Iyunda o‘tkaziladigan JCh-2022 saralashi doirasida markazlashgan turnirga tayyorgarlik davom etmoqda. Klublar miqiyosida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlar natijasiga ko‘ra murabbiylar shtabi kengaytirilgan ro‘yxatga o‘zgarishlar kiritdi, deya yozmoqda O‘FA rasmiy sayti.
«Milliy jamoaga chaqiruv olgan Lutfulla To‘rayev hamda Murod Xolmuhamedov boshlanajak yig‘inda ishtirok etmaydigan bo‘lishdi. Ularning o‘rniga esa hozirda «Nasaf» klubi safida OFK kubogida muvaffaqiyatli o‘ynayotgan Husniddin Aliqulov milliy jamoaga chaqirildi. U klubi bilan Dushanbedan qaytgach yig‘inga qo‘shiladi.
Milliy jamoaga nomzodlar ertaga, 20 may kuni Toshkentda COVID-19 uchun test topshirishadi. Shundan so‘ng ularning jismoniy holati ko‘zdan kechiriladi. 21 may kuni jamoa Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga yo‘l oladi. Bo‘lajak safar oldidan karantin qoidalariga to‘liq rioya qilish maqsadida mashg‘ulotlar yopiq tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan», - deyiladi O‘FA xabarida.
Ma’lumot uchun, iyun oyida JCh-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida Saudiya Arabistonida markazlashgan turnir bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni milliy jamoalariga qarshi o‘ynaydi.