Uchquduqdagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Uchquduqdagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Foto: yhxbb.uz

Navoiy viloyati Uchquduq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 22 sentyabr kuni soat 18:30 larda, Uchquduq tumani hududidan o‘tuvchi A-379 avtomobil yo‘lining 281-282 kilometrlari oralig‘ida “Uchquduq-Zarafshon” yo‘nalishida yuz bergan.

Foto: yhxbb.uz 

 

Lacetti avtomobilini boshqarayotgan haydovchi N.D. (1997 y.t.) yo‘lning xavfli burilish joyida qarama-qarshi bo‘lakka o‘tib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi J.J (1997 y.t.) boshqaruvidagi Nexia avtomobili bilan to‘qnashgan.

Ta’kidlanishicha, ikkala haydovchi ham xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlangan.

Natijada, “Neksiya” avtomobili yo‘lovchilari 57 yoshli R.D. voqea joyida va 24 yoshli S.M. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etishgan. Ushbu avtomobil haydovchisi 23 yoshli J.J. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Uchquduq tumani Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.