‘rish mumkin bo‘lgan o‘ris telekanallaridan olishmoqda. 
 
O‘ris tilli aholi esa yangiliklarni faqat o‘ris telekanallari va internet nashrlaridan o‘rganishadi. "Nima bo‘pti?" deganlar ham bo‘lishi mumkin. Bitta misol: Toshkentda davlat idoralariga kelib, xodimlarga "seni Putinga shikoyat qilaman" degan kishilar bo‘lgan. 
 
Aslida, yuqoridagilarning hammasi O‘zbekiston milliy xavfsizligiga tahdid soladigan jiddiy unsurlardir. 
 
Endi, bu ham kamlik qilganidek, xalq ta’limi vaziri hamma bitiruvchilar o‘ris tilini bilishiga erishishni rejalashtirganini bayon qilibdi. Milliarder yurtdoshimiz Alisher Usmonov esa bu "xayrli ish"ga besh million dollar ajratibdi. Sobiq bosqinchi davlatdan o‘ris tili o‘qituvchilari desanti ham yetib kelaqoldi. 
 
Aslida, men til o‘rganishni doim yoqlab kelaman. Bir necha tillarni bilganlarga havas qilaman. O‘zim o‘zbek, turk, o‘ris va ingliz tillarini bilaman. Lekin, marhum prezident Karimov davrida ingliz tilini o‘rganishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, hozirgi kunda nega o‘rischani bilish dolzarb masalaga aylanib qolganiga bir ko‘z tashlaylik.
 
Hammaga ma’lum, O‘rusiyada mardikorlik qilayotgan o‘zbekistonliklar soni bir necha milliondan ortiqdir. Adashmasam, bundan uch yilcha oldin Sankt-Peterburg meri shahardagi o‘zbeklar soni salkam bir million ekanini aytgandi. Ularning aksariyati malakasiz, qora ishlarda ishlagani yetmagandek, o‘rischaniyam bilishmaydi. 
 
O‘rusiyadagi ayrim ofislarda "Ona tilingizda gaplashish taqiqlanadi. Yashayotgan mamlakatingiz tilini biling" degan e’lonlar osib qo‘yilganini ko‘rsatgan rasmlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan. Afsuski, hech qaysi davlat rasmiylari bunday diskriminatsiya qiluvchi e’lonlar yuzasidan bayonot bilan chiqmadi.
 
Bir qarashda, o‘ris tilini hamma o‘quvchilar o‘rganishini ta’minlash olijanob ishga o‘xshaydi. Va, yana shuni afsuslar bilan qayd qilamanki, O‘zbekiston OAVlarida haqiqiy tahlil yo‘q. Doim tanganing bir tomoni yaltiroq qilib ko‘rsatilib, ikkinchi tomoni haqida lom-mim deyilmaydi. 
 
O‘rusiya aholisi yildan-yilga ozayib boryapti. O‘rischa bilgani uchun O‘rusiya OAVlarini kuzatib borgan va o‘ris propagandasini yoqlovchi mardikorlar mamlakat uchun juda arzon va qulay topilmadir. Tub aholi qora ishlarda mehnat qilishni o‘ziga or deb biladi, ularning o‘rniga mehnat migrantlari ishlaydi. O‘zbekiston kabi aholisi qashshoq yurtlar vakillari ish yo‘qligi sababli, O‘rusiyaga bir burda non topish ilinjida kelishi esa hali-veri to‘xtamaydi. 
 
Har qanday tayoqning ikkita uchi bo‘ladi. Men ancha yillardan beri tilmoch bo‘lib ishlayman. Xizmat vazifam davomida o‘zbek tilidan boshqa til bilmaydigan, lekin o‘zbek tilida ayrim sohalarda aytilgan gaplarni tushunolmaydigan o‘zbekistonliklarga ham tilmochlik qilib beraman. Bu tilimiz maishiy til darajasidan ko‘tarilolmayotganining dalilidir. 
 
O‘zi O‘zbekistonda davlat tili amal qilishini ta’minlash yo‘liga o‘ris tili katta to‘g‘anoq bo‘lib turgani hech kimga sir emas. Hozir jamiyatda yuz berayotgan voqealar esa, afsuski, o‘zbek tili mavqeini ko‘tarishga xizmat qilmaydi. 
 
Men xalq ta’limi vaziri "ta’lim o‘ris tilida olib boriladigan maktablar bitiruvchilari o‘zbek tilini ham ona tiliday egallashiga erishishni, buning uchun darslarning yarmini o‘zbek tiliga o‘tkazilishini rejalashtiryapmiz" deyishini, milliarder Alisher Usmonov esa bu vazifa uchun mablag‘ ajratib, yuz minglab o‘zbek o‘qituvchilari qo‘shimcha kirim bilan ta’minlanib, turmush darajasi ko‘tarilib, xalq ichida obro‘si qayta tiklanishiga hissa qo‘shadigan kunni ko‘rishni istayman.

Til jonli organizmga o‘xshaydi — agar kundalik hayotning hamma sohalarida ishlatilmasa o‘sha sohalarda rivojlanishdan to‘xtab, o‘z ko‘rinishini yo‘qotib, o‘rnini boshqa tilga bo‘shatib bera boshlaydi. 

Shimoliy Amerikada tub aholi — qizil tanlilar so‘zlashadigan 110 dan ortiq tilda so‘zlashuvchi odam qolmagan. Tilchi olimlar fikricha, asrimiz so‘nggida hozirgi dunyo tillarining teng yarmi yo‘qolib ketadi. Bu — har ikki haftada bir til qaytarib bo‘lmaydigan abadiyatga ketyapti, degani.
 
Dono xalqimiz aytganidek, o‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан