Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiya-Suriya mojarosi: voqealar rivoji
15.10.2019 11:18,  
663

AQSh Turkiyaning Shimoliy Suriyaga hujumiga javoban mamlakatning ikki vazirligi va hukumatdagi uch rasmiyga nisbatan sanksiya qo‘lladi.

Shuningdek, AQSh vitse-prezidenti Mayk Pensning aytishicha, prezident Donald Tramp turk hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali suhbatda undan “zudlik bilan sulh tuzish”ni so‘ragan.

Pens yana “imkoni bo‘lishi bilan” mintaqaga safar qilish niyatidaligini bildirgan.

Avvalroq Suriya armiyasi qo‘shinlari mamlakatning shimoli-sharqiy hududlariga kirgan edi. Bu turk qo‘shinlari bilan to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.

Suriya qo‘shinlarining Turkiya bilan chegaraga yaqin yerlarga joylashtirilishi o‘tgan haftagacha AQShning ittifoqchisi sanalgan kurd harbiylari bilan kelishuv ortidan yuz bergan.

Turkiya harbiy hujumdan maqsad kurd kuchlarini chegara mintaqasidan uzoqroqqa surib tashlash va rasmiy Anqara “xavfsiz hudud” deb atayotgan tartibni o‘rnatish ekanligini aytib keladi.

Bu “xavfsiz hudud” chegaradan Suriya ichkarisiga 30 km (20 mil) kirib borishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Turkiya bu yerga o‘z hududidagi suriyalik qochqinlarning 2 millionini joylashtirmoqchi.

Qochqinlarning aksari kurd bo‘lmagani tufayli mahalliy kurd aholini yashab turgan joyidan ko‘chirish evaziga amalga oshadigan bu amaliyot “etnik tozalash” degan tanqidlarga uchrayapti.

AQSh sanksiyalari nimani ko‘zda tutadi?

Dushanba kuni ertalab Vashingtonda jurnalistlarga gapirgan AQSh Moliya vaziri (G‘azna kotibi) Stiven Mnuchin sanksiyalar “o‘ta qattiq” bo‘lishi va Turkiya iqtisodiga kuchli zarba berishi haqida aytdi.

Moliya vazirligi chiqargan bayonotda bu sanksiya Turkiyaning mudofaa va energetika vazirliklari hamda mudofaa, energetika va ichki ishlar vaziriga qarshi qaratilgani aytilgan.

“Turkiya hukumatining amaliyotlari tinch fuqarolarni xavf ostiga qo‘yib, mintaqani beqarorlashtiryapti, shuningdek, IShIDga qarshi harakatlarni ham yo‘qqa chiqaryapti”, deyiladi bayonotda.

Mnuchin bilan bir vaqtda bayonot bergan vitse-prezident Pens sanksiyalar “Turkiya zudlik bilan sulh tuzib, zo‘ravonlikni to‘xtatib, Turkiya-Suriya chegarasidagi muammolarni hal etish uchun uzoq muddatli muzokaralarni boshlamagunicha davom etishi”ni bildirgan.

Uning aytishicha, prezident Tramp dushanba kungi qo‘ng‘iroqda bu haqda Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onga takroran eslatgan.

Pensga ko‘ra, AQSh Turkiyaga “Suriyaga bostirib kirish uchun yashil chiroq bermagan”.

Avvalroq AQSh Turkiyaning Suriyaga “nomaqbul” kirishi u yerdagi qamoqxonalarda saqlanayotgan ko‘plab IShID jangarilarining qochishiga olib kelganini aytgandi.

Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Turkiyaga qurol-yaroq eksportini to‘xtatish haqida bayonot berdi, ammo qurol-yaroq embargosi amalga oshmadi. Bunga javoban Turkiya Yevropadagi hamkorlardan “noqonuniy va tarafkash” munosabatga uchrayotganini aytib chiqdi.

Hududda nimalar bo‘lyapti?

Suriya davlat televideniyasi Rossiya qo‘llovidagi mamlakat qo‘shini Turkiya barpo etmoqchi bo‘layotgan “xavfsiz hudud” ichidagi strategik shahar – Manbijga kirgani haqida xabar bergan. Turkiya askarlari va ularning ittifoqchisi bo‘lgan Ozod Suriya Armiyasi harbiylari ham ayni shahar atrofida to‘planyapti.

Kurd harbiy kuchlari bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra Suriya prezidenti Bashar Asadning qo‘shinlari 2012 yildan beri birinchi marta mamlakat shimoli-sharqidagi minataqalarga kirgan. O‘shanda rasmiy armiya Suriyaning boshqa hududlaridagi isyonchilar bilan urushish uchun u yerdan olib chiqilganida kurd harbiylari mintaqani nazoratga olgan edi.

Kurdlarning o‘z-o‘zini boshqarish harakatlari Suriya prezidentiga ma’qul kelmasa ham ular IShIDga qarshi AQShning ittifoqchisiga aylangach, Asad bu mintaqani qaytadan nazoratga olishga intilmagan.

Hozircha Suriya qo‘shinlari Tal-Abyad va Ras-ayl-Ayn shaharlari o‘rtasida joylashtirilmayapti. Chunki bu yerlarga Turkiya o‘z kuchlarini yo‘naltirgan.

Erdo‘g‘onning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya hukumati Suriyada rus va turk qo‘shinlari to‘qnashuvi ehtimolini rad etib, Turkiya hukumati bilan doimiy aloqada ekanligini bildirgan.

BMTning Insonparvarlik ishlarini yo‘naltirish offisiga ko‘ra chegarada to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon 160 000 ga yaqin tinch fuqarolar o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Suriya tomonda kamida 50, Turkiya tomonda esa 18 fuqaro halok bo‘lgan. Kurd kuchlari o‘zining 56 jangchisini yo‘qotganini bildirgan, Turkiya esa 4 turk askari va 16 suriyalik ittifoqchi askar halok bo‘lganini aytgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан