Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Toshkentdagi “Kosmonavtlar” bog‘i nega iflos yoki “Siniq oynalar nazariyasi”ni bilasizmi?
2.09.2019 17:01,  
107

Bir necha yil Qozog‘istonda jurnalist va teleboshlovchilik qilgan Yelena Sparks Toshkentdagi noxush holat haqida taassurotlarini Feysbuk sahifasida yozdi:

Shu yil yanvar oyining boshidan buyon ona shahrim Ostonadan kelib, Toshkentda yashayapman. Garchi bu yerga to‘satdan, o‘zim ham kutmagan tarzda kelib qolgan bo‘lsam-da, tabiiylik va go‘zallik shaydosi sifatida shaharda maysazor va bog‘larning ko‘pligi meni o‘ziga maftun qildi.

Boshida shaharda hammasi yaxshi edi. Biroq oxirgi vaqtda, xususan, tonggi sayrlarim paytida bir qator joylarda ekologik holat kundan-kunga yomonlashayotganini payqay boshladim. Men har kuni ertalab bir necha soat vaqtimni “Kosmonavtlar” bog‘ida o‘tkazaman. Bu yer kechqurun ko‘plab odamlar yig‘iladigan, ulardan keyin esa tog‘-tog‘ chiqindi uyumlari qoladigan joy – ertasiga ertalab esa faqat chiqindi qutilari va ularning atrofigina tozalanadi. Qolgan chiqindilar esa yig‘ilib boradi, kamiga hech narsaga e’tibor bermaydigan odamlar yana qo‘shimcha shisha idishlar va muzqaymoq qog‘ozlarini itqitib ketadi.

Bir necha kun davomida chiqindilarni qanday tozalashlarini kuzatdim: ayni hududga atigi 1-2 kishi tozalashga chiqadi (to‘g‘risi, bundan boshqa odam ko‘rmadim). Aniqki, bu yerda yig‘ilgan chiqindini atigi ikki qo‘l bilan tozalash imkonsiz ish.

Men bu vaziyatga tuman yoki shahar hokimiyatining diqqatini tortish va ular qandaydir harakatga qo‘l urishlarini istardim. Bu yerda faqat birgina hududni eslatyapman, bu chiroyli shaharda esa bunday joylar ko‘p. Bundan tashqari, bir qator ko‘pqavatli uylarning hovlisida ham, yo‘laklari oldida ham chiqindi tashlash uchun hech qanday qutilar yo‘qligini ko‘rdim. Qo‘limda turgan chiqindini qayerga tashlashim kerak?

Men bu mamlakat fuqarosimanmi, yo‘qmi – muhim emas. Muhimi, biz barchamiz bir yerda yashaymiz va menimcha, fikrlar va madaniyatlar mushtarakligi o‘zimiz yashab turgan tevarak-atrofni toza saqlash, buning uchun qayg‘urishdan boshlanadi.

So‘zim oxirida Nyu-York qanday qilib iflos va jinoyatchilarga to‘la shahardan madaniy, xavfsiz poytaxtga aylangani haqidagi tarixni eslatmoqchiman: u yerda “Siniq oynalar nazariyasi” amalga oshirilishi natijasida jinoyatchilik 56% ga kamaygan edi.

Niderlandiyadagi Groningen universiteti sotsiologlari bu borada ketma-ket oltita tajriba o‘tkazib, ijobiy natijaga erishishgan:

“1980 yillarda Nyu-York do‘zaxga o‘xshardi: bu yerda har kuni 1 500 ta og‘ir jinoyat sodir bo‘lib, ulardan 6-7 tasi qotillikka to‘g‘ri kelardi. Tunlari ko‘chada yurish xavfli, metroda esa kunduzi ham tavakkal qilib yurilardi. Yer osti o‘tish yo‘llarida talonchi va tilamchilarni uchratish oddiy hol edi. Bo‘sh va iflos metro bekatlari yaxshi yoritilmas, vagonlar sovuq, oyoq ostida chiqindilar qalashib yotar; metro bekatlari, vagonlarining devor va tomlari turli yozuvlar, xunuk rasmlar (graffiti) bilan qoplangandi.

1994 yilda Nyu-York meri bo‘lib saylangan Rudolf Juliani va Nyu-York politsiyasining yangi komissari Uilyam Bratton devorga rasm chizib ketish, metroda chiptasiz yurish, tilamchilik, rezina tayoqlar bilan guruh-guruh bo‘lib urushish va shu kabi mayda huquqbuzarliklarga qarshi kurash e’lon qilishdi. Odamlar boshida bunga e’tibor berishmadi, nomaqbul chora deb bilishdi. Ammo Juliani tanqid va masxaralashlarga qaramay “siniq oynalar”ga qarshi izchil kurash olib bordi. Bu esa oxir-oqibatda shaharda jinoyatchilik miqdori kamayishiga olib keldi. Nyu-York aholisi avvalgidan chiroyliroq va xavfsizroq shaharga ega bo‘ldi. Politsiyaga bo‘lgan ishonchning ortishi esa faqat mayda huqubuzarliklar emas, og‘ir jinoyatlarni ham hal qilishga imkon berdi. 1990 yillar oxiriga kelib Nyu-Yorkda shaxsga qarshi jinoyatlar 56% ga kamaydi va bu butun AQSh hududiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi”.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан