Toshkentda odamlarni qurol bilan qo‘rqitgan qozog‘istonlik narkosavdogar qo‘lga olindi

Toshkentda odamlarni qurol bilan qo‘rqitgan qozog‘istonlik narkosavdogar qo‘lga olindi

«Postda»ning yozishicha, Toshkent shahar IIBBga asli Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan va qariyb bir yildan buyon O‘zbekistonda yashab kelayotgan Said (ism-shariflar o‘zgartirildi)ning shubhali harakatlari bo‘yicha ma’lumotlar kelib tushgan.

Ma’lumotlar bilan tanishib chiqqan IIV sohaviy xizmat xodimlari zudlik bilan qo‘shimcha kuzatuv ishlarini boshlagan. Buning uchun Saidni qo‘lga olish va uning qanday faoliyat bilan shug‘ullanishini aniqlashtirish zarur bo‘lgan.

Kuzatuv natijasida to‘plangan ma’lumotlarga asosan Toshkent halqa yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan Cobalt mashinasini to‘xtatib, IIV maxsus kuchlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida u qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, amaliyot davomida uning hamrohlari voqea joyidan ochiqdan ochiq qochishga uringani tufayli ular Saidning jinoiy sheriklari ekanligi oshkor bo‘lgan. Qo‘lga olish yakuniga yetgach, mashina yukxonasida Saidga tegishli sumkadan oldindan taxmin qilinganidek, «Stechkin» markali jangovar o‘qotar qurol va 13 dona patron topilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan uch marta sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan Said 2018 yilning sentyabr oyida aylanma yo‘llar bilan O‘zbekistonga kelgan.

Tintuv jarayonida Said va sheriklarining giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘lgan. Saidning kiyim-boshlari ko‘zdan kechirilganda gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Tergov jarayonida u Toshkent tumani Keles ko‘chasidagi vaqtincha yashayotgan uyida o‘ziga tegishli 30 ta polietilen paketga qadoqlangan giyohvandlik moddasi borligini ham tan olgan.

Giyohvand moddalarni Qirg‘iziston fuqarosi Rustam ismli shaxsdan olganligini aytgan Saidga Tojikistondan ham bir necha marta giyohvandlik moddalari olib kirganligini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan.

Giyohvand moddalar keltirishda unga mashinada qo‘lga olingan hamrohlari A. Makarenko va S. Botir yaqindan yordam berib kelgan. Cobalt yo‘lovchilaridan yana biri B.Olim tekshirilganda uning yonidan ham giyohvandlik moddasi topilgan.

Surishtiruv davomida Said jinoyatga moyilligi va pulga muhtojligi bo‘lgan shaxslarni yig‘ib, bosqinchilik bilan ham shug‘ullanib kelganligi haqidagi faktlar oydinlashgach, avtomashina yukxonasiga «Stechkin» va uning 13 dona patronidan odamlarni qo‘rqitish, bosqinchilik qilish, narkotik moddalarni olib kirish va sotishda foydalanilgani oydinlashgan.