Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ustoz yodi. Shaxsiyati ham ilmidek baland olim
23.11.2019 17:43,  
774

Ilm olish igna bilan quduq qazishdek murakkab ish deyilganda buyam dono xalqimizning bir hikmati-da deb qo‘yamiz. Asl mazmunini esa ilm yo‘lidan yurganlar ko‘proq his qiladi. Bugun O‘zbekiston olimlarining yorqin vakili, mamlakat ilm-faniga juda katta hissa qo‘shgan, o‘zining ilmiy maktabiga ega bo‘lgan ustoz Mahmud Salohiddinov haqida suhbatlashsak.

Men ustozning biografiyasi, chop etgan ilmiy maqola, monografiya, darsliklari, olgan mukofotlari haqida batafsil yozmoqchi emasman. Bu haqida yetarlicha yozilgan. Xudo xohlasa, keyingi yildan O‘zbekiston matematiklariga bag‘ishlangan alohida sayt ishga tushsa, Mahmud Salohiddinovichga bag‘ishlangan sahifa bu borada yaxshi manba bo‘lib xizmat qiladi. Bugun men shogird sifatida ustozning insoniylik tomonlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Mahmud Salohiddinovichni birinchi marta 2001 yili Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan ilmiy anjumanda ko‘rganman, lekin bevosita gaplashmaganman. Keyinchalik, o‘sha yilning oxirida Toshkent shahriga, Matematika institutiga shogird-tadqiqotchi maqomida kelganimda ustoz bilan suhbatlashganim hanuz esimda. Juda samimiylik bilan menga katta ishonch bildirgan shunday katta olim ko‘zimga yanada kattalashib ko‘ringan. Kezi kelganda aytishim kerakki, Mahmud Salohiddinovich bilan suhbatlashganingizda o‘zingizning tarixiy shaxs bilan suhbatlashayotganingizni ich-ichingizdan his qilib turasiz. Tabiiy salobatga ega edilar. Har qanday baland rutbali amaldor ham Mahmud Salohiddinovichni tanimasa-da qarshisida tom ma’noda katta ShAXS turganini his qilardi. Ustoz har bir gapini chertib gapirar, mayda gaplarga xushi yo‘q edi. Keskinlik, qarama-qarshilik keltirib chiqaruvchi vaziyatlardan imkon qadar o‘zlarini uzoq tutardilar.

Ilm izlab Sibir sovuqlariga ham dosh berib ustozlari Andrey Vasilevich Bitsadze bilan birgalikda xususiy hosilali differensial tenglamalarning yangi sinfiga oid fundamental tadqiqotlari keyinchalik ustozni O‘zbekistonda yosh bo‘lishlariga qaramay yuksak lavozimlarga loyiq ko‘rilishlariga sabab bo‘ldi. Mahmud Salohiddinovich turli darajadagi mas’uliyatli lavozimlarda sidqidildan ishlaganlari, ilm-fanni tashkillash, zamonaviy yo‘nalishlarni O‘zbekistondagi keyingi rivojida qo‘shgan hissalarini zamondosh hamkasblari e’tirof etishadi. Hukumatning yuksak mukofotlari buni tasdiqlaydi.

Ko‘p sonli shogirdlari, shogirdlarining shogirdlari Mahmud Salohiddinovichning ilmiy yo‘nalishlarini rivojlantirib katta bir ilmiy maktab yaralishiga sababchi bo‘ldilar. Dunyo bo‘yicha soha mutaxassislarini O‘zbekiston matematikasida differensial tenglamalar bo‘yicha olinayotgan yangi ilmiy natijalarni kuzatib borishlariga yaxshi ma’noda majbur qilishdi. O‘z davrida Mahmud Salohiddinovichning fikrini, qo‘llovini ko‘zlab nechta olimlarning Toshkentga kelib-ketganlarini ko‘p gapirishadi.

Mahmud Salohiddinovich o‘zbek tilidagi ilmiy resurslarni ko‘payish tarafdori sifatida bu yo‘lda ko‘p mehnat qildilar. Men integral tenglamalar, matematik fizika tenglamalariga oid darsliklarni yozilish jarayonlariga guvoh bo‘lganman, domlaning qo‘lyozmalarini ko‘rganman. Haligacha tabarruk yoshda shunday faol ishlash mumkinligidan ajablanaman.

Turli davralarda ustozning menga nazari tushgan deb maqtanib yuraman. Aslida Mahmud Salohiddinovich barcha shogirdlarini birday e’zozlagan, imkon qadar qo‘llagan. Ularni ilm yo‘lidan ketishga targ‘ib qilgan. Shu yo‘lda ketganlarini doimiy qo‘llab turganlar. Shu jumladan, men ham ustozning qo‘llovida edim. Umrining oxirlarigacha bu qo‘llovni to‘xtatmadilar. Safarga ketayotganimda ustozdan duo olgani sihatgohga borganimda har doimgidek duo qildilar, oq yo‘l tiladilar. Men ustozni oxirgi marta ko‘rib turganimdan bexabar edim. Safardan qaytib doktorlik ishini himoya qilishni rejalashtirgan, ustoz 17 yil oldin bildirgan ishonchlarini shu yo‘l bilan oqlamoqchi edim. Afsus, buyam armon bo‘lib qoldi. Endi vaqti-vaqti bilan xonadonlarida hamisha bizni ulug‘ mehmonlardek qadrlab kutib oladigan ustozning turmush o‘rtoqlari, bir umr ustozga hamfikr, tirgak bo‘lib yurgan kayvoni ayolini ko‘rgani borib turaman. Ustozni eslaymiz, yangi kuch bilan ayni ishlayman degan g‘ayratda edilar, deb kuyunadilar. Mahmud Salohiddinovich ilm-fanga berilayotgan boshqacha e’tibordan haqiqatdan ham ruhlangan edilar, ko‘p rejalari bor edi.

Ko‘pchilik qatori, men uchun Mahmud Salohiddinovich olim va arbobning yorqin namunasi bo‘lib qoladi. U kishining shaxsiyati ham xuddi ilmidek baland edi. Bugun tug‘ilgan kunlarida ushbularni yozarkanman, taassurotlarimni mingdan biriniyam ifodalay olmaganimdan xafa bo‘ldim. Mana bu rasmdagi nigoh menga doim taskin, kuch beradi, o‘zim tushunmaydigan ilmga undovchi hisni paydo qiladi. Oxiratingiz obod bo‘lsin, ustoz!

Ma’lumot uchun

Mahmud Salohiddinov - fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zR FA haqiqiy a’zosi, Islom akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati. 1933 yilning 23-noyabrida Namangan shahrida tug‘ilgan. 1950 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib, 1955 yilda matematik analiz kafedrasini muvaffaqiyatli tamomladi. Aspiranturani 1958 yili tamomlab, nomzodlik ishini yoqladi. 1967 yili esa fan doktori ilmiy darajasini oldi. Mahmud Salohiddinovning 250 dan ortiq ilmiy maqolasi, 5 ta monografiya, 6 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. 1967-1985 yillarda O‘zR FA Matematika instituti direktori, 1984-1985 yillarda O‘zR FA vitse-prezidenti, 1988-1994 yillarda O‘zR FA prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1985-1988 yillarda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri sifatida fan va ta’lim integratsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan. 1962 yilda tashkil qilgan respublika ilmiy seminarga umrining so‘ngiga qadar rahbarlik qildi. M.Salohiddinov rahbarligida 9 nafar fan doktori, 38 nafar fan nomzodi o‘z ilmiy darajalarini himoya qilgan. 1976 yilda “Xalq ta’lim a’lochisi”, 2003 yilda “Mehnat shuhrati”, 2007 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” hamda 2017 yilda “Fidokorona mehnatlari uchun” orden va medallari bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Erkinjon Karimov

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан