Xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ayrim magistratura mutaxassisliklariga imtihonsiz kiradi

Xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ayrim magistratura mutaxassisliklariga imtihonsiz kiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevralda “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4611-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qarorga muvofiq, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Farg‘ona politexnika institutlarida tajriba-sinov tariqasida “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha tezlashtirilgan tarzda o‘qitish jadvali tasdiqlanadi.

2020 yil 1 avgustga qadar bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha MHXSni chuqur o‘rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o‘quv dasturlari tasdiqlanib, ta’lim jarayoniga joriy etiladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog kadrlar akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha o‘qitiladi, shuningdek, OTMlarning buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida tahsil olgan pedagog kadrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va doimiy ravishda yangilab boriladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit bo‘yicha fanlar faqat xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” yoki “AXS bo‘yicha audit” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to‘lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega bo‘ladi.