Toshkent shahri va Toshkent viloyati shifoxonalari yagona muassasa sifatida birlashtirilishi mumkin

Toshkent shahri va Toshkent viloyati shifoxonalari yagona muassasa sifatida birlashtirilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyun kuni sog‘liqni saqlash va kommunal xizmat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati va poytaxtimiz tumanlarida bo‘lganida, shuningdek, 28 may kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kommunal tarmoqlarni yangilash, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘ygan edi. Shu borada mutasaddi vazirlik va hokimliklar tomonidan boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Xususan, Toshkent viloyatida 4 ming 938 ta ko‘p qavatli uy bor. Ularga 36 ta servis kompaniyasi va 369 ta shirkat xizmat ko‘rsatadi. Shirkatlarning yarmidan ko‘pi og‘ir ahvolda. Xizmatlar o‘z vaqtida va sifatli bo‘lmagani, zamonaviy yondashuvlar joriy etilmagani oqibatida iste’molchilar norozi.

Tadbirda hududdagi shu kabi kamchiliklar tanqid qilindi. Loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, tizimni to‘g‘ri tashkil etib, aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan aloqalarida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyat berilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatida Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi bilan yaqin sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. Taqdimotda ushbu hamkorlik asosida amalga oshiriladigan iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar haqida ma’lumot berildi. Prezidentimiz loyihalarni tanqidiy baholab, hamkorlikni izchil kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari bundan bir oy oldin Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, bu yo‘nalishdagi shifoxonalarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ulardan kelib chiqib, 27 may kuni Prezidentning «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi binolar qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Buning uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Binoni loyihalashtirishda xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi inobatga olingan.

Yangi markazda pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirishlar, zanjir reaksiyali analizatorlar, magnit-rezonans tomografiya, angiografiya uchun zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi. Immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi.

Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, barcha hududlardagi onkologiya shifoxonalaridagi sharoit, davolash sifati o‘rganilgan. Bunday kasalliklar bo‘yicha eng ko‘p murojaat Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallariga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, ularda barcha bemorlarning qariyb 37 foizi davolangan.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyati shifoxonalarini yagona muassasa sifatida birlashtirish taklifi bildirildi. Buning natijasida salohiyatli mutaxassislar va yuqori texnologik uskunalar bir joyda jamlanib, davolash sifati oshadi, bemorlar sarson bo‘lishining oldi olinadi.

Malakali shifokorlar tayyorlashga qaratilgan rejalar haqida ham ma’lumot berildi. Shu maqsadda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Hamkorlik doirasida kelgusi ikki yilda yurtimiz talabalarini Rossiyaga o‘qishga yuborish, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Pirogov nomidagi universitet filialini ochish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni ma’qullab, ularni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, taqdimotda tijorat banklari tomonidan shakllantirilgan loyihalar ham ko‘rib chiqildi.