Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Xitoy samarqandlik soxta «payg‘ambar»ga raddiya berdi, Musulmonlar idorasi esa unga ishonganlar kofir bo‘lishini eslatdi
20.07.2020 16:12,  
4769

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik kishining «men Allohning elchisiman, koronavirus vabosining yo‘qolishi menga bog‘liq, Xitoydagi o‘lim maskaniga borib kelishim kerak», degan videolari tarqalgan edi.

Samarqand viloyat IIB axborot xizmati ushbu fuqaro 1962 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan X.U. bo‘lib, u 1980—1982 yillarda Afg‘onistondagi fuqarolik urushida harbiy xizmatni o‘tagani va xizmati davomida bosh qismidan jarohat olgan fuqaro bosh miya kontuziyasi kasalligi bilan davolanganini ma’lum qildi.

Shuningdek, hozirda uning psixologik holatini aniqlash maqsadida Samarqand viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseri mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi “COVID-19 vatani – Xitoyga borib insoniyatni koronavirusdan qutqarish uchun yuborilgan samarqandlik shaxsga murojaat qildi. Xitoyliklarning mazkur shaxsga javob qaytarishiga uning Xitoyni «koronavirus vatani» degani sabab bo‘lgan.

Diplomatlar xushmuomalalik bilan unga Xitoy virusning «vatani» emas, balki koronavirus epidemiyasi haqida birinchi bo‘lib xabar berganini eslatdi.

“Biz pandemiyani yengish uchun butun insoniyatning bilimi va kuchini birlashtirish va barcha resurslarni safarbar qilish kerak, deb o‘ylaymiz. Biroq, biz shuni yodda tutishimiz kerakki, Xitoy bu inqirozni birinchi bo‘lib aniqlab bergan va aslo virusning «vatan»i emas. Bundan tashqari, tobora ko‘proq ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, koronavirusning yangi turi Xitoyda tarqalishidan ancha oldin boshqa joylarda paydo bo‘lgan va uning kelib chiqishi aniq emas”, - deyiladi elchixona xabarida.

Ularning fikriga ko‘ra, COVID-19 Uxanda avj olishidan oldin ham bo‘lgan, ammo harakatsiz edi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlar idorasi ham bu kabi da’volarni keskin qoralab chiqdi.

"Avvalo ta’kidlaymizki, ilmu ma’rifat rivojlangan bugungi davrda kishilarning vaqtlarini olib, shunday lavhalarni tarqatish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bunday xabarlarning keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoq yurituvchilari ham tarqatayotgani juda ham tashvishli holatdir.

O‘z navbatida bu lavhani har qanday maqsadda tarqatmaslikni qat’iy ta’kidlaymiz. Bizning vazifamiz o‘laroq, bu soxta da’voga raddiya yozdik.

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul (elchi) va nabiylarning so‘nggisidirlar. Alloh taolo: «Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir», deya xitob qilgan («Ahzob» surasi, 40-oyat).

Ushbu oyatga ko‘ra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana payg‘ambar yo rasul chiqadi deb aytsa, e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng so‘nggi payg‘ambar va rasul ekanini tan olmagan bo‘ladi.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vassallam: «...Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendan keyin nabiy kelmas», dedilar” (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari). «Kazzob» so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, «ko‘p yolg‘on gapiruvchi», «o‘ta ketgan yolg‘onchi» ma’nolarini ifoda etadi.

Demak, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday payg‘ambar yoki rasul chiqishi mumkin emas. Bordiyu, kimdir payg‘ambarlik yo rasullikni da’vo qilsa, u yolg‘onchi deya inkor etiladi va unga qarshi chiqiladi. Sahobai kiromlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama, Asvad Anasiy va Sajoh kabi soxta payg‘ambarlarga qarshi qattiq jang qilganlar.

Boshqa bir hadisi sharifda shunday deyiladi:

«Mening va anbiyolarning misoli, xuddi binosi go‘zal bir qasrga o‘xshaydi. Unda bir g‘isht o‘rni tark qilingandir. Bas, nazar soluvchilar uni aylanib ko‘rib, binosining go‘zalligidan ajablanadilar. Faqat haligi g‘isht o‘rnidan boshqa ayb topa olmaydilar. Bas, men o‘sha g‘ishtning o‘rnini to‘lg‘azdim. Men bilan bino xotimasiga yetdi. Payg‘ambarlar oxiriga yetdilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Yana bir hadisi sharifda bunday deyilgan:

«Boshqa anbiyolardan olti narsa ila afzal qilindim: 1. Menga jamlovchi kalom berildi. 2. Menga dushmanimga qo‘rqinch solish ila nusrat berildi. 3. Menga o‘ljalar halol qilindi. 4. Menga yer poklovchi va masjid qilindi. 5. Men hamma xaloyiqqa yuborildim. 6. Men bilan nabiylar tugatildi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatlari).

Yana bir muhim jihat, ushbu ruhiy nosog‘lom kimsa g‘aybni da’vo qilyapti. Tarqalgan virus odamlarning qilgan gunohiga keldi, deb ishonch bilan aytmoqda. G‘aybni faqat Alloh biladi, uni bilaman deyishning o‘zi ham kufrdir. Qur’oni karimda Alloh taolo O‘zini vasf qilib, shunday degan: «(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas» («Jin» surasi, 26-oyat).

Boshqa bir oyati karimada:

“Ayting: «Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman» («A’rof» surasi, 188-oyat).

Hatto Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham g‘aybni bilishni da’vo qilmaganlar. Sahobalar davrida ham bunday vabolar kelgan. Qanchadan qancha buyuk sahobalar vabodan vafot etishgan. Ular Alloh taolodan bunday yomon gumonda bo‘lishmagan. Balki, sabr qilishgan, Allohdan ajr umid qilishgan.

Ushbu kimsaning qo‘lidagi hassasi o‘zidan ancha uzun, aslida hassa nari borsa odam bo‘yi baravar bo‘ladi, qo‘lidagi tasbeh ham odatiy emas, balki folbin, sehr-jodu qiluvchilarning anjomiga o‘xshaydi.

Shu o‘rinda yana bir muhim masala bor. Yuqoridagi kabi tasvirlarni keng tarqalishiga hissa qo‘shayotganlar bir narsani yaxshi anglab olsinlar. Har bir voqeani ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligiga insonning o‘z farosati yetishi kerak.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhissalom ekani va u kishidan keyin kim payg‘ambarlik, rasullikni da’vo qilsa yolg‘onchi ekani aniq aytib qo‘yilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bunday xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs haqiqatan Samarqand viloyatida yashaydi. Ayni vaqtlarda Samarqand viloyati imom-xatiblari tomonidan mazkur fuqaro bilan Islom dini aqidasi va e’tiqodiy ta’limotlar yuzasidan suhbatlar olib borish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz" - deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati bayonotida.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан