Vazirlar 490 mln, hokimlar 245 mln so‘mgacha bo‘lgan xizmat mashinalarini minadi

Vazirlar 490 mln, hokimlar 245 mln so‘mgacha bo‘lgan xizmat mashinalarini minadi

Vazirlar Mahkamasining «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtoransport vositalarini biriktirish me’yorlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra:

  • Vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 2000 baravari (490 mln so‘m)dan;
  • Ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — 1500 baravari (367 mln 500 ming so‘m)dan;
  • Tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1000 baravari (245 mln so‘m)dan;
  • Davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari xizmat avtotransporti narxi — BHMning 700 baravari (171 mln 500 ming so‘m)dan oshmasligi belgilandi.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga o‘tkazib berish avtotransportdan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransport vositalari bundan mustasno).

Qarorga ko‘ra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtoransportlari ikki oy ichida xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan me’yorlar bo‘yicha limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari ro‘yxati shakllantiriladi.

Bundan tashqari, shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021 yil 1 avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yilishi belgilandi.

Shuningdek, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqilishi qayd etildi.