Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Vaqtinchalik propiska”ni onlayn olish osonmi?
11.02.2019 17:52,  
111

2013 yili “Vaqtinchalik propiska” olish tartibi boshlangandayoq, hujjat to‘plab, u yoqqa yugur-bu yoqqa yugurlardan zada bo‘lib, nahot shuni elektron tartibda amalga oshirib bo‘lmasa, deb yozgandim. 2018 yil noyabr oyidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish xizmati test rejimida ishlay boshladi. Xizmat statistikasiga ko‘ra, noyabr oyida 1, dekabr oyida 0, yanvar oyida 8 kishi my.gov.uz orqali hisobga olish varag‘ini oldi. Men ham bugun “vaqtinchalik propiska”ni onlayn oldim.

Natijaga erishish oson bo‘lmadi. Gapni uzoqdan boshlayman. Zerikkanlar oxirini o‘qib olishar.

2018 yilning dekabr oyida ijara shartnomasi bahonasida o‘zimga ERI (elektron raqamli imzo) oldim. ERI olish haqida internetdan qidirganimda Davlat Soliq qo‘mitasi saytidagi “ERI qanday olinadi?” degan maqola chiqib keldi. Uzundan uzoq tushuntirilgan yo‘riqnomada istalgan Davlat xizmatlar markaziga shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi, ERI kalitini ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatni berish uchun imzolangan ariza topshirish kerakligi, arizani ko‘rish muddati 5 kundan ortiq emasligi bayon qilingan edi. Elektron tarzda olish imkoni haqida hech narsa yozilmagan. “Obbo”, dedim, “o‘zi elektron imzo bo‘lsa, unga ham shuncha hujjat, ovoragarchilik” deb, Davlat xizmatlar markaziga yo‘l oldim. Yo‘q, ish tez bitdi: ariza ham kerak bo‘lmadi, 5 kun ham kutmadim. STIR raqamimni aytdim, Click orqali 14192 so‘m to‘ladim, operator fleshkamga yozib berdi, telefonimga kodi keldi. 5 daqiqada hammasi bitdi. Uy egasiga ham shu tartibda ERI oldik (ERI olishda fuqaroning o‘zi albatta kelishi kerak ekan).

Elektron raqamli imzoni qanday ishlatish haqidagi yo‘riqnoma bilan tanishib chiqdim. e-imzo.uz saytidan shu nomdagi dasturni olib o‘rnatish kerak ekan. Dasturni ko‘chirib, o‘rnatmoqchi bo‘lgandim, arxivlangan ekan, parol so‘radi. Saytning hech bir joyida dastur arxivlangani, paroli borligi aytilmagan. Nauchno-informatsionniy sentr pri GNK RUz (sayt to‘liq ruscha ekan) kontaktlari bilan bog‘lanib, parolni oldim. Keyinroq bilsam, id.gov.uz orqali registratsiya qilinganda, e-imzo dasturini o‘rnatish haqida eslatma chiqar ekan, shu yerdan arxivsiz dasturni ko‘chirib olish mumkin ekan. Dasturni o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnoma: https://e-imzo.uz/main/install

Keyingi bosqichda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tdim, ERIni tasdiqladim. Uy egasi uchun avval my.soliq.uz orqali akkaunt ochib, ijara shartnomasini topshirishni sinab ko‘rgandik. Endi Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish uchun my.gov.uz‘dan ham ro‘yxatdan o‘tish kerak. Uy egasini registratsiya qildik, lekin ERIni tasdiqlab bo‘lmadi: pasport bo‘yicha STIR raqami mos kelmadi. Pasport raqami bo‘yicha STIR boshqa kishining nomida ekan.

Davlat soliq qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilib, surishtirdim. STIR egasi soliq idorasiga pasporti bilan borib, inspektorga murojaat qilishi kerak ekan. Bu orada uy egasining oyog‘i qayrilib, to‘shakda yotib qoldi. Hamma ishlar uchun menga vakolat berdi. my.soliq.uz orqali orqali elektron murojaatni yo‘lladim. Ertasi kuniyoq telefon qilib vaziyatni tushuntirishdi: joriy (oxirgi olingan) STIRni pasport raqamiga bog‘lash uchun avval eski STIRni o‘chirish kerak ekan. Uy egasi oldin boshqa tumanda propiskada turgan va o‘sha yerdan STIR ochilgan, so‘ng hozirgi yashayotgan tumanga ko‘chgan, u yerdan ham STIR ochilgan ekan. Inspektor eski STIR boshqa tuman bazasida bo‘lgani uchun o‘chirish imkoni yo‘qligini, o‘sha tumanga borib, STIRni aytib, o‘chirtirib kelishimni aytdi. Boshqa tumandagi STIR bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisga vaziyatni tushuntirdim. Yaxshi yigit ekan, tezda hal qildi: STIRni narigi tuman bazasiga o‘tkazib berdi. Eski STIR bazadan o‘chirilib, yangi STIR pasport raqamiga bog‘lab berildi. Portalning bazasida yangi ma’lumot ko‘ringuncha, yarim yoki bir kun kutasiz, deyishdi.

O‘sha kuni kechqurun my.gov.uz orqali ERIni bog‘lashga harakat qildim. Yo men tomondan yo ular tomondan texnik xatolik chiqaraverdi. Bir soatlik urinishdan so‘ng, ERIni tasdiqlab oldim. So‘ng bismilloh deb, arizani to‘ldirishni boshladim. egovernment.uz saytida yo‘riqnoma berilgan ekan: https://my.soliq.uz/main/howtoget-eds. Onlayn tarzda xizmatdan foydalanishning 12 bosqichidan o‘tilarkan. Avval uy egasi nomidan kirib, ma’lumotlarni to‘ldirdim. Bolalarni ham shu yerdan kiritish mumkin ekan. Lekin turmush o‘rtog‘i degan joyi yo‘q edi. Uy egasi nomidan ma’lumotlar to‘ldirib bo‘lingandan so‘ng, maxsus kod berildi (invoys). Ushbu kod vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tuvchi shaxsga berilishi lozim, chunki shu bosqichdan keyin arizani to‘ldirish uy egasidan ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga o‘tadi. Mana shu invoys orqali men o‘z nomimdan kirib, registratsiyani davom ettirishim kerak. Lekin bo‘lmadi. Hadeb, “Ruxsat yo‘q (#403)” degan xato chiqaraverdi. id.gov.uz telefon raqami bilan bog‘landim. Kechqurun ishlashmas ekan. Ertasiga 71 2022202 raqami bilan bog‘lanib, vaziyatni bayon qildim. “Jismoniy shaxsning shaxsiy raqami (JShShR)” noto‘g‘ri kiritilgan ekan. Shunga xatolik chiqqan ekan. Nihoyat arizani topshirib oldim. Telefonimga xabarnoma keldi.

Turmush o‘rtog‘imni ham bitta arizaga biriktirsam kerak, deb o‘ylagandim. Onlayn arizada bunday band chiqmadi. Birga Davlat xizmatlariga borib, ERI olib keldik. Ayolim nomidan ham registratsiya qilib, onlayn ariza topshirdik.

Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish xizmati pasportida bu bosqichdan so‘ng nima bo‘lishi, eng kam oylik ish haqining 2 foizi miqdoridagi davlat bojini qayerga to‘lash kerakligi, savol tug‘ilganda kimga va qaysi raqamga murojaat etish kerakligi yozilmagandi. egovernment.uz saytida yozilishicha, ariza onlayn topshirilganda ro‘yxatdan o‘tish hujjatining berilish muddati 1 kun deb belgilangan. Bir kundan so‘ng ariza yuzasidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Ular bu masalada Ichki Ishlar vazirligiga qo‘ng‘iroq qilishimni aytishdi. IIVning 1102 raqamida navbat ko‘pligi uchun uzoq kutib o‘tirmadim. Indin kuni portal orqali matnli murojaat yo‘lladim. Ariza topshirganimning uchinchi kuni telefonimga xabar keldi.

Yuborilgan kvitansiyani printerdan chiqarib oldim. Yana o‘sha muammo: kvitansiyani qayerdan to‘lash, so‘ng nima qilish haqida hech narsa yozilmagan. Avvaliga Payme orqali to‘lashga harakat qildim. Yaqinda Payme orqali Davlat xizmatlari uchun pul to‘lash mumkinligi haqida xabar o‘qigan edim. Invoys raqamini kiritdim. Yo‘q, hali bu xizmat uchun onlayn to‘lab bo‘lmas ekan. Bir necha bankka kirib ko‘rdim. Bunga to‘lay olmasliklarini, “pasport stol”dan to‘lasa bo‘lishini aytishdi. O‘sha yerga borib to‘ladim. 5 daqiqadan so‘ng telefonimga “Vasha zayavka obrabotana” degan xabar keldi. Uyga kelib, my.gov.uz’ni ochsam: Ura! Propiska tayyor!

Xulosa: agar siz axborot texnologiyalaridan kamroq xabardor bo‘lsangiz, elektrondan ko‘ra, an’anaviy ariza topshirganingiz ma’qul. Kamroq vaqtingiz ketadi. Lekin onlayn arizani topshirishda boshida bir marta ovora bo‘lasiz-da, keyingilari juda oson kechadi.

Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish xizmati test rejimida bo‘lgani uchun hali takomillashmagan. Keyingi bochqichda quyidagilarga e’tibor qaratilsa:
1. Xizmat pasportida jarayon haqida batafsil ma’lumot, rasmli yo‘riqnoma, davlat bojini qayerga to‘lash kerakligi, savol tug‘ilganda kimga va qaysi raqamga murojaat etish kerakligi yozilishi kerak.
2. Ariza to‘ldirishda 16 yoshgacha bolalarni kiritish qismi bor. Shuni oila a’zolari deb o‘zgartirilsa va “turmush o‘rtog‘i” degan band ham kiritilsa. Shunda bitta arizaga bir oilani kiritib bo‘ladi. Shunda alohida ERI va ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmasdi. Hisobga olish varag‘ida bolalari kiritilganidek, turmush o‘rtog‘ini ham kiritish yoki u uchun alohida hisobga olish varag‘ini shakllantirish mumkin.
3. Bu xizmat uchun davlat bojini Payme yoki Click orqali to‘lashni yo‘lga qo‘yish kerak. shunda yana bir ovoragarchilikka chek qo‘yilardi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан