Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Turkiyani yig‘latgan Hoji Yo‘ldosh Marg‘iloniy kim edi?
25.04.2019 17:47,  
271

2018 yil 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari oldida chiqish qilgan Turkiya Jumhuriyati prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatlarimiz orasidagi tarixan shakllangan birdamlik munosabatlari haqida eslarkan, shunday degandi: “Turkiya tarixida muhim rol o‘ynagan Ozodlik urushida o‘zbeklar bizni doim qo‘llab-quvvatlab turdilar. Haj vazifasini ado etgandan keyin o‘z yurtiga qaytarkan, Chukurovada “Quvvayi milliya”ga qo‘shilgan turkistonlik ko‘ngillilar, Hoji Yo‘ldosh va do‘stlarining xotirasi qalbimizda abadiy saqlanajak”.

Turk millati xotirasida qolgan Hoji Yo‘ldosh asli kim edi?

Har bir millat ravnaqi uchun aql-zakovat, shu bilan birga shijoatu matonat, jismoniy barkamol kerak bo‘ladi. Bu borada o‘tgan ajdodlarning ibratli hayotini, tarixini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tarix ulug‘lar so‘zi bilan aytganda, “o‘tganlar, yashayotganlar va hali tug‘ilmaganlar o‘rtasidagi ittifoq”dir.

Marg‘ilonning qadimdan islom ilmlari markazi sifatidagi shuhrati barchaga ma’lum. Bu yerdan yetishib chiqqan faqihlar, muhaddislar, mufassirlarning ilmiy salohiyati nafaqat mintaqa va Movarounnahr miqyosida, balki butun islom olamida e’tirof etilgan. Qolaversa, yozma manbalarda marg‘ilonlik bahodir jangchilarning ta’rifi ham bayon etilgan. Xususan Mirzo Bobur “Boburnoma” asarida bunday yozadi: “Yana biri Marg‘inondur, Andijonning g‘arbidadur, Andijondin yetti yog‘och yo‘ldur. Yaxshi qasaba voqi bo‘lubtur… Eli sorttur va mushtzan va pursharu sho‘r eldur. Jangarilik rasmi Movaraunnahrda shoyidur, Samarqand va Buxoroda nomdor jangarilar aksar Marg‘inoniydur”.

O‘tgan XX asrda Marg‘ilon zaminidan yetishib chiqib, dushman qarshisida mardonavor tura olgan Madaminbek, Shermuhammadbek, Nurmuhammadbek singari ulug‘ bahodirlar Bobur Mirzo ta’riflagan nomdor jangchi Marg‘inoniylarning avlodi bo‘lsa ne ajab. Keyingi yillarda olib borilgan izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan yuz yillikda Marg‘ilondan yana boshqa o‘nlab ana shunday jasur o‘g‘lonlar yetishib chiqqan. Ana shulardan biri Hoji Yo‘ldosh Marg‘iloniydir.

Marg‘ilonga yondosh Qumtepa qishlog‘ining Ingichka ariq mavzesida Bobonazarboy avlodlari hayot kechirgan. Bobonazarboyning Toshmuhammad hoji, Eshmuhammad hoji, Mir Usmon hoji ismli uch o‘g‘li va Hoji ona ismli qizi bo‘lgan. Uchala o‘g‘il Marg‘ilonda savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Eshmuhammad hojining Yo‘ldoshboy, Alijon qori, Mulla Mirahmad, Mulla O‘runboy, Mulla Sotboldi, Mulla Ergash ismli o‘g‘illari va Hamroxon, Hojiqiz ismli qizlari bo‘lgan.

Marg‘ilondan Makkai mukarramaga

XX asr boshlarida Eshmuhammad hojining farzandlari ketma-ket Haj ziyoratiga boradilar. Yo‘ldoshboy ham 1912 yilda Hajga borayotib, Istanbulga keladi. Istanbulning bir qancha mavzelarida Turkistondan kelgan ziyoratchilar va sayyohlarga boshpana bo‘lsin deya o‘zbek takyalari qurilgan edi. Hajga otlangan turkistonliklar ham yo‘l-yo‘lakay takyalarga kirib o‘tishardi. Bir muddat qolib, bir juma namozida ishtirok etishar, mashhur sahoba Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhuning maqbarasini ziyorat qilishar, xalifa qabulida bo‘lib, so‘ngra Makkai mukarrama tomon yo‘l olishar edi.

Bu davrda Usmonli turk sultonligi nomi bilan dunyoga tanilib, o‘rta asrlarda jahondagi eng qudratli davlatga aylangan sulola og‘ir davrlarni boshidan kechirayotgan edi. Usmonli turk sultonligining so‘nggi hukmdorlaridan Mehmed V Rashid (1909-18) qo‘shinlari Bolqon yarim orolida davom etayotgan urushda katta talofatlar ko‘rar, qurbonlar soni kundan kunga ortib borar edi. Yo‘ldoshboy Istanbulning qay go‘shasiga bormasin, o‘sha joyda yaqinlaridan judo bo‘lgan musibatzada xonadonlarga duch keladi. Islomiy tarbiya olgan Yo‘ldoshboy ularning qayg‘usiga sherik bo‘ladi. Zero, hukamolar aytganidek, ofat va musibat yetgan kishilarning yor-do‘st, urug‘-aymog‘i ularni qo‘lla turishi lozim. Ollohning yo‘lida yaxshilik qilish, boshqalarga foyda yetkazib savobli ishlarga qo‘l urishni niyat qilgan oddiy dehqon bolasi Yo‘ldoshboy bu yurt va millat taqdiriga befarq qarab turolmasligini anglab, askarlikka yoziladi. Mojar olimi Herman Vamberi (1832-1913) ta’biri bilan aytganda: “…O‘zbek o‘z yerining g‘amini o‘zi yeydi va kimki dalada ibtidoiy omochni tortib yurgan oddiy, ishini halol bajaruvchi qishloq odamini ko‘rsa, bu dehqonni Markaziy Osiyoni zabt etuvchi va haqiqiy xo‘jayini deb tasavvur qilishi qiyin. Va aynan shu odam bizning vaqtgacha Markaziy Osiyoning xo‘jayini bo‘lib keldi. Chunki, shu oddiy, omoch tortib yurgan o‘zbek kerak bo‘lgan paytda otga irg‘ib mina oladi va qo‘liga qurol olib o‘zini jang maydonida ko‘rsatadi”.

Askarlik uchun badal

Yo‘ldoshboy Bolqon yarim orolida 1912-13 yillarda bo‘lib o‘tgan ikki urushda ko‘ngilli askar sifatida ishtirok etadi. Urushdan so‘ng Hajga ketib, ziyorat arkonlarini bajaradi. Hoji Yo‘ldosh ota-onasiga olgan hadyalar bilan Hajdan qaytar vaqtida – 1914 yilda Birinchi jahon urushi boshlanadi. Usmonli turk sultonligi tasarrufidagi arab cho‘llarida fransuzlar bilan janglar avjiga chiqadi. Dushmanga qarshi harakatlarda arablarning sustligini ko‘rgan Hoji Yo‘ldoshning hamiyati, g‘ururi jo‘sh uradi. Bolaligida Qo‘qon xonligini bosib olishda Chor Rusiyasi askarlari ko‘rsatgan shafqatsizliklarni eshitib ulg‘aygani bois, kelajakda yuz berajak fojialarni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunib yetgan edi. Ayniqsa, 1898 yilda Andijonda Dukchi eshon qo‘zg‘oloni tufayli aholining qirg‘inbarot qilinishi Hoji Yo‘ldoshdek er yigitlarni hurriyat uchun kurashishga undadi. O‘sha yillari Hoji Yo‘ldosh qayerda bo‘lganini aniqlay olmadik. Qo‘zg‘olon va chor hukumati soldatlarining vahshiyligi oqibati – ko‘chalarni to‘ldirib yotgan minglab otilgan, osilgan, kaltaklab o‘ldirilgan gunohsiz qurbonlar… Ko‘cha-ko‘ylarda hukumat askalarining hujumi ostida tasvirlashga til ojiz ahvolga keltirilgan mayitlarning qonga bulg‘anib, etlari yorilib, uzilib, cho‘zilib yotgan manzarasi, mahalliy chor ma’muriyatining vahshiyligi tufayli dor ostida yuragi yorilib o‘lgan bolalaru kattalar, gunohsiz odamlarning hayvondan tuban holda kaltaklanishlari… Bu mash’um voqea Hoji Yo‘ldoshning ko‘nglida og‘ir tuyg‘ularni uyg‘otgan bo‘lishi aniq.

Alixonto‘ra Sog‘uniy aytganidek, “Mo‘minlar hech vaqt o‘limdan qo‘rqmagaylar, urushda o‘lib, shahodat topgan mo‘minlar Allohning eng aziz mehmonlaridur. Bu urush maydonlarida sabr qilgaylarkim, bu o‘rinda bahodirlik, qo‘rqmaslik kerakdur. Chunki qo‘rqoqlik tuganmas xorlik kelturur. Botirlik uzilmas davlatga yetkirur. Qo‘rqoq o‘g‘illar ota-bobolarining hurmat sharaflaridan ayrilib, doimiy qullikda qolgaylar. O‘z vatanida, o‘z uyida turug‘lik musofir g‘arib bo‘lgaylar. Eng oxiri dushmanlar qo‘lida xoru zorlikda yurib o‘lgaylar”.

Mazlumlarni dushman tajovuzidan himoya qilishni muqaddas burch deb bilgan Hoji Yo‘ldosh Turkistondan kelgan bir necha hamrohi bilan askarlikka qo‘shilishni niyat qiladilar. Biroq bo‘linma kapitani askar bo‘lish uchun ham badal to‘lash kerakligini aytadi. Shunda Toshpo‘lat hoji turkistonlik do‘stlari uchun ham badal sifatida besh usmoniy tillo tanga to‘laydi. Tez orada turkistoniylarni janglarda ketma-ket ko‘rsatgan jasoratlarini ko‘rgan o‘sha turk zobiti ulardan badal sifatida olgan pullarini egalariga qaytarib beradi. Undan buning sababini so‘rashganida: “Men arablarga nega sizlar ko‘ngilli bo‘lib askarlikka yozilmaysiz, nega nomusingizni, ayollaringiz, farzandlaringiz, mol-davlat va vataningizni himoya qilmaysizlar. Turkistondan kelganlardan ibrat olmaysizlarmi?” deb so‘raganimda, ular ”Turkistoniylar pulsizlikdan, ehtiyoj tufayli askarlikka yollanmoqdalar” deb javob berdi. Shu sababdan atayin men sizlarni sinash uchun to‘lovdan so‘z ochgan edim. Bildimki, sizlar ehtiyojdan emas, aksincha burch tufayli askar bo‘lgan ekansizlar” deb javob beradi.

«Biz shu yurtning suvini ichdik!»

Hoji Yo‘ldosh va uning turkistonlik hamrohlari Birinchi jahon urushida Suvaysh kanalida bo‘lgan muhorobalarda ham ishtirok etadilar. Vaqtinchalik tuzilgan sulh tufayli turk qo‘shinlari ortga chekinishga majbur bo‘ladi.

Tarixdan ma’lumki, Birincha jahon urushida Usmonlilar davlati Germaniya tomonida turib urushadi. 1918 yilning 30 oktyabrida Turkiya Antanta davlatlariga taslim bo‘ladi. Antanta davlatlari Turkiyani ishg‘ol qiladi. Turk xalqi orasida milliy ozodlik harakati boshlanadi. Turkiyada Ozodlik urushi (Kurtuluş Savaşı) deb atalgan bu umummilliy harakatga Mustafo Kamolposho (Otaturk) boshchilik qiladi.

Hoji Yo‘ldosh o‘sha yillari Adana shahri qaytadi. Bir muddat tirikchilik o‘tkazish uchun Adana va Tarsus yo‘llarida savdogarlik bilan shug‘ullanadi. U shu tarzda Marg‘ilonga ketish uchun mablag‘ to‘plamoqqa kirishadi. Biroq bu vaqtlarda fransuzlar Chukurovani bosib olgan, chor-atrofda fransuz va armanlar tomonidan tinch aholiga ko‘rsatilayogan zulmlar kuchayib boradi. Yorboshi degan joyda toshkentlik Hoji Usmon, Abdurahmon va Inoyatxon ismli turkistonlik hamrohlarining o‘ldirilishi oqibatida Hoji Yo‘ldosh savdogarlik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

U vatanga qaytayotgan hojilarga ota-onasiga olgan hadyalarini topshirib, omonatini yetkazishlarini iltimos qiladi. “Bizlar shu yurtning tuzini ichdik. Bitta nonni ham birga baham ko‘rdik. Endi o‘zaro birlikda, ittifoqlikda dushmanga qarshi qo‘limizga qurol olmasak, Qur’on hukmini buzib dinimizga xiyonat qilgan bo‘lamiz” deb shu yerda qoladi va umummilliy harakatga qo‘shiladi.

Dushmanni qo‘rqitgan «Avtomatchi»

O‘sha yillarda Hoji Yo‘ldosh va uning do‘stlari “Quvvayi milliya” deb ataluvchi guruh bilan birgalikda dushman bo‘linmalariga yashirincha qilingan hujumlarda ishtirok etadi. Ammo bu harakatlar Hoji Yo‘ldoshni qoniqtirmaydi. Kunlarning birida u do‘sti Hofiz Abdullohga qo‘lidagi mollarini topshiradi. Agar halok bo‘lsa ushbu mollarini faqirlarga tarqatishni vasiyat qiladi. Ertalab Guchuk jome masjidida bomdod namozidan so‘ng yaqinlari bilan vidolashib, To‘ro‘slar degan manzilga boradi va Emin Po‘lat ismli turk qo‘mondoni qo‘l ostida jang qiladi.

“Novoye vremya” (1898 yil 24 iyun) gazetasi “Razvedchik” gazetasidan ko‘chirib bosilgan maqolaga e’tibor qaratar ekan, bunday yozadi: “Maqola muallifi fikricha, biz Farg‘onani bosib olgach, musulmonlar bizga xavfli emas, sartlar – qo‘rqoq, deb o‘z-o‘zimizni aldadik. Aslida esa unday emas. Sartlar nihoyatda jasur, tug‘ma jangchilardir. Buni hozir, o‘limga mahkum qilinganlarning qahramonona, zarracha qo‘rquv alomatisiz jon berayotgani ham tasdiqlayapti. Bunday botirlar yaxshi qo‘mondon qo‘l ostida mo‘jizalarni amalga oshirishi mumkin. Ular mag‘lubiyatining asosiy sababi mudom yaxshi qo‘mondonlik va rahbarlarning yo‘qligidir”.

Favqulodda jasorat va kuch sohibi bo‘lgan Hoji Yo‘ldosh tunlari bir o‘zi harakat qilib, fransuzlarning kichik harbiy istehkomlariga hujum uyushtiradi, dushman askarlarini o‘ldiradi. Tarsusda ekanida Mersindan Adanaga yo‘l chiqqan fransuzlarning harbiy poyezdiga bir o‘zi miltiq bilan hujum qiladi. Sarosimada qolgan fransuzlar poyezdni to‘xtatishga majbur bo‘ladilar. Otishmada Hoji Yo‘ldosh bir qancha dushman askarini halok qiladi. Qusun darasida ham yolg‘iz o‘zi bir qancha dushmanni yer tishlatadi. Fransuz askarlaridan tortib olingan miltiqlarni keyingi janglarda muvaffaqiyat bilan ishlatadi. Shu sabab ham u mintaqada “Avtomatchi” laqabi bilan shuhrat qozonadi.

Hoji Yo‘ldosh ham har gal maydonga shunchaki askar emas, balki Olloh yo‘lida o‘limdan qo‘rqmaydigan jangchi sifatida chiqar edi. Undagi shijoat, jasorat va quvvatni ko‘rib, dushman zobitining ruhi sinardi.

Hoji Yo‘ldoshning afsonaviy jasoratlari chor atrofga tarqaladi. Bundan xabar topgan Tarsusda yashayotgan 26 nafar turkistonlik ham harbiy bo‘linma kapitani Zaki Boltaliga qoshiga kelib, vatandoshlari Hoji Yo‘ldosh singari askar bo‘lish niyatini bildiradilar.

Tarixdan ma’lumki, qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar Qo‘qon xonligi tugatilib, Buxoro amirligi va Xorazm xonligi Chor Rusiyasi iskanjasiga tushib qolgan davrlarda ham davom etgan. Rusiya istilosi davrida Turkiston xonliklariga siyosiy va texnik yordam bergan Turkiya davlati mustamlakachilariga qarshi kurasharkan, turkistonlik qardoshlar ular bilan bir safda jang qildilar. 1921 yili Anqara hukumati va Mustafo Kamolning topshirig‘i bilan Turkistonga jo‘natilgan Ismoil Subhibey Toshkentda Turkiston Milliy birligini tashkil etishga katta hissa qo‘shgan edi. Turkiyaning bu kabi yordamlariga javoban turkistonliklar ham Turkiya milliy mujodalasiga yordam sifatida Buxoro amirligidan yuz million rubl hisobida yordam puli jo‘natganlar. Ammo bu mablag‘ning faqat 11 millioni Turkiyaga yetib kelgan. Qolgani ruslar qo‘liga o‘tib ketgan.

Hoji Yo‘ldosh Qovoqlixon, Murdko‘sa, Changtepa, Chanoqtepa, Dudali qishloqlarini ozod etishda misli ko‘rilmagan qahramonliklar ko‘rsatib qo‘mondonlik darajasiga erishadi.

Kim bo‘lib o‘lganing muhim!

1920 yil 28 may kuni Ballija qishlog‘i yonida bo‘lgan jangda Hoji Yo‘ldosh og‘ir yaralanadi. G‘alabalari va jasorati ila tillarda doston bo‘lgan Hoji Yo‘ldosh tongga yaqin jon beradi. Uning o‘limi Tarsus ahlini chuqur iztirobga soladi. O‘sha kuni askarlar xuddi qondosh birodarlari shahid ketgan kabi ko‘zyosh to‘kadilar. Xalq orasida Hoji Yo‘ldoshga atab marsiyalar to‘qiladi. “Kim bo‘lib tug‘ilganing emas, kim bo‘lib o‘lganing muhim” deydi ahli donish. Marg‘ilonning oddiy bir farzandi Hoji Yo‘ldosh ham Turkiyada Ozodlik urushida jasorat ko‘rsatib turk halqining milliy qahramoniga aylandi. Uning nomi dillarda muhrlanib qoldi.

Hoji Yo‘ldoshning Tarsus mozoridagi qabri

1997 yil Tarsus hokimiyati shahar qabristonida Hoji Yo‘ldosh Marg‘iloniy sharafiga yodgorlik o‘rnatdi. Turkiyada chop etiladigan “Istiqlol” gazetasining 2006 yil 23-sonida Kemal Duruning “Shahar qabristonidagi yodgorlik kimga tegishli yoki Ballijada shahid bo‘lgan Hoji Yo‘ldosh” nomli maqolasi e’lon qilindi. Hoji Yo‘ldoshning qahramonliklari Tarsus va Chukurova ahli tilida hamon doston bo‘lib kelmoqda.

Turkiyada Ozodlik urushiga bag‘ishlab olingan serialda ham Hoji Yo‘ldosh Marg‘iloniy va uning safdoshlari ko‘rsatgan qahramonliklar haqida lavhalar bor. Filmda jasur turkistonliklar turk xalqining iftixori bo‘lib qolajaklari aytilgan.

Nodirjon Abdulahatov,
Davronbek Tojialiyev

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан