Xivada “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkaziladi

Xivada “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkaziladi

2022 yildan boshlab Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkaziladi. Bu haqda prezidentning «“Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida» gi Qarorida aytilgan.

Raqs festivali har ikki yilda bir marotaba 25-30 aprel kunlari tashkillashtiriladi.

Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul organlar etib belgilandi. Tashkiliy sarf-xarajatlarning 70% ini vazirlik, 30% i Xorazm viloyatining mahalliy byudjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan qoplanadi.

Qaror bilan festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

“Lazgi” raqs tanlovi 3 ta nominatsiya (“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrosichi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs”) bo‘yicha baholanadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • “Gran-Pri” – 7 000 AQSh dollari;

Har bir nominatsiya bo‘yicha:

  • 1-o‘rin – 5 000 AQSh dollari;
  • 2-o‘rin – 3 000 AQSh dollari;
  • 3-o‘rin – 2 000 AQSh dollari.

Tashkilotchilar tomonidan har bir qo‘shimcha nominatsiya uchun 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari ajratilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabrida Xorazm lazgi raqsi O‘zbekistonning madaniy yodgorligining bir qismi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi.