Ukraina aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-800 samolyoti 2020 yil 8 yanvar tunida Tehron osmonida halokatga uchrab, bortidagi 176 kishining barchasi halok bo‘lar ekan, Rossiya davlat telekanallari oxirgi lahzagacha Eron havo mudofaasi qismlari xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni rad etib keldi. Nihoyat 11 yanvarga kelib, Eron hukumati samolyot mamlakat harbiylarining xatosi tufayli urib tushirilganini tan oldi. Ammo shunda ham Rossiya federal kanallaridagi jurnalistlar bu voqeada AQShning qo‘li borligi va halokatga inson omili sabab bo‘lganini aytishdan to‘xtamadi.
10 yanvar kuni “Vesti” axborot ko‘rsatuvining kechki sonida Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning “samolyotga qarshi raketa zarbasi berilgani” haqidagi bayonotlari “navbatdagi highly likely” – “ehtimoliy tusmol” deb ataldi. (sobiq rossiyalik razvedkachi Sergey Skripal Angliyada zaharlanganida ingliz hukumati aynan Rossiyani bu ishga mas’ul deb ko‘rsatgan, o‘shanda rus TVlarida shu iborani ishlatish odatga aylangandi).
Rossiyaning “Perviy” (“Birinchi”) kanalida halokatning Eron taqdim etgan variantiga diqqat qaratilib, “hatto Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham samolyot urib tushirilgani bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni tasdiqlamagani”ga urg‘u berildi.
Bundan tashqari, Eron ushbu samolyot halokatiga mas’ulligini tan olgunigacha Rossiya telekanallari AQSh ommaviy axborot vositalarida tarqalgan, Boeing qulashiga Eron harbiylari aloqadorligini ko‘rsatuvchi havaskor videoni ham shubha ostiga oldi. Xususan, “Perviy” telekanali “AQShning kuch ishlatar tizimlaridagi nomi oshkor etilmagan manbalar sizdirgan” ma’lumotga ko‘ra “video muvofiqlashtirilgan holda olingani va o‘sha vaqtdagi tasvir tasodifga o‘xshamasligi”ga urg‘u berdi. “Rossiya-1” telekanali esa ushbu videoni birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqqa yuklagan shaxs “Londonda yashovchi eronlik ekani va u muntazam ravishda Eron hukumatini tanqid qilib kelgan”ini qayd etdi.
Russian Today’ning rus tilidagi sayti Eron o‘z xatosini tan olishidan bir necha soat oldin “Eronni iblis qiyofasida tasvirlash” – G‘arb Tehronni Boeing 737 qulashida qay tarzda ayblayapti” sarlavhali maqola chop etdi.
VGTRK jurnalisti Stanislav Natanzon Eronni “ochiqligi uchun” maqtab, Tehron “o‘zi tomonidan biron xatoga yo‘l qo‘yilmaganiga amin” ekanini aytdi. Uning hamkasbi Andrey Medvedev esa halokat tasvirlangan havaskor videoning haqiqiyligini shubha ostiga oldi.
Eron ukrain samolyoti halokatiga mas’ulligini e’tirof etgach, Rossiya davlat telekanallarining ushbu mavzudagi bayonotlari sezilardi darajada o‘zgardi.
“Halokatga Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgan AQSh aybdor”
“Vestey nedeli” ko‘rsatuvi efirida “Tasodif – tushuntirishning bir qismigina xolos. Amerika Eronga qarshi qo‘zg‘agan asab urushida shunday ish sodir bo‘lmasligi ham mumkin emas”, degan Dmitriy Kisilyov Amerikaning Yaqin Sharqdagi “buzg‘unchilik harakatlari”ga bag‘ishlangan ko‘rsatuvga “Oqibatlar haqida o‘ylamasdan” deb sarlavha qo‘ydi
“Rossiya-1” telekanalidagi “60 daqiqa” ko‘rsatuvi boshlovchisi Yevgeniy Popov 13 yanvar kungi efirda “Eronning yirik xatosi yuz bermasligi mumkin edi. Ammo general Qosim Sulaymoniyning Amerika havo zarbalari natijasida o‘ldirilishi Eron harbiylarini jangovar tayyorgarlikka majbur qildi”, dedi.
“Tizimlar nima uchun harbiy tayyorgarlikka keltirildi? Chunki AQSh davlatning oliy darajadagi mansabdori va Eronning bo‘lajak prezidentini o‘ldirdi”, deya Popovga xayrihoh fikr bildirdi siyosatshunos Sergey Markov.
Xuddi shunga o‘xshash bayonot “Perviy” kanalidagi “Vaqt ko‘rsatadi” ko‘rsatuvida ham yangradi. Dumaning Mudofaa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksandr Sherin halokatga sabab bo‘lgan vaziyatga aynan AQSh sabab bo‘lganini ta’kidladi, ko‘rsatuvda qatnashgan Ijtimoiy-konservativ siyosat markazi mutaxassisi Igor Kimakovskiy uning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.
“Ukraina va AQShdan farqli o‘laroq Eron o‘zini munosib tarzda tutdi”
Rossiya davlat telekanallarining bir qator jurnalistlari birdaniga “Eron hukumati atigi bir necha kun ichida halokatga mas’ulligini tan olgani va uzr so‘raganiga” diqqat qaratdi. “Bu yerda “Biz aybdormiz, biz barcha mas’uliyatni zimmamizga olamiz”, deyishyapti. Mana, bo‘lar ekan-ku. Har qanday mamlakat agar ayni vaziyatga tushib qolsa, o‘zini shunday tutishi kerak”, dedi Yevgeniy Popov “60 daqiqa”da.
Russian Today telekanali rahbari Margarita Simonyan ham shunga o‘xshash bayonotni bildirdi: “Mening koordinata tizimimda Eron mard bo‘lib chiqdi”.
Eron amaldorlari dastlab samolyot raketa bilan urib tushirilgani haqidagi taxminlarga bergan raddiyasidan Rossiya federal kanallari iqtibos keltirmadi. Yevgeniy Popov buning o‘rniga “aynan g‘arb maxsus xizmatlari samolyot dvigatelida muammo borligi haqida aytgani”ni eslatib, “Reyter”ning xabarini tilga olib o‘tdi.
“Adolat uchun aytish kerakki, dvigatelning yonib ketgani haqida aynan G‘arb ommaviy axborot vositalari va maxsus xizmatlari xabar qilgan, bu yangilik g‘arbdan kelgan edi”, deya gapirgan “Vaqt ko‘rsatadi”ning boshlovchisi Anatoliy Kuzichev “halokat texnik xarakterga egaligi”ni birinchi bo‘lib Eron xabar qilganini “unutib qo‘ydi”.
Eron ayni vaziyatda boshqalardan farqli ish tutganini ko‘rsatib berish uchun birdaniga 4 ta dastur – “Vestey nedeli” (“Hafta xabarlari”), "Voskresnogo vechera s Vladimirom Solovevim" (“Vladimir Solovyov bilan yakshanba oqshomi”), "60 minut" (“60 daqiqa”) va "Vremya pokajet" (“Vaqt ko‘rsatadi”) ko‘rsatuvlarida Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchmadan olingan intervyu lavhasi namoyish etildi. Unda Kuchma 2001 yili oktyabrda Qora dengiz ustida ukrain harbiylari raketasi bilan urib tushirilgan, Rossiyaga qarashli Tu-154 samolyoti haqida gapirgan: “Yevropaga qaranglar: biz (bunday holatlar bo‘yicha) birinchimizmi, oxirgimizmi? Bundan katta miqyosdagi fojealar ham bor...” O‘shanda Tel-Aviv-Novosibirsk yo‘nalishida uchayotgan, “Sibir” aviakompaniyasiga tegishli samolyot bortidagi 78 kishining barchasi halok bo‘lgandi.
“Ukraina bu aviahalokatga mas’ulligini tan oldi, kompensatsiya to‘ladi, ammo hech kimdan uzr so‘ramadi. Eronning gapini esa biz aniq eshitdik – havo hujumidan mudofaa tizimiga mas’ul shaxs bu xato uchun o‘limga ham tayyorligini aytdi”, deya izoh berdi “Vestey nedeli” (“Hafta xabarlari”) ko‘rsatuvi boshlovchilaridan Olga Skabeyeva.
Rossiya davlat telekanallarida 1988 yil yozda Amerika kreyseridan otilgan raketa bilan urib tushirilgan Eronga qarashli Airbus-300 samolyoti halokati haqida ham eslab o‘tildi. “O‘shanda amerikaliklar nima degani yodimda. Ular samolyotni urib tushirishar ekan, katta Jorj Bush “Har qanday dalil bo‘lmasin, men hech qachon AQSh uchun uzr so‘ramayman”, degandi”, deb aytdi Vladimir Solovyov. Uning hamkasbi Andrey Medvedev ham o‘zining Telegram kanalida Bushning gapini iqtibos sifatida keltirdi.
Ushbu iqtibos haqiqatdan ham katta Jorj Bushga tegishli. Ammo u bu gapni Eron layneri halokati munosabati bilan aytmagan. Shu bilan birga AQSh Eron samolyoti uchun uzr so‘rashdan bosh tortgani ham to‘g‘ri gap.
"Vremya pokajet" (“Vaqt ko‘rsatadi”) studiyasida o‘tirgan ekspertlar ko‘rsatuv boshlovchisi Anatoliy Kuzichevga SSSR ham 1983 yili Saxalin ustida sovet qiruvchisi tomonidan urib tushirilgan, Janubiy Koreyaga qarashli Boeing-747 uchun uzoq vaqtgacha mas’uliyatni zimmasiga olmaganini eslatgandi, boshlovchi “SSSR Janubiy Koreyaga tegishli samolyotni protokol va reglamentga ko‘ra urib tushirgan”, deb javob berdi.
Studiyada muhokamalar qizib, Rossiya Malayziyaga tegishli Boeing samolyoti 2014 yil iyulda Donbass osmonida halokatga uchrashiga mas’ulligini tan olmayotgani aytilganida Kuzichev “portlab” ketdi: “Jin ursin, uni biz urib tushirganimiz yo‘q! Hatto Eron tan oldi, ammo Rossiya tan olmadi, deb taqqoslash – bu ahmoqona izoh!” – dedi u.
“Hammasi u qadar oddiy emas”
Rossiya telekanallaridagi siyosiy ko‘rsatuvlarning so‘nggi sonlari fitna nazariyalaridan xoli bo‘lmadi.
“Men bu yerda ba’zi texnik savollarni ham bermoqchiman. Sulaymoniyni o‘ldirishdi. Odamlar bir xalq sifatida birlashdi. Shunda birdan samolyot quladi. Men bu parvozdan oldin uning ekipaji o‘zgartirilgani haqida o‘qigandim. O‘sha parvozda uchishi kerak bo‘lgan uchuvchilar – narigi ekipaj uchuvchilarining so‘zlariga ko‘ra – parvozdan oldin asabiylashgan”, dedi “Perviy” kanali efirida siyosatshunos Kimanovskiy.
“Ikkinchidan, samolyot qachon uchyapti? Amerika samolyotlarini bilganim uchun aytishim mumkinki, uning boshqaruv dasturiga ko‘ra, tugmani bossangiz, samolyot yuradi va uchib ketadi. Bu samolyot esa manyovr qilishni boshlayapti, men yaxshi tushunaman, amerikaliklar buni hisobga olgan – havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi o‘q uzish vaqtida jangovar tayyorgarlik holatida bo‘ladi. Endi hatto yo‘lovchi samolyoti bo‘lsa ham xuddi harbiy samolyot kabi manyovr qilishni boshlasa… Bu tasodifan bo‘lmaydi. Samolyotning o‘sha yerga, Amerika uchun qulay vaqtda qulashi tasodif emas”, dedi u.
"Voskresnogo vechera s Vladimirom Solovevim" (“Vladimir Solovyov bilan yakshanba oqshomi”) ko‘rsatuvida qatnashgan siyosatshunos Sergey Mixeyev ham samolyot qulashi bilan bog‘liq tergovga nisbatan o‘z savollari borligini bildirdi. “Aviahalokat oxirigacha tergov qilinmagan. Samolyot qanday qilib havo hujumidan mudofaa tizimi hududiga kirib qolganini tushunmadim. Bu uning qandaydir noto‘g‘ri uchganiga dalolat qiladi. Ketma-ket barcha samolyotlarni urib tushirishmagan-ku. Ayni shu daqiqada olingan tungi osmon videosi qanday paydo bo‘ldi? Bir odam kechasi videoga oladi va bu lavha to‘satdan amerikaliklarning qo‘lida paydo bo‘ladi!” – dedi u.