Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Toshloq sudyasi avtomobilga orqa yon oynalariga parda o‘rnatish haqidagi IIV YHXBB bayonotiga munosabat bildirdi
11.09.2019 15:18,  
968

2019 yil 6 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarida Buxoro shahar ma’muriy sudi tomonidan avtomobillarning orqa yon oynalariga pardalar o‘rnatish mumkinligi to‘g‘risida qaror chiqarilganligi haqida tarqatilgan xabarlar tarqatilgandi. O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bu xabar haqida bayonot bilan chiqqandi.

Ichki ishlar vazirligining transport vositalarini boshqarishda avtomashinalarning orqa va yon oynalariga parda taqib harakatlanishni taqiqlanishi haqidagi chiqishlari esa fuqarolar tomonidan ba’zi e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Farg‘ona viloyati Toshloq tuman ma’muriy sudining raisi Abrorjon Akramov Toshloq tumanida ko‘rilgan ish misolida IIV YHXBB bayonotiga munosabat bildirib, tahlillarini bayon etdi. Uning xulosalari O‘zA saytida e’lon qilindi:

"Yaqinda Toshloq tuman ma’muriy sudi tomonidan ham avtomashinaga parda taqish bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqildi.

Fuqaro X.Abdurahimov 2019 yil 9 iyun kuni soat 1200larda boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinani Toshloq tumani markazida avtomashinaning orqa va orqa yon oynalariga qora rangli parda taqib olib boshqarib ketayotganida Farg‘ona viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.

YHXB xodimlari yo‘l harakati qoidalarining 3-ilova 7.3-bandi talablariga zid ravishda parda taqib olingan, degan vaj bilan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishgan.

Haydovchi qonunda pardaga taqiq yo‘qligini, taqiq faqat “tonirovka” uchun borligini, ushbu holat bo‘yicha tuman IIB YHXB Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 126-moddasi bilan asossiz qaror qabul qilgan deb hisoblashini bildirib, ma’muriy suddan qarorni bekor qilishni so‘raydi.

Sudning joriy yil 6 avgustdagi qaroriga ko‘ra, Toshloq tuman IIB YHXBning 2019 yil 10 iyuldagi bayonnoma bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi MJtK 126-moddasining 1-qismi bilan X.Abdurahimovga nisbatan eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida (5 068 250 so‘m) jarima jazosi tayinlash haqidagi qarori bekor qilinib, ish yuritish to‘xtatilgan.

Sud tuman IIB YHXBning qarorini bekor qilish haqidagi qarorni qabul qilishda quyidagi holatlarga e’tibor qaratgan.

Toshloq tuman IIB YHXBning 10 iyuldagi ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorida X.Abdurahimov 9 iyun kuni boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli transport vositasini yo‘l harakati qoidalarining 3-ilova 7.3-bandi talablarini buzib, ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) transport vositasidan foydalanib kelib, bu bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 126-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb ko‘rsatilib, X.Abdurahimovga nisbatan eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtK 126-moddasining 1-qismida texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek, haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, ushbu huquqbuzarlik uchun eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining (2019 yil 3 avgustga qadar kuchda bo‘lgan) 3-ilovasi 7.3-bandida haydovchining joyidan (!) tevarak-atrof ko‘rinishini cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan va qoplamalar tushirilishi taqiqlanishi belgilangan.

7.4-bandida esa, III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining ikki yoniga orqa tomon ko‘rinishini ta’minlaydigan tashqi ko‘zgu o‘rnatilgan bo‘lsa, orqa va yon oynalariga parda, shuningdek, M1 toifadagi (M1 toifasi-yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari) avtotransport vositalarining orqa oynalariga chiy parda va darparda o‘rnatishga ruxsat etiladi, deb ko‘rsatilgan.

Ushbu normaning o‘ziga xos tarafi shundaki, ish bo‘yicha arizachi boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashina M1 toifadagi avtomashinalar toifasiga kiradi. Mazkur bandda avtomashinaning old, orqa va yon oynalari jumlasi ishlatilgan bo‘lib, orqa oyna deganda avtomashinaning aynan qaysi qismi ekanligi aniq ko‘rsatib berilmagan. Chunki avtomashinani old va orqa yon oynalari mavjud bo‘lib, ularni farqlash zarur. Ushbu bandda aynan orqa yon oynaga parda o‘rnatishga taqiq mavjud emas, ya’ni bunday harakat taqiqlanmagan. Mazkur ishda arizachi avtomashinasining orqa yon eshiklariga parda o‘rnatib olgan bo‘lib, qonunda orqa yon oynalari aniq ko‘rsatilmagani, orqa oynalarga chiy parda va darparda o‘rnatishga ruxsat etilgani inobatga olinib, qaror qabul qilingan.

Shuningdek, ish hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i X. Saydaliyev tomonidan imzolangan 2019 yil 15 iyundagi aloqa xati mavjud bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 3-ilovasining 7.4-bandi talablari bo‘yicha barcha transport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm. dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo‘lmagan polosa shaklda o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) bo‘lsa, shuningdek, transport vositalari yon oynalarini sochiq yoki quyoshni to‘suvchi boshqa materiallar bilan vaqtincha yopib qo‘yilgan holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmasligi bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Muhokama qilinayotgan huquqbuzarlikni aniqlashga mas’ul bo‘lgan organni bo‘ysunuvidagi bo‘limlarga rasmiy ravishda bu kabi ko‘rsatmani berishini o‘zi qonundagi noaniqlikni tan olgandek go‘yo.

Shuningdek, huquq doirasidagi qonunchilikka ko‘ra tartibga solinmagan munosabatlar va noaniqliklar ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning foydasiga hal qilinishi belgilab berilgan. Sud, ushbu normalarga asoslanib, yuqoridagi banddagi noaniqliklarni huquqbuzar foydasiga hal qilishni lozim, deb topgan.

Toshloq tuman IIB YHXB qaror qabul qilishda aynan Yo‘l harakati qoidalari 3-ilovasining 7.3-bandi talablari buzilganini e’tirof etib, orqa va orqa yon oynalariga qora rangli parda taqib olgani sababli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan, deb topgan.

Sudda va ish hujjatlaridan aniqlangan holatlarga ko‘ra, X.Abdurahimov boshqaruvidagi tranpsort vositasini orqa oynalariga parda taqib olib, yuqoridagi qoidalarda ruxsat etilgan huquqidan foydalangan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtK 126-moddasining 1-qismi dispozitsiyasi mazmuniga e’tibor berilsa, texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan (!) tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish uchun javobgarlik belgilangan. X.Abdurahimov ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan foydalanmagan. U avtomashinaning orqa va orqa yon oynalariga vaqtincha qora rangdagi pardalarni taqib olib transport vositasidan foydalangan.

Ish hujjatlarida “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston standartlashtirish metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2019 yil 15 maydagi aloqa xati mavjud bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan davlatlararo standart GOST 33988-2016 “Avtomobilnie transportnie sredstva. Obzornost s mesta voditelya. Texnicheskiye trebovaniya i metodi ispitaniy”ning 2.12-bandiga muvofiq haydovchining joyidan tevarak-atrof ko‘rinishi maydonning ustki chegarasi deb, haydovchi ko‘zlari va jami maydonning ostki chegarasini tashkil qiladigan, uchta boshqa tekisliklar darajasida o‘tadigan, gorizontal tekislik orasida joylashgan, 1800 sektorda old ko‘rinishning shartli maydoni hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Qonunga e’tibor berilsa, haydovchining o‘rnidan (!) tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish uchun javobgarlik mavjud. Standart talablarida ham aynan haydovchining o‘rnidan tevarak-atrof ko‘rinishi maydonning ustki chegarasi sifatida haydovchi ko‘zlari va jami maydonning ostki chegarasini tashkil qiladigan, uchta boshqa tekisliklar darajasida o‘tadigan, gorizontal tekislik orasida joylashgan, 1800 sektorda old ko‘rinishning shartli maydoni hisoblanishi ko‘rsatilgan.

Demak, yuqoridagi qoidadan haydovchi boshqaruv rulida o‘tirgan joydan o‘ziga nisbatan oldindagi 1800 sektorda old maydon tevarak-atrof ko‘rinishi hisoblanadi va bu holatda orqa yon eshiklarda pardalarni bo‘lishi tevarak-atrofni ko‘rishni cheklamaydi. Ayni holatda yengil avtomashinaning orqani ko‘rsatuvchi ikki yon ko‘zgulari mavjudligi orqani bemalol ko‘rinishini ta’minlab berishi ham mumkin.

9 iyun kungi voqeada qonunda transport vositasini orqa yon oynalariga parda taqib olinishiga oid rasmiy cheklov mavjud bo‘lmagan. MJtK moddasiga ko‘ra, taqiq faqatgina haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha o‘rnatilgan narsalar yoki surtilgan qoplamalarga ta’luqli bo‘lgan. Sud X.Abdurahimovni transport vositasining orqa, yon oynalariga parda taqib olishi uni avtomashinani boshqarishida tevarak-atrofni ko‘rishini cheklamaydi, degan asosli xulosaga kelgan.

Albatta, sud qaror qabul qilishda davlat organlari yoki boshqa muassasalarning rasmiy munosabatlari yoxud qonunni qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlariga emas, balki qonun talabiga asoslanib qaror qabul qiladi. Zero, sudning vazifasi eng avvalo qonun ustivorligini ta’minlash.

Yuqoridagilarni asoslanib, sud arizachi X.Abdurahimovning shikoyat arizasini qanoatlantirib, Toshloq tuman IIB YHXBning qarorini bekor qilib, ishni yuritishni to‘xtatishni belgilashni lozim topgan.

2019 yil 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 3-ilovasi 7.4-bandiga o‘zgartirish kiritilib, muqaddam M1 toifadagi avtomashinalarga berilgan huquq chiqarib yuborildi. Ya’ni, M1 toifadagi avtotransport vositalarining orqa oynalariga chiy parda va darparda o‘rnatishga ruxsat etiladi, degan jumla olib tashlandi. Lekin, mazkur band bilan barcha toifadagi avtomashinalarning orqa oynalariga parda (chiy parda, darparda) o‘rnatishga ruxsat berildi. Demak, muqaddam M1 toifadagi avtomashinalarning orqa yon oynalariga parda o‘rnatishga taqiq bo‘lmagani sababli M1 toifadagi avtomashinalar yangi qarorda chiqarib tashlanganini tushunish mumkin.

Qarorda III klass M3 toifadagi (M3 toifasi - yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan ko‘p bo‘lgan avtotransport vositalari, Klass III- konstruksiyasi faqat o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari) avtotransport vositalari yon oynalariga parda o‘rnatish mumkinligi aniq ko‘rsatib berilgan va noaniqliklar bartaraf etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 9-moddasida “Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilib turuvchi qonun hujjatlari asosida javobgarlikka tortiladi” deb belgilangan.

Shunga e’tibor qaratish lozimki, Toshloq tuman ma’muriy sudi yuqoridagi qarorni joriy yil 6 avgust kuni qabul qilgan bo‘lsa-da, 9 iyun kuni sodir etilgan go‘yoki huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy ishni ko‘rib chiqqan. Bu holatda sud MJtKning 9-moddasi talabidan kelib chiqib, 9 iyun kuni amalda bo‘lgan qonun normalariga asoslanib ish ko‘rgan. Ya’ni, o‘sha paytda qonuniy kuchda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 7.3 va 7.4 bandlarini muhokama qilgan. 2019 yil 2 avgust kuni esa aynan mazkur normalar hukumatning tegishli qarori bilan o‘zgartirilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, 2019 yil 3 avgustdan boshlab bu boradagi munosabatlarga aniqlik kiritilganini nazarda tutib, qonunchilikni qo‘llash lozim bo‘ladi".

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан