Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiya falastinliklarni himoya qilish uchun xalqaro mexanizm yaratishga chaqirdi
16.05.2021 19:32,  
228

Turkiya falastinliklarni himoya qiluvchi xalqaro mexanizm yaratish zarur deb hisoblaydi. Bu haqda Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari majlisida mamlakat TIV rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li aytib o‘tdi, deb yozadi «RBK».

«Falastin bo‘yicha birdamligimizni va qat’iyligimizni namoyon qilish vaqti keldi. Umma (musulmon dunyosi) bizdan yetakchilik kutmoqda. Turkiya barcha zarur qadamlarni tashlashga tayyor», — dedi u.

Chavusho‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, tashabbus Falastinning tinch aholisini BMT Bosh assambleyasining 2018 yilgi rezolyusiyasiga muvofiq himoya qilishga qaratiladi (shu yili bir nechta rezolyusiyalar qabul qilingan edi, masalan, Isroilning Sharqiy Quddusda falastinliklarga nisbatan inson huquqlariga daxldor xatti-harakatlari haqida, falastinlik qochqinlarga yordam haqida va boshqalar). «Buni amalga oshirish — bizning majburiyatimiz», — dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, mexanizm ko‘ngilli mamlakatlar tomonidan kiritilgan moliyaviy to‘lovlar hisobidan yaratilishi mumkin.

TIV rahbari ta’kidlashicha, Yaqin Sharqda keskinlikning oshishi uchun Isroil javobgar, uning Sharqiy Quddusdagi al-Aqso masjidini nazorat qilishi hamda Isroil sudida ba’zi falastinlik oilalarni Ibodatxona tog‘i hududidagi uylardan ko‘chirib yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqishi sababchidir.

G‘azo sektorida Isroil tomonidan uyushtirilgan bombardimonlar va Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘idagi to‘qnashuvlar oqibatida 202 kishi halok bo‘ldi, 5 mingdan ortiq odam yaralandi. 181 nafar falastinlik G‘azo sektorida Isroil aviazarbalaridan halok bo‘lgan. Ular orasida 52 nafar voyaga yetmagan shaxslar va 31 nafar ayollar bor. Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida norozilik aksiyalarini bostirish chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan.

Isroil tomoni o‘n nafar qurbon haqida xabar berdi. Mamlakat Mudofaa armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridan Isroil tomonga 2,9 mingta raketa otilgan.

14 may kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil «barcha chegaralardan chiqib ketgani»ni aytib, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi.

Falastin-Isroil nizosining 2014 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli avj olishi may oyida Isroil hukumatining Quddusda bir qator arab oilalarini ko‘chirib yuborish qaroridan keyin boshlandi. Bu noroziliklarni keltirib chiqardi hamda Quddusda arab namoyishchilar va Isroil politsiyasi o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

Vaziyatga HAMAS aralashdi. Isroil uning politsiyani olib ketish haqidagi talablarini bajarmaganidan keyin, guruh raketalar otishni boshladi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini o‘qqa tutdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан