Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahrida “Sankt-Peterburg davlat universiteti” filialini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokama uchun qo‘yildi, deb xabar beradi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Hujjatga muvofiq, mazkur filial Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahri, Mirobod tumani, M.Oybek ko‘chasi, 16A-uy manzilida joylashadi.
Filialda ta’limning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi. Ta’lim Rossiya universiteti tasdiqlangan o‘quv reja asosida rus tilida amalga oshiriladi.
Umumiy talabalar sonining 30 %idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat byudjetidan talabalar o‘qishi uchun grand mablag‘lari ajratiladi.
Qaror loyihasi 20 iyunga qadar muhokamada bo‘ladi.