Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






AQSh harbiylarini laqqa tushirgan Xitoy josusining internetdagi hayratomuz “ov”lari
31.07.2020 13:23,  
2781

Singapurlik intiluvchan fan nomzodi Jun Vey Yo 2015 yili Pekinda ma’ruza o‘qishga taklif qilinganda, boshi osmonga yetgan edi. Biroq bu safar uning bo‘lajak josuslik faoliyatiga debocha bo‘lishi xayoliga ham kelmagan edi. Bu haqda Bi-Bi-Si maqolasi bilan tanishing.

Jun Yoning doktorlik dissertatsiyasi mavzusi ham Xitoy tashqi siyosatiga bag‘ishlangan edi.

Ma’ruzadan so‘ng Dikson nomi bilan ham ma’lum Jun Yoning yoniga o‘zlarini Xitoydagi tahlil markazi xodimlari sifatida tanishtirgan odamlar keladilar.

Ular "siyosiy hisobotlar va ma’lumotlar" yetkazib berish evaziga pul to‘lashga tayyor ekanliklarini ma’lum qiladilar.

Jun Yo, tez orada, bu shaxslar, aslida, Xitoy maxfiy xizmatlari agentlari ekanini anglab yetadi, lekin ular bilan aloqani uzmaydi.

Avvaliga, "tahlilchilar" Jun Yo Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlaridagi o‘zgarishlarga diqqat qilishni so‘raydi, keyinroq ularning qiziqishi AQSh tomon yuz tuta boshlaydi.

Shu tariqa Jun Yo amerikalik tergovchilarga Dikson Yo nomi bilan ma’lum bo‘lgan Xitoy josusiga aylanadi.

Jun Yo o‘z ishining professionallari yig‘ilgan LinkedIn saytida soxta konsalting kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazib, amerikalik "o‘ljalari"ni tuzoqqa tushira boshlaydi.

Oradan besh yil o‘tib - Xitoy va AQSh munosabatlari portlash nuqtasiga yetay degan paytlar Vashington Amerika hududini Pekinga ishlovchi josuslardan tozalashga bel bog‘laydi.

Oqibatda, 39-yashar Dikson Yo ham qo‘lga tushib, "xorijiy josus" ekaniga iqror bo‘ladi hamda 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Bu xabarni eshitgan Singapurdagi nufuzli Li Kuan Yu Davlat Siyosati Maktabi jamoati hayratdan lol qoladi. Yo shu maktab talabasi edi.

"U kursdagi juda faol o‘quvchi edi. Uni doim zehni o‘tkir shaxs sifatida ko‘rar edim", so‘zlaydi maktab bitiruvchilaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yo ijtimoiy tengsizlik haqida ko‘p gapirgan, bolaligida oilasi puldan qiynalganini takrorlashdan charchamagan.

Biroq shu maktabda ishlab ketgan bir inson Yoni "takabbur" shaxs, deya tasvirlaydi.

Yoning nomzodlik dissertatsiyasi bo‘yicha rahbari, xitoylik-amerikalik nufuzli professor Huang Jing "xorijiy mamlakat agenti" ekanlikda ayblanib, 2017 yilda Singapurdan chiqarib yuborilgan edi.

Hozirda Pekinda yashayotgan professor Huang Jing bu ayblovlarni doimo rad etib kelgan.

Sud hujjatlari orasidagi Yoning ko‘rsatmalarida u xitoylik rahnamolari bilan Xitoyning turli hududlarida uchrashib, ulardan topshiriqlar olib kelgani aytiladi.

Yo ish izlayotgan va karera qurish niyatidagi professionallar tarmog‘i bo‘lmish LinkedIn orqali ko‘plab muhim tanishlar orttirgan.

Sobiq hukumat xizmatchilari va harbiylar xususiy sektordagi "yog‘li" ish o‘rinlarini egallash ilinjida 700 milliondan ziyod a’zosi bor bu tarmoqda o‘zlarini maqtashdan uyalmaydilar.

Shu sababdan ma’lumot manbasini topish yoki bo‘lajak agentlarni yollash istagida yurgan xavfsizlik xizmatlari uchun LinkedIn naq xazinaning o‘zi bo‘lib ko‘rinadi.

Shu yilning may oyida AQShning Markaziy Razvedka Agentligi sobiq zobiti Kevin Mallori xitoylik agentga harbiy sirlarni sotgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mallori agent bilan LinkedIn'da tanishgan.

Yo ham o‘ziga kerakli ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda tarmoqdan faol foydalanib kelgan.

U tarmoqda o‘zi tanishgan odamlardan soxta konsalting kompaniyasi uchun hisobotlar tayyorlab berishni so‘rar, so‘ng yig‘ilgan ma’lumotlarni Xitoyga yuborar edi.

Yo bilan tanishganlardan biri AQShning F-35 harbiy uchog‘i dasturida ishlagan va u sudda o‘sha vaqtlar puldan qiynalib qolganini tan olgan.

AQSh harbiylarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Xitoyga qanday ta’sir qilishi mumkinligi to‘g‘risida hisobot tayyorlab bergan yana bir amerikalik zobitga esa Yo, kamida, $2000 to‘lagan.

Bunday muhim kontaktlarni topishda Yoga LinkedIn algoritmi katta yordam berar edi - u biror kerakli shaxsni tarmoqdan topsa, unga aloqador professionallar profili Yoning ko‘z o‘ngida paydo bo‘laverar edi.

Yo rahnamolari maslahati bilan, asosan, o‘z ishidan norozi yoki puldan muammosi bor mutaxassislarni izlab topishga harakat qilar edi.

Yoning LinkedIn'dagi soxta kompaniyasining nomi allaqachon nufuzga erishgan haqiqiy konsalting kompaniyasiniki bilan bir xil edi.

U kontaktlarni o‘ziga jalb qilish uchun kompaniyasidagi "bo‘sh ish o‘rinlari"ni e’lon qilib turar ham edi.

Sudda Yo faoliyati davomida 400 dan ortiq ishga kirish arizasini qabul qilgani, arizalarning 90 foizi AQSh hukumati va armiyasi xodimlaridan kelganini ma’lum etgan.

Arizalarning ayrimlarini Yo Xitoyga yo‘naltirgan.

"Dunyodagi ko‘plab maxfiy xizmatlar LinkedIn'dan kerakli ma’lumotlarni izlab topishda foydalanadi, deb o‘ylayman. Sababi odamlar u yerda o‘zining mehnat faoliyati haqida bor ma’lumotni joylashtirishga harakat qiladi", deydi Xitoyning josuslik faoliyati to‘g‘risidagi kitob muallifi Metyu Brazil.

Uning izohlashicha, konsalting kompaniyalar uchun hisobotlar yozib berishni so‘rash josuslarning ma’lumot to‘plashdagi yangi usulidir. Olingan ma’lumot, keyinroq, maxfiy ma’lumotning manbasiga aylanishi mumkin.

"Bu an’anaviy savdo-sotiqning zamonaviy ko‘rinishidir".

AQSh rasmiylaridan biri Yo ishi Xitoy "Amerika jamiyati ochiqligi"ni qanday suiiste’mol qilayotganiga yorqin misol ekanini aytgan.

Aholisi deyarli 6 million bo‘lgan Singapurning esa AQSh bilan aloqalari anchayin qalin.

Biroq aholisining aksar qismini etnik xitoyliklar tashkil etuvchi bu mamlakat, bir vaqtning o‘zida, Pekin bilan ham iliq munosabatni saqlashga intiladi.

Singapur fuqarosining Xitoy josusiga aylangani esa Amerika hukumati va jamiyatida singapurliklarga nisbatan shubhani orttirib yuborishidan xavotirlar paydo bo‘lgan.

Singapur hukumati esa Yoning mamlakat maxfiy xizmatlari bilan aloqada bo‘lganiga dalillar topilmaganini ma’lum qilgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан