Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Toshkentda qimorda yutqazgan talaba o‘ziga pichoq urdi. Unga hukm o‘qildi
25.08.2021 18:24,  
335

“Yolg‘onning umri qisqa”, degan ibora hammamizga yaxshi tanish. Haqiqatan ham bu gapda yuz foiz jon bor. Yolg‘on ishning qachondir misi chiqib, boshqalarni aldamoqchi bo‘lgan odamning yuzi shuvut bo‘lib qoladi. Quyidagi voqeamiz qahramoni ham o‘z qilmishini yolg‘on bilan berkitmoqchi bo‘ldi. Ammo bu ishning uddasidan chiqolmadi...

 

O‘ziga-o‘zi pichoq urdi

Sudlanuvchi Nizom Ro‘ziyev (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) paynet do‘konida ishlab turib, ushbu do‘kon kassasidagi MChJ rahbari Najot Tashboyevga tegishli bo‘lgan 6.000.000 so‘m miqdordagi naqd pullarni paynet orqali, ijtimoiy tarmoqdagi virtual o‘yiniga yutqazib qo‘yadi. Bu pullarni qaytara olmasligini bilib, do‘kondagi shkaf tortmasida turgan pichoq bilan o‘zining qorin sohasiga tan jarohati yetkazadi. Keyin Toshkent shahar IIBBning “102” raqamiga go‘yoki noma’lum shaxs unga pichoq bilan tan jarohati yetkazib, do‘kon kassasidagi 6.000.000 so‘m pullarni bosqinchilik yo‘li bilan tortib olganini aytib, yolg‘on xabar beradi.

 

“Yolg‘on xabar berish jinoyat ekanligini bilmaganman”

Sudlanuvchi Nizom Ro‘ziyev sudda ayblovga to‘liq iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

— 2020 yilning oktyabr oyidan beri shu paynet do‘konida ishlab kelaman. Vazifam uyali aloqa kompaniyasiga tegishli sim kartalarni, uyali telefon apparatlari uchun turli aksesuarlarni sotish, kartalarni faollashtirish va avtotransport vositalarini sug‘urta qilishdan iborat edi. Voqea sodir bo‘lgan kuni har doimgidek soat 08.40 da ishga keldim, shu kuni kechgacha do‘kon kassasida taxminan 6 million so‘mga yaqin pul yig‘ildi. Buni ko‘rib, menda uni aylantirish, yutsam, ustidan qolgan pulni o‘z foydamga ishlatish fikri tug‘ildi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi virtual o‘yinga mazkur pullarni tushirdim. Ya’ni bu o‘yinga pul tikib, hisobdagi 6 million so‘mni yutqazib qo‘ydim. Bundan jahlim chiqib, telefonimdagi o‘yinni o‘chirib tashladim. Shuncha pulni joyiga qaytarib qo‘ya olmasligimni tushunib, qo‘rqib ketdim. “Endi do‘kon egasiga nima deyman?” degan o‘y tinchlik beramadi. Shundan keyin noma’lum shaxs kelib, pichoqlab, pullarni olib ketdi, deyman, deb reja tuzdim. Shkaf tortmasida turgan pichoqni olib, chap biqinimga tiqdim. Pichoq tig‘i taxminan 1,5 sm.lar kirganidan keyin qornimdan qon sizib chiqa boshladi. Buni ko‘rib, do‘kon egasi Najot Toshboyevga, keyin onamga qo‘ng‘iroq qilib, tuzgan rejam bo‘yicha noma’lum shaxs hujum qilib, pullarni olib ketganini aytdim. Shundan so‘ng do‘kon egasi va otam do‘konga yetib kelishdi. Najot Toshboyev mening so‘zlarim bo‘yicha “102” ga qo‘ng‘iroq qildi. Otam meni zudlik bilan kasalxonaga olib ketdi, u yerda besh kun davolandim. Surushtiruv davomida IIB xodimlariga yolg‘on ko‘rsatma berdim. Yolg‘on gapim tez orada fosh bo‘ldi. Bu ishni 6 million so‘mni qaytara olmasligimdan qo‘rqib, qildim. Jinoyat haqida bilib, ammo yolg‘on xabar berish ham jinoyat ekanligini bilmaganman. Avvalari ham ijtimoiy tarmoqlarda turli xil o‘yinlarni o‘ynab, yutqazib qo‘ygan holatlarim bo‘lgan. Oilamiz moddiy jihatdan yaxshi, ya’ni pulga muxtojlik joyim bo‘lmay o‘sganman. Hozirda qilgan ishimdan afsusdaman, oliy ta’lim muassasasi talabasi ekanligimni, qilgan ishimdan pushaymonligimni inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashingizni so‘rayman.

Hukm o‘qildi

Nizom Ro‘ziyev JKning 237-moddasi, 2-qismining “a,g” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi va shu moddaga JKning 57-moddasini qo‘llab, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Akmal Mirzaxonov, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi rais o‘rinbosari,

Lola Shoimova jurnalist

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан