Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Tojikistonga tashrif..." Bu hafta Prezidentning ish grafigi qanday bo‘lishi ma’lum qilindi
7.06.2021 13:05,  
214

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berildi. Jumladan, hafta boshida Prezidentimiz huzurida qurilish, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ular – Chirchiq daryosi o‘zanini qisqartirib, atrofini obodonlashtirish, Toshkent aeroporti ko‘prigini kengaytirish, Texnopark va Magic Citydagi loyihalardir.  

–Taqdimotda ko‘rsatilgan loyihalardan biriga alohida to‘xtalmoqchiman, – dedi Sherzod Asadov. – U ham bo‘lsa, Alisher Navoiy qabrini obod qilish ishlaridir.

Ma’lumki, Navoiy bobomizning qabri Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahrida. Bugungi kungacha bu joyga umuman e’tibor berilmagan edi. Shu bois davlatimiz rahbari Alisher Navoiy maqbarasini obodonlashtirish vazifasini qo‘ygan edilar. Afg‘onistonda oxirgi yillardagi ijobiy o‘zgarishlar, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ikki mamlakat o‘rtasida uyg‘ongan iliqlik va hamkorlik tufayli bu xayrli ish amalga oshadigan bo‘lib turibdi.

Loyihaga ko‘ra, u yerda faqat ta’mirlash yo tiklash ishlari emas, katta majmua qurish maqsad qilingan. Unda maqbaradan tashqari masjid, muzey, ayvonlar, avtoturargoh va bog‘lar bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lib, joylardagi holat bilan tanishdi, ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni belgilab berdi.  

2 iyun kuni Prezidentimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 24-31 may kunlari bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egallagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi. Ishonamizki, davlatimiz rahbarining mehrli so‘zlari, bergan daldalari bu yil Yaponiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida ularga katta ruhiy madad bo‘ladi.

3 iyun kuni yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur sohada tartib-intizomni mustahkamlash, ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilanmoqda.  

Yangi tizim yaratilishi natijasida yerga bo‘lgan mulk yoki ijara huquqi auksion orqali sotiladi. Qishloq xo‘jaligi yerini ijaraga berish bo‘yicha ochiq tanlov yakuni viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadi, tuman hokimligi va g‘olib o‘rtasida ijara shartnomasi elektron shaklda tuziladi.  

Hafta davomida mintaqaviy ahamiyatga molik voqealar ham bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali suhbatlashdi.  

4 iyun kuni davlatimiz rahbari ushbu mamlakat Senati raisi Maulen Ashimbayevni qabul qildi. Bu muloqotlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bir nechta hujjatlar ham imzolandi.

Jumladan, 31 may kuni “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.  

2 iyun kuni davlatimiz rahbari “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmon hamda uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan qarorni imzoladi. Ularga muvofiq, avvalgi “O‘zstandart” agentligi negizida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi hamda yangi agentlikka qo‘shimcha vakolatlar berildi.

4 iyun kuni Prezidentimiz aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga oid farmon qabul qildi.  

Sherzod Asadov bu haftada kutilayotgan tadbirlar  haqida ham ma’lumot berdi.  

Jumladan, bugun barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish dasturi yuzasidan taqdimot, ertaga chorvachilikni rivojlantirish hamda ozuqa bazasini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilangan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 10-11 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif bilan boradi. Asosiy muzokaralar tashrifning birinchi kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi. Tashrifning ikkinchi kunida Xo‘jand shahrida qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан