Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Musaffo osmon”dagi xabar kanalining ahvoli haqida
12.10.2020 09:30,  
1165
Internetda O'zbekiston-24 xabar telekanaliga ko‘zim tushib qoldi. Erkin jurnalistman; Yoshlar kanalida olti yil mualliflik ko‘rsatuvi olib borgan bo‘lishimga qaramay, o‘zbek telekanallarini anchadan beri ko‘rmay qo‘ygandim. Shuning uchun, qiziqib, ko‘ra boshladim. Toshkent vaqti bilan soat 20:30, Torontoda 11:30 edi.
 
Men uchun haftaning asosiy voqeasi — O‘zbekistonga bevosita aloqasi bo‘lgan Ozarbayjonning ishg‘ol ostidagi Tog‘li Qorabog‘ va yettita ozariy tumanini ozod qilish uchun Armanistonga qarshi davom ettirayotgan urushi bo‘lib, voqea dunyo ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.
 
Mavzuni turk, o‘ris, ozariy va boshqa g‘arb davlatlari OAVlari qanday yoritayotganini kuzatib borayotgandim. Shuning uchun, O‘zbekiston xabar kanalini ham mazkur ro‘yxatimga qo‘shib, solishtirmoqchi bo‘ldim.
 
Yangilik yoki xabar kanali deganda birinchi navbatda CNN, VVS, Al-Jazira kabilar esga tushadi. Ular kecha-yu kunduz mamlakat ichi, turli mintaqalar va dunyoning boshqa mamlakatlarida yuz berayotgan voqealarni tezlik bilan tomoshachilarga yetkazib berishga xizmat qilishadi.
 
Tomoshachi e’tiborini tortish uchun uchun kuchli raqobat bo‘lgani sababli, bitta davlatda bir qancha xabar kanallari bo‘lishi mumkin. Masalan, xususiy televideniyelar soni 300 ga yaqin bo‘lgan Turkiyada faqat yangilik tarqatadigan kanallar soni oltita bo‘lib, ulardan beshtasi xususiydir.
 
Yangilik kanallari har bir dolzarb masalani bir qancha soha mutaxassislari bilan jonli yoyinda muhokama qilishadi. Sovet davridagiga o‘xshab, iqtidordagilar yozib bergan matnni o‘qib berish o‘tgan asrda qolib ketgan.
 
O‘zbekistondagi bitta-yu bitta rasmiy xabar kanali O'zbekiston-24 yuqoridagi talablarga javob beradimi? Endi, shu savolga javobimni keltiraman.
 
O‘zbek yangiliklar telekanalini 11 oktyabr, yakshanba kuni yarim soatcha ko‘rdim. Shuning o‘ziyoq, bu kanal o‘z vazifasiga xizmat qilmayotganini yaqqol ko‘rishim uchun yetib-oshdi.
 
Soat 20:30 da O'zbekiston-24 kanali chamasi ikki daqiqacha "Yangi O‘zbekiston dunyo nigohida" degan titr ostida ipak yo‘lidagi muhim mintaqadan yer olgan O‘zbekiston haqidagi chet elliklarning maqtov gaplarni yozib turdi. Buning nimasi xabar ekan, anglamadim.
 
Maqtovdan keyin reklama boshlandi. Ko‘rsatilgan uchta reklamaning ikkitasi o‘ris tilida, bitta qisqaginasi esa o‘zbek tilida berildi. Men buni nafaqat davlat tiliga, balki o‘zbek tomoshachiga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholadim.
 
Soat 20:36 da Toshkent metallurgiya zavodi haqida 20 daqiqalik lavha ko‘rsatila boshlandi (?!). Xabar kanali maqsadiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan mavzu! "Mayli" deb, ko‘ra boshladim.
 
Lavha o‘zbek tilida tayyorlangan bo‘lishiga qaramay, zavodda ishlar asosan o‘rischa yuritilayotgani o‘z-o‘zidan ko‘rinib qoldi:
 
- sifat bo‘yicha boshliq Bekali To‘rabekov o‘rischa intervyu berdi;
 
- "Zavod markaziy laboratoriyasi" degan yozuv esa binoning peshtoqiga ham, ichkariga ham faqat o‘ris tilida yozilgani, bu ish yerida davlat tili o‘z o‘rnini topmaganini kamera oshkor qilib qo‘ydi.
 
Soat 20:56 da yana "Yangi O‘zbekiston dunyo nigohida" rukni ostida titrlar berildi. Koronavirus sababli, butun dunyo mamlakatlari iqtisodiyotida pasayish kuzatilayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda buning teskarisi ekan: bu yilgi yalpi iqtisodiy mahsulot o‘sishi 0,4 - 0,8 foizni tashkil qilibdi.
 
20:57 da inglizcha "no comment" (sharhsiz) degan matn bilan (nega o‘zbekcha emas?) Andijonda to‘rtta o‘n olti qavatlik turar-joy qurilishidan ko‘rinishlar ekranga berildi. Qurilishi ancha oylar davom etadigan oddiy voqeaning nimasi tezkor xabar yoki yangilik ekanligini kim tushuntirib bera oladi?!
 
20:58 da o‘zbek tilida qisqagina reklama berildi.
 
Soat 20:59 da shoir Abdulla Oripovning ona tili haqidagi she’ri ekranga keldi. Ayniqsa, "yo‘qolgan kuning shubhasiz men ham to‘ti bo‘lib qolaman" degan so‘nggi satrlar menga O'zbekiston-24 kanalida efirga uzatilgan so‘nggi lavhani eslatdi.
 
Soat 21:00 da "Tahlilnoma" dasturi boshlandi. O‘zbekcha bo‘lmagan ko‘rsatuv nomiga e’tirozim bor. "Noma" degan forscha so‘z yozuvli matnni anglatadi. TV — gazeta bo‘lmasa, qanday qilib "noma" bo‘ladi?! Boshlovchining so‘zlarini eshitgach, "noma" mazkur vaziyatga to‘g‘ri kelishini angladim. Chunki, boshlovchi aytganidek "dunyo tan berayotgan chinakam islohotlar mamlakati"da tahliliy xabar dasturi matni "yuqoridan" tayyorlangan qolipga solib, yozilgani aniq edi.
 
Boshlovchi dastur boshida ko‘rsatuvdan o‘rin olgan mavzularni anons qila boshlaganida, Tog‘li Qorabog‘dagi urush va otashkesim haqida nima deyilishini kuta boshladim, lekin hafsalam pir bo‘ldi.
 
Haftaning eng muhim yangiliklari quyidagilar emish:
 
- 5 oktyabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish haqida qaror qabul qildi;
 
- 5 oktyabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev pochta xizmatini yaxshilash haqida qaror qabul qildi;
 
- 6 oktyabrda prezidentimiz Shavat Mirziyoyev Koreya prezidenti bilan telefonda gaplashdi;
 
- 6 oktyabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘rmon xo‘jaligini ...
 
- 7 oktyabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashdi (Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun telefon qilgani O‘zbekistonda davlat siri bo‘lsa kerak, bu haqda lom-mim deyilmadi);
 
- 8 oktabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ayollar masalasi bo‘yicha ....
 
Shu yerga kelganida toqatim toq bo‘ldi. Shartta, olgan "taassurotlarim" haqida yoza boshladim.
 
O‘tgan hafta davomida Qirg‘izistonda hech qarshilikka uchramagan bir to‘da hukumat binosini bosib olgani, Qorabog‘da qaqshatqish urush bo‘lgani, Amerika prezidenti Donald Tramp koronavirus yuqtirib, kasalxonada yotib chiqqani va h.k.lar o‘zbek xalqi tafsilotlarini ko‘rsatuv boshidayoq bilishi kerak bo‘lgan xabar darajasiga yetolmabdi.
 
Davlat tili bayrami yaqinlashar ekan, O'zbekiston-24 kanalidagi titr va yozuvlar — yetishib chiqayotgan yangi avlod savod chiqargan lotin yozuvida emas, balki katta va keksa yoshdagilarga mo‘ljallanib, kiril yozuvida ekanligi meni xafa qildi. Kanal nomidan boshqa hamma yozuvlar faqat eski alifbeda berilyapti. Bu menga boshkent — Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga o‘rnatilgan ulkan yer sharini eslatdi: unda faqat O‘zbekiston xaritasi o‘rin olgan, xolos. Lekin, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi.
 
Qisqacha xulosam shu: essiz shunday qimmatbaho texnika resurslari, essiz xalqning puli! Mustaqil fikrlash va tarafsiz jurnalistika yo‘q yerda xalqning siyosiy ongi rivojlanmay, odamlar kunduzi ham chiroq yoqib yuradigan shabko‘rlarga o‘xshab qoladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан