Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Xalq ta’limi vaziri: "O‘qigan ayol kelgusida ishlamay, uy bekasi bo‘lgan taqdirda ham, farzandlariga yaxshiroq ta’lim-tarbiya bera oladi"
8.03.2021 08:39,  
56

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda ayollar ta’limiga va ularning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq ayrim mulohazalarini bildirdi.

"Mamlakatimiz rivojlanishini istasak, jamiyatimizning yarmisiga ham o‘qish va o‘sishiga sharoitlar yaratishimiz muhim.

Xalq ta’limi sohasi respublikada eng ko‘p ayollar ishlaydigan soha bo‘lishiga qaramay, aynan soha rahbarlari orasida ayollar ulushi yetarli emas edi. Ikki yil avval xalq ta’limidagi bironta ham viloyat rahbari (hududning vaziri!) ayol kishi bo‘lmagan bo‘lsa, hozir ularning soni 5 nafarga yetdi. Umuman olganda, tuman bo‘linmalari, maktab direktorlari va o‘rinbosarlarini ham hisobga olsak, sohamizda faoliyat yuritayotgan ayol rahbarlar soni 15 mingdan ortdi.

Albatta, bu Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasi rahbarlari endi avvalgidek paxta, obodonlashtirish va h.k. kabi tashkiliy masalalarga emas, balki asosan ta’lim sifatiga mas’ul ekanligini aniq belgilab berilgani uchun, bemalol ayollarni ham meritokratiya tamoyillari asosida rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish mumkin bo‘layapti.

Shuningdek, hududlardagi maktablarda yurganimizda, juda ko‘p a’lochi qizlarimizning maktab bitirganidan keyin oliy ta’limga hatto hujjatini topshirmaganini ko‘rib hayron qolamiz. Sabab sifatida esa ota-onasi o‘qitmasdan uzatib yuborish niyatida bo‘lganligini aytishadi. Respublikamizning Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qon kabi shaharlarida bu qandaydir stereotiplarga bog‘liq bo‘lsa, boshqa ko‘pchilik hududlarda kontrakt pulini to‘lashdagi qiyinchiliklarga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Shu sababli, Davlatimiz Rahbari tomonidan avvalgi yildan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarimizga qo‘shimcha grantlar ajratish tashabbusi boshlangan edi, bu yilga qizlar uchun har bir oliy ta’lim muassasasiga va hokimiyatga yana qo‘shimcha ravishda grant ajratish bo‘yicha vazifa yuklandi.

Yaxshi o‘qib, bilim olgan ayol kelgusida ishlamay, uy bekasi bo‘lgan taqdirda ham, farzandlariga yaxshiroq ta’lim-tarbiya bera oladi. Ayniqsa, hozirgi AKT rivojlanishi davrida uydan turib dasturlash, dizaynerlik, onlayn repetitorlik, kitob yozish, SMM kabi qator qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlari kun sayin ortib bormoqda. Bu esa, kelgusida qizlarimiz hayotida o‘z o‘rnini topishiga, hamda har qanday holatda ham qiyinchilik va tushkunlikka tushib qolmasliklariga yordam beradi. Aslida esa, oilaviy zo‘ravonlikka chidab yurilishining asosiy sabablaridan biri ham qizlarimizning o‘qimagani yoki hech qanday hunarga ega bo‘lmaganligidan...

Kelgusida qizlarimizni baxtli bo‘lishini xohlasak, ularni o‘qishiga albatta imkoniyat yaratishga harakat qilishimiz zarur. Yuqorida sanab o‘tilgan kasb va ko‘nikmalarning aksariyati uchun oliy ta’limni zarurati ham yo‘q. Ularning ko‘pchiligini internet orqali bepul o‘rganish imkoniyatlari mavjud.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!" - deya, ayollarni tabrikladi vazir.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан