Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
20.08.2020 18:37,  
305

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi veb-saytida yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha saytning «Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari» rukniga joylashtirilgan. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda qo‘shni davlatlar, shuningdek yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik o‘ziga xos tarixi, madaniy-tarixiy an’ana va qadriyatlari inobatga olingan. Shuningdek, qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro me’yorlar va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.

Mazkur qonun loyihasi mutaxassislar tomonidan barcha hamkorlar, shu jumladan, Brigam Yang universitetning Huquqshunoslik va dinshunoslik bo‘yicha xalqaro markazidagi amerikalik ekspertlar tavsiyalarini o‘rgangan holda yanada takomillashtirildi va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi tahrirdagi Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy yangilik va o‘zgarishlar:

  • – diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berildi;
  • – vijdon erkinligini ta’minlashning va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi;
  • – vijdon erkinligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi;
  • – har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy ta’lim berish) o‘rgatish huquqi belgilandi;
  • – diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni ta’minlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi mustahkamlab qo‘yildi;
  • – diniy tashkilot rahbarligiga ko‘rilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishish talabi chiqarib tashlandi;
  • – diniy tashkilot rahbarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi;
  • – davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron tizimiga o‘tish orqali diniy tashkilotni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘rnatildi, unga ko‘ra quyidagilar belgilandi:
    • · ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi;
    • · diniy tashkilotlarning hujjatlarini notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi;
    • · diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi;
    • · mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 tadan 50 tagacha qisqartirildi;
    • · ro‘yxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun bir oylik muddat belgilandi;
  • – diniy tashkilotni ro‘yxatga olishni rad etilishi mumkin bo‘lgan asoslarning to‘liq ro‘yxati aniqlandi;
  • – ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish bo‘yicha huquqi chiqarib tashlandi;
  • – qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan taqdirda, diniy tashkilot faoliyatini olti oygacha sud orqali to‘xtatib qo‘yish instituti joriy etildi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun loyihasida jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, axloqi, huquqlari va erkinligini ta’minlash maqsadida diniy sohani davlat idoralari tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan sabablar tushuntirilgan quyidagi qoidalar o‘z aksini topgan:

  • · vakolatli davlat organlari va diniy tashkilotlar o‘rtasida jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni saqlash bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish;
  • · din davlatdan ajratilganligi prinsipi davlat organlari va diniy tashkilotlar tomonidan bir-birlarining ishlariga o‘zaro aralashmaslik shaklida belgilandi, shuning uchun davlat diniy tashkilotlarga biron-bir davlat vazifalarini bajarishni yuklamaydi. Shu bilan birga, davlat konfessiyalarning tinch-totuvlikda yashashiga kafil bo‘ladi;
  • · diniy sohani tartibga soluvchi davlat idoralarining vakolatlari aniqlab berildi;
  • · jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni buzishga ko‘maklashuvchi missionerlik va prozelitizmning har qanday ko‘rinishlarini cheklash belgilandi;
  • · diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizadan o‘tkazishdan asosiy maqsad qilib jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlovchi g‘oyalarning oldini olish belgilangan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан