Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Urushda yengilgan armaniston tovon to‘laydimi?
1.12.2020 10:52,  
819

Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarbayjon SSR tarkibida edi. 1988 yili Ozarbayjonning Sumgait shahrida armanilar bilan janjal kelib chiqishi zanjirli reaksiyaga olib keldi. Natijada, Armanistonda yashayotgani sababli, hayoti tahlika ostida qolgan ozariy millatiga mansub 300 ming kishi tezlik bilan o‘z ona-yurtini tashlab, Ozarbayjonga ko‘chib o‘tishga majbur qilindi.

Bundan oldingi maqolalarimda 1828 yildagi Qajar turklari boshqargan Eron va O‘rusiya o‘rtasida imzolangan Turkmanchay tinchlik kelishuviga binoan, Tog‘li Qorabog‘ va Yerevan xonliklari O‘rusiya boshqaruviga o‘tgani, o‘n minglab armanilar Eron va, xatto, Hindistondan xonliklar hududiga ko‘chirib kelingani, natijada, ozariylarning bir qismi hozirgi Turkiya hududiga ko‘chib ketishi oqibatida aholi umumiy nisbatida ozariylar soni ozayib ketgani haqida yozgandim.

XIX asr ikkinchi yarmidan beri armanilar ozariylarni ona-vatanlaridan siqib chiqarish siyosatini olib borishdi. 1920-yillarda Armaniston SSR tashkil topgach, ko‘plab ozariylar Ozarbayjon va Turkiyaga ko‘chib ketdi. Bundan tashqari, 1947 yili Armaniston hukumati 50 ming ozarbayjonni mamlakatdan chiqarib yubordi. Ularning o‘rniga Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda yashayotgan armanilar ko‘chirib keltirildi.

1988 yili Tog‘li Qorabog‘ armanilari muxtor viloyatni Armanistonga qo‘shishni talab qilib, yirik namoyishlar o‘tkazishdi. O‘shanda, sovet hukumati turli respublikalarda ko‘plab boshqa millatlarga mansub aholi yashashi, agar ular ham bo‘lginchilik-separatizm talabi bilan chiqadigan bo‘lsa, hech qaysi respublika o‘z hududini berib yuborishga rozi bo‘lmasligini bildirib, armanilar talabini rad qilgandi.

Shunga qaramay, armanilar "millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi" tamoyili asosida Tog‘li Qorabog‘ bir taraflama Ozarbayjondan ajralib chiqqanini e’lon qildi. Holbuki, armanilar Armaniston misolida allaqachon "o‘z taqdiri”ni belgilab bo‘lgandi. Qolaversa, "muxtor viloyat" maqomi oddiy viloyatga nisbatan ayrim imtiyozlarga ega bo‘lgani sababli, huquqiy jihatdan ham ajralib chiqishi mumkin emas.

Aslida, muxtor viloyatni bir chetga qo‘yaturing, separatizm huquqi muxtor respublikalarga ham berilgan emas. Shuning uchun, 1991 yil sentyabrda e’lon qilingan uydirma "Tog‘li Qorabog‘ respublikasi" bir parcha qog‘oz bo‘lib, hech qanday kuchga ega emas. O‘tgan salkam o‘ttiz yil davomida dunyodagi birorta davlatni qo‘yaturing, xatto Armanistonning o‘zi ham uni tan olmadi.

Ozarbayjon bo‘lginchi hududini qaytarib olish uchun harbiy kuchlarini Qoraboqqa olib kirgach, Armaniston ochiqdan-ochiq ozariylarga qarshi jangga kirishdi. Sovet ittifoqi endigina parchalanib, ko‘p masalalar mavhumligidan foydalangan armanilarga o‘ris harbiy kuchlari katta yordam bergani hozir sir emas. Oqibatda, Tog‘li Qorabog‘ va Armaniston ishg‘ol qilgan yettita tumanidan ayrilgan Ozarbayjon 1994-yili Bishkekda otashkesim shartnomasi imzolashga majbur bo‘ldi.

BMTning to‘rtta rezolyusiyasida Armaniston agressor davlat ekanligi va ishg‘ol qilingan tuproqlardan o‘z qo‘shinlarini tezlik bilan olib chiqib ketishi talab qilingan. Lekin, chet ellardagi kuchli armani diasporasi lobbichilik faoliyatlari va diniy yaqinlik sabab, g‘arb davlatlari Armanistonga qarshi sanksiyalar kiritishining oldi olindi.

Masalani diplomatik yo‘ldan hal qilish uchun O‘rusiya, Amerika Birlashgan Davlatlari va Franca hamraisligida Minsk guruhi tuzildi. Afsuski, o‘tgan davr ichida bu guruh hech narsaga erisholmagani yetmaganidek, Franca ochiqchasiga, O‘rusiya esa zimdan Armanistonni qo‘llab keldi.

Shu yil 28 sentyabrda Armanistonning ig‘vogarona hujumidan keyin qarshi hujumga o‘tgan Ozarbayjon ozodlik urushiga kirishdi. Qirq to‘rt kun davom etgan urush paytida 140 ming kishi yashagan Tog‘li Qorabog‘ markazi Xankendi shahri aholisining yuz mingdan ortig‘i Armanistonga qochib ketdi. (Izoh: o‘zbekchasi -- Xonkenti, armanilar "Stepanakert" deb o‘zgartirgan). Bombalardan saqlanish uchun yerto‘lalarda bir necha tinch aholini pana qilib, aslida yuzlarcha armani askar jon saqlagani ma’lum bo‘lib qoldi.

Urushda yengilayotgan armanilar alamini tinch aholidan olib, frontdan ancha uzoqdagi Ganja va boshqa shaharlarni bombardimon qilishi oqibatida yuzga yaqin ozarbayjon o‘ldi, to‘rt yuzdan ortig‘i yaralandi. Bir necha ming turar joy zarar ko‘rib, ulardan bir qanchasi qo‘llanib bo‘lmaydigan holga tushdi. Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, tinch aholini o‘ldirish urush jinoyati sanaladi.

Urushda armanilar hech qanday jiddiy dalil ko‘rsatmasdan, go‘yoki Ozarbayjon tarafida Suriyadan kelgan bir necha ming pullik jangari urushayotganini g‘arb davlatlariga "yedirdi". Aslida, buning tom teskari yuz berganligi, Armaniston Ozarbayjon hududi hisoblangan Tog‘li Qorabog‘ va tevaragidagi yettita tumanga armiyasidan tashqari, o‘z aholisini safarbar qilib yuborgani, bir qancha davlatlardan kelgan chet elliklar ozarbayjonlarga qarshi urushgani hujjatlar bilan tasdiqlandi.

2020 yil 9 noyabrda prezidentlar Ilhom Aliyev va Vladimir Putin, bosh vazir Nikol Pashinyan tarafidan imzolangan kelishuv urushga nuqta qo‘ydi. Kelishuvgacha Armaniston shuncha yillardan beri ishg‘ol qilingan yettita tumanni qaytarib berishni rad qilayotgandi. Urush natijasida ozariy qo‘shinlari ulardan to‘rttasi va Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini ozod qildi.

Kelishuvga ko‘ra, qolgan hududlar bitta ham o‘q otilmasdan Ozarbayjonga qadamma-qadam qaytarilyapti. Bundan tashqari, ozariy qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ning muhim shahri Shushani qo‘lga kiritib, muxtor viloyatning katta qismini ham ishg‘oldan ozod qildi.

Hozircha armanilar "Artsax" deb o‘zgartirib olgan Tog‘li Qorabog‘ maqomi nima bo‘lishi aniq emas. Lekin, Ozarbayjonning bu bo‘lgasini Armaniston bilan ulab turish uchun eni besh kilometrlik Lochin yo‘lagi ajratib berildi. Bu yo‘lak o‘rusiyalik tinchlikni saqlovchi kuchlar tomonidan qo‘riqlanyapti. Hozirgacha 20 mingga yaqin qochqin armani Tog‘li Qoraboqqa qaytib kelgan.

Endi Naxichevan Muxtor Respublikasiga kelsak.

Oradagi Armanistonga tegishli 45 kilometrlik hudud bilan Naxichevan Ozarbayjondan ajratib qo‘yilgandi. Bu esa nafaqat Naxichevan, balki Turkiya hamda boshqa turkiy respublikalar ham bir-biridan uzilib qolishiga olib kelgandi.

Kelishuv moddasiga ko‘ra, Armaniston hududidan o‘tadigan ana shu yo‘lak ham erkin harakat uchun ochilishi juda katta tarixiy ahamiyatga egadir. Ayniqsa, dengizlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘li bo‘lmagan O‘zbekiston o‘z eksport mahsullarini mazkur yo‘lak orqali Ovro‘paga yetkazib berishi ham tezlashadi, hamda qulaylashib, arzonlashadi.

Endi, urush qonunlariga ko‘ra, yutqazgan bosqinchi taraf yutgan davlatga keltirilgan zararlar uchun tovon to‘lashi ko‘zda tutiladi. Masalan, fashist Olmoniyasi sobiq Sovetlar Birligiga tovon o‘laroq Ko‘ninsberg shahri va viloyatini bergan. Hozirda O‘rusiyaga tegishli bo‘lgan shahar nomi Kaliningrad deb ataladi. Yahudiylarga keltirilgan zarar esa haligacha ularning avlodlariga to‘lanyapti.

Armaniston bosib olingan tuproqlarga chet ellarda yashagan minglab armanilarni ko‘chirib keltirdi. Egasiz qolgan ozariy shahar va qishloqlari talanib, otlari armanicha qilib o‘zgartirilib, soxta arman tarixi yanada bo‘rttirildi. Tabiiy boyliklar Armanistonga tashib ketildi. Islom madaniyatiga oid tarixiy yodgorlik va binolar yo‘q qilindi.

Masalan, 300 ta masjiddan faqat bir nechtasigina saqlab qolingan, xolos. Muqaddas binolar tahqirlanib, ichida cho‘chqa boqilgan, molxonaga aylantirilgan. Urushdan oldin 40 ming kishi yashagan Ag‘dam (Oqtom) shahri shunchalik vayron bo‘lgan-ki, chet ellik jurnalistlar uni "Kavkaz Xirosimasi, ruhlar shahri" deb atashdi.

O‘rusiya himoyasi ostiga o‘tgan armanilar 1830 yilgacha mavjud bo‘lgan alban cherkovlarini o‘zlashtirib, o‘zlariniki deb e’lon qilishdan uyalishmadi. Restavratsiya qilish bahonasida cherkovlarga armanicha yozuvlar yopishtirildi, armani xochlari o‘rnatilib, tarix soxtalashtirildi. Shu tariqa, armanilar butun dunyoga o‘zlarini "qadimiy madaniyat egasi" qilib ko‘rsatishga urinishyapti.

Ishg‘ol ostida qolgan qaynar buloqli, tog‘-u toshli, jannatmakon yerlardagi o‘rmonlar kesildi, oltin va boshqa qimmatbaho metal konlari qariyb o‘ttiz yil Armaniston byudjetiga pul tushirish maqsadida foydalanildi. Ozarbayjon bilan Armaniston chegarasida joylashgan oltin koni shular jumlasidan bo‘lib, mazkur kon bosqinchi o‘lka mamlakati byudjetiga eng yirik soliq to‘laydigan to‘rtinchi ishxona maqomiga ega edi.

Salkam o‘ttiz yillik ishg‘ol oqibati o‘laroq, Ozarbayjon katta iqtisodiy zararga uchradi. Mamlakat hukumati zararni qoplashni talab qilish uchun tegishli xalqaro sudlarga da’vo arizasi tayyorlamoqdi. Hozircha, ko‘rilgan zarar miqdori yuz milliard dollar deb baholandi.

Bunday katta miqdordagi zararni to‘lash uchun o‘nlab yillar kerak bo‘lishi shubhasizdir. Chunki, agar Armanistonning bir yillik yalpi ichki mahsuli 12 milliard dollar bo‘lsa, Ozarbayjonniki undan deyarli to‘rt baravar ko‘pdir.

Kelajakda ishg‘oldan ozod qilingan yerlardan foyda ololmaslik oqibatida Armaniston YIMsi yanada ozayadigan bo‘lsa, Ozarbayjonniki esa aksincha – qaytarib olingan hududlar iqtisodi yuksalishi hisobiga ancha miqdorda ortadi.

Mamlakatda hozirdan-oq xarob qilingan shahar va qishloqlarni qayta qurish loyihalari hozirlanib, yo‘l va kommunikatsiya qurilishi ishlari avj oldirib yuborildi. Bunday ulkan yaratuvchilik ishlarini amalga oshirish uchun qardosh o‘lka – Ozarbayjon vakillari yetarli kuch va salohiyatga egadirlar.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан