Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishlar: voqealar guvohi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi xotiralari
16.07.2019 11:29,  
226

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er janoblarining 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada dunyoning eng xoin va ayyor terroristik tashkiloti FETO tomonidan sodir etilgan va turk xalqining g‘alabasi bilan yakunlangan davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi “Milliy irodadan boshqa kuchni tan olmagan millatning 15 iyul shonli demokratiya kurashi va muhtasham g‘alabasi” nomli maqolasi e’lon qilindi.

Quyida ushbu maqolani qisqaroq holda keltiramiz:

«Turkiya Respublikasi 2016 yilning 15 iyul kuni kechasi tarixining eng qorong‘u kunini boshidan o‘tkazdi. Turkiya Qurolli Kuchlari tarkibiga kirib olgan FETÖ(Fathullohchi terror tashkiloti) mansublari 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada qonli davlat to‘ntarishiga urindilar. Bu urinish Anqara va Istanbul bilan birga Turkiyaning bir necha shahrida bir vaqtda ro‘y berdi. Istanbulning Bo‘g‘ozichi va Fotih Sulton Mehmet ko‘priklari, Otaturk aeroporti va Viloyat Ichki Ishlar Boshqarmasi binosi isyonchilar tomonidan qisqa vaqt bo‘lsa ham zabt etildi. Xavfsizlik va ichki ishlar bo‘linmalariga oid ba’zi binolar harbiy samolyot va vertoletlar vositasida bombardimon qilindi.

Turkiya Respublikasi tarixida ilk bor Prezident devoni, Bosh Vazirlik va Parlament binosi xoin isyonchi to‘da a’zosi pilotlar tomonidan bombalandi.

Isyonchilarning asosiy maqsadlari orasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘anni ag‘darish ham bor edi. Prezident Rajab Tayyib Erdo‘g‘an o‘sha kuni o‘zi tahlika va noqulay sharoitda bo‘lishiga qaramay, isyon boshlangan paytda telefon orqali milliy TV kanaliga bog‘lanib xalqqa murojaat qildi.Prezident Erdo‘g‘an video murojaatda mazkur isyonning Turkiya Qurolli Kuchlari tarkibiga kirib olgan bir hovuch terroristik kuchlar tomonidan amalga oshirilganligini aytdi. Turk xalqini demokratiya va milliy irodani himoya qilish uchun ko‘cha va maydonlarga chiqishga chaqirdi. Prezident Erdo‘g‘an o‘sha tunda katta bir xavf ostida Istanbulga keldi. Xoinlarcha uyushtirilgan isyonni bostirish uchun xalqning oldingi saflaridan o‘rin oldi.

15 iyul tunda Prezident Erdo‘g‘anning da’vatiga hamohang siyosiy partiyalar hamjihatlik bilan davlat to‘ntarishiga urinishning noqonuniy, davlat va millatga qarshi qaratilgan terroristik xoin va zolim bir harakat ekanligini ma’lum qildi. Barcha siyosiy partiyalarning deputatlari Turkiya Buyuk Millat Majlisiga zudlik bilan to‘planib, Majlis binosi bombardimon qilinishiga qaramay, to isyon bartaraf qilingunga qadar o‘sha joyda qolishdi.

Avvalo Rajab Tayyib Erdo‘g‘anning murojaatiga va o‘zlari mansub bo‘lgan partiya rahbarlarining da’vatlariga quloq tutib Turkiyaning barcha shahar va qishloqlarida xalq isyonga qarshi ko‘cha va maydonlarga otilib chiqdi. Turk xalqi Prezident, deputatlar va siyosiy liderlar atrofida birlashib, qurollar, harbiy samolyot va tanklardan o‘zlarini o‘qqa tutayotgan xoin isyonchilarga qarshi tik turdilar va ularning harakatlanishiga yo‘l bermadilar. O‘z Milliy parlamentiga bomba yog‘dirgan, qurolsiz fuqarolar ustiga tank bilan bostirib borgan, harbiy samolyot va vertoletlar bilan bombalagan terrorist isyonchilar, bu xiyonatga qarshi oyoq tirab, davlati va demokratiyani himoya qilishga chog‘langan 251 fuqaroning umriga zomin bo‘ldi va 2000dan ortiq vatandoshimizga jiddiy jarohat yetkazdi. Ular ichida haligacha davolanayotgan insonlar bor.

O‘sha tunda bo‘lib o‘tgan voqealar uzoq yillar mobaynida bir qancha xorijiy  razvedka tashkilotlarining ko‘magida hamda turli maxfiy va ayyorrona yo‘llar bilan Turkiya Qurolli Kuchlari tarkibiga kirib olgan Fathulloh Gulen va unga tobe yomonlik tarmog‘i xususiyatidagi terroristik tashkilot vakillarining Turkiya davlatini ag‘darib tashlashga urinishi edi. Ismiga munosib “tinchlik va omonlik dini” bo‘lgan islomni yovuz maqsadlariga bo‘ysundirgan, o‘zini “Koinot imomi” deya taqdim qilgan lo‘ttiboz va uning malaylari milliy armiyamizning millatga tegishli qurollarini qo‘lga kiritib olib uning bag‘riga xanjar sanchmoqchi bo‘lgan manqurt xoinlardir. Turkiya davlati, aslida, Fathulloh Gulenning haqiqiy basharasini 15 iyuldan ancha avval sezgan va harakatga tushgan edi. Bu tashkilotning davlat muassasalari tarkibiga kirib olgan a’zolarini aniqlashga kirishgan edi. Bu borada muhim bosqichga yetgan ham edi. Ammo 15 iyul davlat to‘ntarishiga urinish mavjud holatning naqadar jiddiy, naqadar teran va taxmin qilinganidan ko‘ra murakkab ekanligini namoyon qildi. Fathulloh Gulanning 40 yil mobaynida Turkiya davlatini qo‘lga olish uchun tashkil qilgan, fitnaga asoslangan tashkilotining barcha soxtakorliklari o‘rtaga chiqdi. FETÖ (Fathullohchi terror tashkiloti) mansublari Fathulloh Gulen ta’limoti asosida “hech kimga sezdirmasdan davlatning kapillyar qon tomirlarida faoliyat olib borishayotgan edi.” Va bosqichma-bosqich butun “vujudning barcha organlari”ni illat kabi o‘rab-chirmab olgan edi.

Turk millati 15 iyul kuni milliy irodaning qudratini, demokratiyaning oson erishiladigan narsa emasligini va bu yo‘lda qancha qurbon kerak bo‘lsa berishga tayyor ekanliklarini o‘z jasoratlari bilan butun dunyoga namoyish qildi. Turkiya adliya tizimi 15 iyul voqealaridan keyin o‘tgan uch yil mobaynida adolat va huquq tamoyillaridan og‘ishmay jiddiy tekshiruv olib borib juda ko‘p muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi. Olib borilgan tadbirlar natijasida terrorchi tashkilotning Turkiyadagi asosiy kuchi bartaraf qilindi. Ammo tahlika faqatgina Turkiya bilan chegaralanib qolmaganligi hammaga ma’lum. Terror tashkilotining ko‘pgina davlatlarda o‘xshash faoliyatlari mavjud. Ular boshqa davlatlar tarkibida xiyonat urug‘larini ekmoqda. Yashab qolish umidida global planda iqtisodiy-siyosiy e’tibor qozonish payida betinim faoliyat olib bormoqda. Turkiya barcha do‘st davlatlarni mazkur yashirin va ayyor terror tashkilotiga qarshi ogohlantirishni o‘z burchi deb biladi.

Turk xalqi davlat to‘ntarishiga qarshi qiyin sharoitlarda demokratiya va milliy iroda g‘oyasi atrofida bir tanu bir jonga aylandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, 2016 yilning 15 iyul kechasi muhtasham bir doston yozildi. Turkiya Respublikasi va turk xalqi 15 iyulni demokratiya g‘alaba qilgan kun sifatida tarix sahifalariga muhrladi. 15 iyul faqatgina kamdan-kam uchraydigan xiyonatgina emas, balki achchiq tajriba va turk millatining azmu irodasi hamda qahramonligining namoyishi hamdir. Turkiya Respublikasining mustaqilligi faqatgina tashqaridan emas, balki ichkaridan keladigan xavfga qarshi ham millat himoyasi ostida ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi».

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан