Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Totalizator sirtmog‘i
24.11.2019 12:12,  
1080

Yosh jamiyatni zaharlash

Yaqinda totalizatorlarni qonuniylashtirish haqida tashabbus ilgari surilayotgani haqida ma’lumot tarqaldi. Agar bu sodir bo‘lsa zaifhol jamiyatimiz jismiga yangi zahar singdirilgan bo‘ladi.

Millat bir asrdan ortiq davom etgan kolonial istibdodi ostidan chiqishi bilanoq deyarli o‘ttiz yillik diktatura bosimiga duchor bo‘ldi. Bunday tutqunlikdan endigina chiqa boshlagan millatni mustaqil ong, sog‘lom tafakkur va ijodkor mehnatga kengroq jalb qilish o‘rniga kimdir uni yangi ijtimoiy fitnalarga duchor qilmoqchi bo‘layotgandek.

Yetilmagan ong egasi mehnat mashaqqatini ko‘rmay tezda boyib ketishini xohlaydi. Ommaviy ko‘ngil ochdi namoyishlar, uzluksiz reklama va atrofdagilar hoyu-havas va hasad o‘chog‘iga tinmay o‘t qalaydi. Maoshlar oz va mansablarda o‘sish yo‘llari tor ko‘ringan vaqtda besabr inson qandaydir «mo‘’jizaviy yutuqni»ni qo‘msaydi.

Kimdir qog‘oz lotoreya va ichimlik qopqlaridan omad kutsa, boshqa shaxs temir qurbaqa, irimlar va qabrlarga umidini bog‘lab qo‘yadi. Orzu og‘ushi odamlarni «nigeriyalik bankir» bilan yozishmaga, «tarmoqli marketing» o‘rgimchak uyasiga va «ahmadboylar» piramidasiga eltadi. Darhaqiqat, besabrlik tabiati xos bo‘lgan inson uchun shayton xilma xil tuzoqlar tayyorlab qo‘ygan.

“Germaniya jamoasi yutishini xohlayman. Chunki otam men yiqqan pullarimning hammasini o‘yinga tikib yubordi”

Jirkanch «sport»

Bukmekerlik va totalizatorlarda sport o‘yinlari natijasiga pul tikib, yutuq olish imkoniyati va’da qilinadi. Bu ayni qimor o‘ynidan boshqa narsa emas. Bukmeker qimorbozlar o‘rtasida go‘yoki o‘rtakashlik qilayotgan vositachidek o‘zini ko‘rsatadi, aslida u o‘yinchini «azart» sirtmog‘iga tushirib, bechorani uzoq vaqt «sog‘ib» boradi.

Totalizator qimori ruhiy kasallikka oson aylanadi, uning nomi – ludomaniya. Inson o‘ynay boshlagach xuddi narkotikka o‘rgangandek pul tikishlarga bog‘lanib, irodasidan mahrum bo‘ladi. Totalizator qurboni topgan pulini o‘yinlarda isrof qiladi, oilasini qurita boshlaydi, birovlardan qarz, bankdan kredit olib tubi ko‘rinmas jarlikka qulay boshlaydi...

Sport natijalarini oldindan bilish uchun «o‘yinchi» qimorboz turli sportchilar jamoalari faoliyatlarini kuzatishga qimmatli vaqtini bag‘ishlab yuboradi, o‘zicha natijalarni oldindan topgandek ham bo‘ladi. Ammo ayrim hollarda yutgan puli avvalgi yutqazishlarni qoplamaydi va yana o‘yinlarga tikilib yo‘q bo‘lib ketadi.

Davlatga foydasi yo‘q

«Bukmekerlikni legallashtirish davlat byudjetiga katta soliq tushumini tushiradi» deydiganlarga javobimiz:

Birinchidan, qimor o‘yinida asosan ijtimoiy va ruhiy zaiflashib qolganlar hisobidan soliq yig‘ish ayni adolatsizlikdir.

Ikkinchidan, bukmeker daromadining 99 foizi soliq qilib olingan taqdirda ham qimorbozlikning jamiyatga keltirgan qaqshatqich ziyonining 1 foizini ham qoplay olmaydi! Qanchadan qancha oilalar baxtsiz bo‘lib bolalar tirik yetim qoladi, qanchadan qancha insonlar ijtimoiy foydali mehnatdan chalg‘iydi, yana qanchalari jinoyat ko‘chasiga kirib ketadi.

Davlat mansabdorlari insoflariga quloq tutib bukmekerlikni lobbizm qilayotganlarga keskin rad javoblarini berishlari zarur. Buning o‘rniga odamlarni tadbirkorlik faoliyati, yangi bilim va ko‘nikmalarni ortirishga qaratilgan turli loyihalarni imkon boricha targ‘ib qilish, halol mehnat va ijodlari bilan katta yutuqqa erishgan vatandoshlarimizni ommaga olib chiqib yoshlarga namuna sifatida ko‘rsatishga e’tibor berilsa jamiyat gullab yashnaydi. Davlatning asosiy maqsadi ham shu emasmi?

Azon.uz saytidan olindi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан