Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va unga qarshi kurash modellarini qayta ko‘rib chiqish»
5.12.2019 19:03,  
1930

Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari institutining “Markaziy Osiyo” dasturi vebsaytida Markaziy Osiyoda islom dini tadqiqotchisi Noy Takkerning (Noah Tucker) “Terrorism without a God: Reconsidering Radicalization and Counter-Radicalization Models in Central Asia” (“Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta ko‘rib chiqish”) deb nomlangan tadqiqoti e’lon qilindi.

Tadqiqot so‘zboshisida markaziy osiyoliklarning Suriyadagi urushga safarbar qilinishiga missionerlarning da’vati emas, jamiyatlardagi adolatsizlik sabab bo‘lgani aytiladi. N.Takker 2016 va 2018 yillarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda o‘tkazgan tadqiqoti natijalari va fransuz olimi Olive Royning Yevropada Suriyadagi urushga jangarilarni yollash amaliyoti haqidagi fikriga asoslanib, “islomning radikallashuvi” emas, “radikallashuvning islomlashishi” haqida gapirish kerakligini aytadi.

Tadqiqotning dastlabki qismida Mohidilxon ismli ayolning o‘g‘li bilan kelini nevaralarini olib, oldin Rossiya, keyin esa Suriyaga ketib qolganini, ular O‘sh shahridagi mojarodan qochib qutulganini, ammo Suriyadagi urushga tutilganini, Ravshanxon opaning esa kuyovi qizini Qozog‘istonga ketyapmiz, deb Suriyaga olib ketib qolgani haqida hikoya qilinadi. Muallif bunday holatlarni mintaqa davlatlari, jamoatchilik va axborot vositalariga hamohang ravishda tushuntirish qiyin bo‘lgan “zo‘ravon safarbarlik yoki Markaziy Osiyodagi zo‘ravon ekstremizm” deb ataydi.

Qayd etilishicha, Mohidilxon bilan Ravshanxonning qarindoshlari qo‘qqisdan chet elga ketib qolishi bilan bog‘liq fojiada din qaysidir ma’noda rol o‘ynagan, ammo ularning oilasida oldin hech qanday noodatiy amaliyot yoki chet ta’sir (missionerlik) kuzatilmagan. Shu bilan birga 90-yillarning oxirida O‘zbekiston islom harakati, keyinchalik esa IShID singari qurolli qo‘zg‘olonchilar guruhlariga yollashda diniy mansublik sabablardan biri bo‘lgani, biroq boshqa “turtki beruvchi” omillar ham bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida savollar qo‘yiladi maqolada: “…ammo ayrim sohalarda boshqa guruhlar hal eta yoki muhokama qila olmaydigan siyosiy e’tirozlar bo‘lsa-yu, aholining chetga chiqib qolgan guruhlari islomiy mansubligiga ko‘ra safarbar bo‘lib, isyonchilar harakatiga tortilsa hamda ular buni o‘z e’tirozlarini hal etish uchun yagona ish beradigan (yoki hatto qo‘l yetadigan) siyosiy mexanizm deb bilsa-chi?”

Tadqiqotda ushbu dalilga tayanilgan holda, Markaziy Osiyo kontekstidagi radikallashuv deb atalgan hodisaning muqobil andozasi sifatida muqobil qarash taklif etiladi: modomiki, odamlar borib qo‘shilayotgan guruhlar siyosiy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinayotgan ekan, ular siyosiy guruhlar emasmikan? “Ularning diniy e’tiqodi bilan mansubligiga e’tibor qaratib, siyosatni esa esdan chiqarib, tenglamaning muhim bir qismini unutmayapmizmi?” degan hushyor torttiruvchi savol o‘rtaga tashlanadi.

Muallif zo‘ravon islom ekstremizmini “islom dinisiz” tahlil qilmoqchi ekanini ta’kidlaydi. U Markaziy Osiyodagi zo‘ravon ekstremizm din ramzlari, ritorikasi va e’tiqoddan foydalanishini inkor etmagan holda, mintaqadagi kishilar ijtimoiy, siyosiy yoki shaxsiy muammolardan kelib chiqib radikallashuvi hamda o‘sha muammolarni radikal tarzda hal etishni taklif etadigan guruhlarga qo‘shilishga intilishini aytib, dinning zo‘ravon ekstremizmga safarbar qilishdagi roli keragidan ortiq baholab yuborilayotganini ta’kidlaydi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga borib o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, “e’tiroz” va “shaxsiy aloqalar” Markaziy Osiyodagi radikallashuvning din va dindorlikdan ko‘ra kuchliroq sababi ekani”ga oid dalillar keltiriladi. Boshqa dalillar sifatida adolatsizlik va tengsizlik ham tilga olinadi. Islom davlati o‘z maqsadiga erishish yo‘lida ana shu e’tirozlardan foydalangani aytiladi.

1. Etnik va noislomiy mojaroga safarbar qilish saboqlari

Muallif asrlar bo‘yi yashab kelgan etnik guruhlar o‘rtasida kelib chiqadigan mojarolar – bunga Bolqon yarim orolidagi urushni misol qilib keltirish mumkin – “ko‘hna nafrat”ning yuzaga chiqishi qabilidagi qarashlarni tanqid qiladi. Fikricha, etnik mojarolarga “bir kuni oddiy kishilar nafrat va eski xafagarchiliklar bilan to‘lib-toshib, raqib guruhdagi qo‘shnilariga hujum qilish uchun qo‘liga bolta, ketmon yoki ov miltig‘ini oladi”, deb qaraladi. Aslida unday emas. Ko‘p tadqiqotlarga ko‘ra, mojaroni ilgari zo‘ravon tashkilotlarga a’zo bo‘lgan kishilar – o‘tmishda jinoyat sodir etgan mayda kallakesarlar boshlab beradi. Bunga O‘shdagi mojaro misol qilib keltiriladi. N. Takker 2011 va 2012 yil yoz oylarida ushbu shaharga borib, tadqiqoti uchun material yig‘ayotgan vaqtda hech kim qo‘shnisi o‘ziga hujum qilganini aytmagan. Natijada muallif shunday xulosaga keladi: “Etnik mansublik yoki biror guruh yoki marosim qatnashchisi bo‘lish – bular etnik mansublikni tashkil qiladi – mojaro uchun sabab bo‘la olmaydi, lekin zo‘ravonlik tashkilotchilari undan kishilarni guruh sifatida safarbar qilish maqsadida foydalanadi”. Kishilar safarbar qiluvchilar qo‘lida siyosiy va moddiy maqsadlarga erishish yo‘lida vosita bo‘ladi. Ularning qiladigan ishi ommaning “hissiyotlarini qo‘zg‘ash, da’vat etish, fikrlarini asoslash, safarbar qilish, yuragida o‘t yoqish va harakatga undash”dir. Nafratga qo‘zg‘atuvchi omil sifatidagi ko‘hna yondashuvdan ko‘ra, ommaning noroziligidan foydalanib, safarbar qilishga e’tibor qaratish nega mojaro biror vaqtda ro‘y berishi, ammo ikki etnik guruh yonma-yon yashab kelgan boshqa lahzalarda ish bermaganini tushunib olishga imkon beradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining har birida sho‘rolar hukmronligining so‘nggi yillari va mustaqillikning o‘tgan davri mobaynida milliy o‘ziga xoslik – “etniklashuv” va madaniyatlarning tiklanishiga boshqalarga nisbatan dushmanlik uyg‘otadigan omil deb qaralmayotganini qayd etiladi tadqiqotda. Garchi radikal jangari guruhlarning etnik mansublik iddaosi xavfsizlik va ijtimoiy jipslikka jiddiy tahdid deb qaralsa-da, hech kim Anders Breyvikning vahshiyona qilmishlarini Norvegiya madaniyatiga bog‘liq yoki XX asrning ikkinchi yarmida IRAning paydo bo‘lishi yoki uning Shimoliy Irlandiyadagi o‘nlab qonli terrorchilik hujumlarini irlandlarga xos deb o‘ylamaydi. Chunki o‘zaro kelisha olmayotgan taraflarning ikkalasi ham, asosan, katoliklardir, “lekin buni hech kim “radikal katoliklik” demaydi”. Ikkala taraf o‘rtasidagi tafovut yechimi topilmayotgan siyosiy e’tiroz bilan bog‘liq. Qo‘shma Shtatlardagi o‘ng qanot jangari tashkilotlari yoki 1865 yili, AQShdagi fuqarolar urushidan keyin tashkil topgan va oq tanlilarning ustunligi uchun kurashgan Ku-kluks-klanni dunyodagi eng uzoq faoliyat yuritgan terrorchilik tashkiloti sifatida keltirish mumkin. Ular biror siyosatdan norozilikdan kelib chiqib, ommani o‘z maqsadiga erishish yo‘lida safarbar qiladi.

E’tibor qilinishi zarur bo‘lgan yana bir jihat shuki, tadqiqotda biror guruh a’zosi bo‘lgan inson xulq-atvorini tadqiq qiladigan ijtimoiy psixologiyada zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlaydigan guruh bilan buning teskarisi bo‘lgan guruhlarni bir-biridan farqlash kerakligi bayon qilingani aytiladi. Ammo odamlar ko‘pincha zo‘ravon bo‘lmagan guruh bilan zo‘ravon guruh bir xil mafkuraga tayanishi va zo‘ravon bo‘lmagan guruh hali tanadagi og‘irlashmagan kasallikka o‘xshashini, u ham alal-oqibat zo‘ravon guruhga aylanib ketishini taxmin qiladi. Buning sababi – boshqa omillar tekshirilmagan vaqtdagi biror narsaga (mafkura, siyosiy yoki etnik guruhga) mansublik tenglamadagi o‘zgaruvchan miqdorga o‘xshab ko‘rinadi.

“Agar buning o‘rniga biz ularga raqobatlashayotgan siyosiy tadbirkorlar safarbar qilgan raqobatlashayotgan siyosiy guruhlar deb qaraydigan bo‘lsak, zo‘ravonlik taktikasini tanlash guruh boshqa vositalar yordamida siyosiy yoki ijtimoiy o‘zgarishlarga erishish imkoniyatlarini – o‘sha maqsadlarga radikal (zo‘ravonlik) usullari yordamida erishishdan ko‘ra – qay darajada baholayotganiga bog‘liqdir”, deb yozadi muallif. Ommaning zo‘ravonlik tarafdori bo‘lgan guruhni qo‘llab-quvvatlashi sababi uning oldida turgan muammolarni hal etishning boshqacha hal etish vositalari qolmaganda yuz beradi, ya’ni N. Takkerning boshqa tahlilchilarga iqtibosan mulohaza yuritishicha, “na din, na hatto siyosiy maqsadlar terrorizmga ishtiyoq uyg‘otmaydi: odamlar terrorizmni ichki va xalqaro siyosat korrupsiyalashgan hamda u adolatsizlik va tengsizlik uchun javobgar deb hisoblayotgan payt qo‘llab-quvvatlaydi”.

Oq tanlilik, deydi muallif, AQShdagi Ku-kluks-klanni, Norvegiya madaniyatiga mansublik Breyvikka o‘xshash terroristlarni qo‘llab-quvvatlashni, davlatning katolik dinini nazorat qilishga urinishi IRA terrorizmini bartaraf qilishga bo‘lgan yondashuvi ekanini anglatmaydi. Xuddi shuningdek, Markaziy Osiyodagi zo‘ravon safarbarlikni ham dinga daxli bo‘lmagan hodisa va unga faqat maqsadga erishish yo‘lidagi vosita deb qarash kerak, chunki ekstremistik guruhlar muayyan e’tirozlarga bog‘liq tarzda guruhga – bu o‘rinda o‘zlarining o‘sha muammoni hal etish yo‘lini taklif etayotgan guruhiga – mansublik hissini shakllantiradi. Ularning u yoki bu mintaqadagi muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi ana shu hissiyotni qay darajada shakllantira olishiga bog‘liq.

2. “Qaynoq nuqtalar” va hal etib bo‘lmaydigan mojaro: Markaziy Osiyoning zo‘ravon ekstremizmiga siyosiy nazar

Shu o‘rinda muallif islom dini va ayrim islomiy guruhlar odamlarni safarbar qilishini e’tibordan soqit qilgan holdagi hamda e’tirozdan kelib chiqadigan safarbarlikka asoslangan muqobil yondashuv qanday bo‘lishi mumkin, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Unga ko‘ra, soqol qo‘yish, hijob o‘rash va diniy ta’lim olish bilan diniy ekstremizm o‘rtasida bog‘liqlik juda kam. Ammo bu hol Markaziy Osiyoda terrorizm va zo‘ravon ekstremizm xavfi kamligini anglatmaydi. Yana Markaziy Osiyo mamlakatlaridan IShID singari ekstremistik guruhlarga odam yollashning ko‘pligi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 4200 kishi ekani, ammo aslida bu ko‘rsatkich 3-4 barobar ortiq ekani, ya’ni o‘sha yoqqa ketganlar yoki ketishga uringanlar soni 12000 – 16000 kishi bo‘lgani aytiladi.

Qizig‘i shundaki, Suriyadagi urushga ketmoqchi bo‘lganlarni yo‘lidan qaytarishga urinishlar bo‘lg‘usi jangarilarning o‘z vatani yoki boshqa mamlakatda hujumlar uyushtirishiga sabab bo‘lgan. Bunga 2016 yil Qozog‘istonning Oq to‘ba shahrida amalga oshmay qolgan hujumni va 2017 yili Stokgolm shahrida O‘zbekiston vatandoshi Rahmat Oqilovning yuk mashinasida odamlarni bostirib ketganini misol qilib keltirish mumkin.

Mintaqa mamlakatlari hukumatlari 90-yillarda va 2000-yillarning boshida O‘zbekiston islom harakati (O‘IH) tahdidini tushunish va oldindan bashorat qilish uchun ko‘plab qonunlar qabul qildi, o‘n minglab kishilarni hibsga oldi, hatto terrorizmga aloqasi bo‘lmagan guruhlar va kishilarni ta’qib qildi. Vaholanki, Suriyadagi urushda qatnashmoqchi bo‘lgan kishilar soni O‘IH a’zolari sonidan 6-7 marta ortiq edi. Bunga Bashar Asadning shafqatsiz rejimiga qarshi suriyaliklar isyonini islomiy bo‘lmagan mamlakatlar, hukumatlar va siyosatchilar qo‘llab-quvvatlagani sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Ajablanarlisi, muallif Suriyadagi urushdan qaytib, Turkiyada istiqomat qilayotgan markaziy osiyoliklar bilan qilgan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, ularni biror tashkilotning mafkurasi jalb qilmagan. Aksincha, “ular sarguzasht qidirgan, savob ish va gunohsiz kishilarni himoya qilmoqchi yoki chegaradosh mamlakatda yangi hayot boshlamoqchi bo‘lgan”. Yollangan askarlarning ko‘pchiligini tashkil qiluvchi o‘zbeklar bilan tojiklar oilasidan ayri yashayotgan paytda, ya’ni Rossiyada qiyin ahvolda qolib, ishlayotgan payti yollangan.

Bundan tashqari, ko‘p oilalar uyini, bor-budini sotib, oilasi bilan o‘sha yoqqa yo‘l olgan. Qizig‘i shundaki, iqtisodiy foyda olishni istagan kishilar u yerga farzandlarini olib borishi dargumon. Muallif ularning mamlakatida nafaqat o‘zi, qolaversa, farzandlarining kelajagiga ham ishonmagani bunga sabab bo‘lganini, bunaqa holatlar mintaqa mamlakatlarining faqat ayrim joylarida ko‘plab uchrashi masalaga boshqacha qarashni taqozo etishini yozadi. Muallif ta’kidicha, odamlarning oilalari bilan chiqib ketishi kasallik emas, uning alomati bo‘lishi ham mumkin. Zo‘ravonlik mintaqada sodir bo‘lmasligi uchun qanday struktural va siyosiy muammolarni hal etish kerak, degan savol qo‘yiladi.

Shunga o‘xshash savollarga javob berish, safarbarlikning sababini aniqlash maqsadida 2016 – 2018 yillarda 3 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan odamlarni safarbar qilish modellari tasodifiy ham, ushbu mamlakatlarda baravar taqsimlangan ham emas. Jug‘rofiy nuqtai nazardan har bir mamlakatning “qaynoq nuqtalari” bor. Ularni umumlashtiruvchi qonuniyatlarni topish mushkul. Ammo ko‘pchilikning ishonishicha, IShIDning odatiy yollanuvchisi nisbatan kambag‘al 20 yashar yigit bo‘lib, universitetda o‘qimagan, ko‘p vaqtini masjidga qatnab o‘tkazgan va o‘sha yerda dastlabki diniy bilim olgan, so‘ngra salafiylikning agressiv shakliga “e’tiqodini o‘zgartirgan”. Ammo bunday holatga ikki nafar umrida masjidga qadam bosmagan yigitning holati to‘g‘ri keladi, shulardan biri esa boy oiladan, universitetni bitirgan bo‘lib chiqadi. Yana ularga ergashgan ayollar ham bor. Shuning uchun tadqiqot muallifi bu o‘rinda alohida shaxslarga mo‘ljallangan modelni emas, jamoat va sub milliy modelni qo‘llash kerakligini aytadi.

Aravon tumani Qirg‘iziston aholisining 2 foizi bo‘lgan holda u yerdan Suriyaga ketib, “Jabhat an-Nusra”, “Al-Qoida”, Islom davlati singari ekstremistik tashkilotlar bilan bog‘liq guruhlarga borib qo‘shilganlar jami ketganlarning 1/3 qismini tashkil qiladi, ular orasida ayollar bilan bolalar ko‘p. Qozog‘istonda esa yollanganlarning asosiy qismi Jezqazg‘an va Satpayev shaharlari va kichik Kengir qishlog‘idan bo‘lgan. Qozog‘iston hukumati jami 800 kishi Suriyaga ketganini ma’lum qildi. Yollanganlar orasida Tojikistonning Xatlon va Ko‘lob viloyatlari, Sug‘d viloyatining esa Isfara shahri atrofidan aholi punktlaridan ko‘p odamlar bo‘lgan. Lekin Suriyaga borgan tojiklarning aksariyati Rossiyaga ishlagani ketgan kishilar bo‘lgan. Tojikiston hukumati kamida 150 ta oila o‘sha yoqqa ketganini xabar qildi.

Suriyadagi urushga odam yollash bo‘yicha uch mamlakatdagi qaynoq nuqtalar aniqlab olingach, ularning Yaqin Sharqqa farzandlari bilan ketishiga sabab nima degan savolga javob topish uchun tadqiqot davomida a’zolarini yo‘qotgan oilalar vakillari, faollar, NNT va davlat idoralari xodimlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Qizig‘i shundaki, hukumat va xavfsizlik idoralari vakillarining talqini qarindoshlarini yo‘qotgan oilalar va mahalliy idoralar vakillarinikidan farq qildi. Vaziyatga ob’yektiv baho berish uchun fokus guruhlari tuzilib, yollanish sabablari muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, qarindoshlarining yollanib, Suriyaga ketishiga oila a’zolarining faqat 1/3 qismi noodatiy diniy e’tiqod, amaliyot yoki tarmoqlarni, ba’zi hollarda esa bunday tarmoqlar, asosan, Rossiya singari uchinchi mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatganini sabab qilib ko‘rsatgan. So‘ralganlar fikricha, yollanganlarning “noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishi”ga, birinchidan, adashgani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan, iqtisodiy sabab va o‘qimishliligi yetishmasligi singari omillar ta’sir ko‘rsatgan. Lekin fikri so‘ralganlardan faqat bir kishi Suriyaga iqtisodiy sabablarga ko‘ra ketganini aytgan. Lekin nega ular farzandlarini ham Suriyaga olib ketgan, o‘sha yoqdan pul jo‘natib tursa bo‘lmasmidi? Buni iqtisodiy sabablar bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Muhokamalardan so‘ng bunga adolatsizlik sabab bo‘lgan, ketganlar hamma narsada Muhammad alayhissalom davridagi adolat bo‘lishini istagan, degan xulosaga kelindi.

Suriyaga “qaynoq nuqtalar”dan odam yollashda shaxsiy aloqalar muhim rol o‘ynagan, ko‘pchilik qayerga va nima uchun ketayotganini ham tushunmagan. Shuning uchun “radikallashish”ga ulgurmay turib ham oilasini olib yo‘lga tushavergan, ko‘pchiligi aldanib qolgan. Garchi missionerlar va yollovchilar haqida ko‘p gapirilsa-da, ularni hech kim, ko‘rdim, deb aytmadi. So‘rovlardan yollashda oldinroq Suriyaga ketgan kishilarning do‘stlari, oilasi, sinfdoshlari va hk. bilan ijtimoiy tarmoqlar (WhatsApp singari) orqali muloqotga chiqishi muhim rol o‘ynagani ma’lum bo‘ldi.

Masalan, zikr etilgan Kengir qishlog‘idan Suriyaga ketgan deyarli har bir yigit o‘sha yerdagi garajda tashkil etilgan boks klubiga qatnab yurgan bo‘lgan. Ko‘ryapmizki, masjidlar yollash markazi bo‘lgan degan xato qarashlar mavjud. Yaqinroq o‘rganilganda, sinfdoshlar, oila a’zolari, boks va yakkakurash klublari, hatto tug‘ilgan kun ziyofatlari ham yollash uchun qulay joy yoki tadbir ekani ma’lum bo‘ldi.

Shu o‘rinda muallif isyonlarni bostirish masalalarini tadqiq qilgan avstraliyalik ekspert Devid Kilkullen fikridan iqtibos keltiradi: “Odamlarga isyon qilishi uchun mafkura turtki bermaydi. Ularni ijtimoiy tarmoqlar shunga tortadi”.

“Qaynoq nuqtalar”dagi ayrim kishilar urush bo‘layotgan joyga borib, u-bu narsaga erishgach, o‘z tarmog‘idagi boshqa kishilarni ham o‘sha yoqqa “tortgan”, degan fikr ham aytiladi tadqiqotda. Lekin muammoga muqobil nuqtai nazardan qarash va fokus guruhlari vakillari bildirgan fikrlar shuni ko‘rsatadiki, o‘sha “qaynoq nuqtalar”da siyosiy e’tirozlar, ya’ni hokimiyatning mavjud resurslarni taqsimlashda adolatsizligiga qarshi noroziliklar ham kuchli bo‘lgan.

Ziddiyat va e’tirozlar tadqiqot o‘tkazilgan uchta mamlakatda turlicha bo‘lsa-da, ularda umumiy 2 ta omil mavjud:

  • 1) ushbu muammolarga mahalliy aholi “adolat/adolatsizlik” nuqtai nazaridan qaraydi;
  • 2) e’tiroz paydo bo‘lgan jamoatlar ularni markaziy hukumat bilan muhokama qilib, hal etib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Qozog‘istondagi “qaynoq nuqtalar” (Jezqazg‘an, Oqto‘ba, Atirau va Janao‘zan), asosan, Sovet davrida paydo bo‘lgan va iqtisodiyoti o‘ta markazlashgan “monoshaharlar” (biror zavod sabab tashkil topgan) bo‘lib, ular mustaqillikdan keyin o‘sha zavodlar to‘xtab qolgan yoki to‘liq kuch bilan ishlamayotgani sababi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar botqog‘iga botib qolgan. Bu yerdagi sharoit Markaziy Osiyoning eng boy va yalpi ichki mahsuloti boshqa respublikalarnikini qo‘shib hisoblaganda, ikki barobar ko‘p respublikaning boshqa shaharlari bilan solishtirganda, nihoyatda past. Shu sababli Satpayev singari shaharlarda “kulrang” iqtisodiyotdan pul qiladigan jinoyatchi to‘dalar paydo bo‘ldi. Ular bilan ekstremizm o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor.

Aholi noroziligining va Suriyaga ko‘p odam yollanishining yana bir omili diniy kamsitish, ya’ni soqol qo‘yib, diniy libos kiygan kishilarning kiyinish tartibini buzdi, deb ishdan haydalishi bo‘lgani aytiladi.

Janubiy Qirg‘izistonning Aravon tumanidagi iqtisodiy va norozilik shakli Qozog‘istondagi vaziyatdan farq qiladi. U yerdagi adolat/adolatsizlik mavzusi etnik mansublikka borib taqaladi. Chunki yollanganlarning aksariyati etnik o‘zbeklardir. Buning sababi 201 yilgi mojaro vaqtida o‘zbek jamoatining asosan qirg‘izlardan tashkil topgan mahalliy hokimiyat idoralari bilan kelishmovchilikda edi. Fokus guruhidagi fikri so‘ralganlar aytishicha, Suriyaga ketganlarning aksariyati ekstremizmda ayblanib, mahalliy hokimiyat idoralaridan marhamat kutib o‘tirguncha, Suriyada o‘lishni afzal bilgan. Bundan tashqari, aholining ma’lum qismi norasmiy suhbatlarda mavjud boshqaruv tizimidan ko‘ra, islom xalifaligi joriy etilishi lozim degan fikr bildirgan.

Tadqiqot jarayonida tojikistonlik fokus guruhi vakillari hukumatni tanqid qilsa, ta’qiblarga uchrashini aytib, ochiq gapirmadi. Ammo bildirgan fikrlaridan ma’lum bo‘lishicha, mavjud adolatsizlik, imkoniyatlar tengsizligi va korrupsiya sabab odamlar mehnat migratsiyasiga ketishga majbur bo‘lmoqda. Ishtirokchilar yollovchilar Jezqazg‘an va O‘shdagi kabi mana shu kamsitishdan o‘z maqsadiga erishish yo‘lida foydalanganini aytdi. Ular mehnat migrantlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yollagan.

Shu o‘rinda, nega aynan Xatlondan ko‘pchilik Suriya urushiga yollandi, degan og‘ir savol tug‘iladi. Bunga imkoniyatlar tengsizligi asosiy sabab qilib ko‘rsatiladi. Negaki, Tojikistondagi fuqarolar urushi tugagach, Xatlon viloyatidagi ko‘pchilik oilalar foyda ko‘rdi. Davlatni kengaygan oila va uning atrofidagilar boshqarmoqda. Shu sababli xatlonliklar bu tengsizlikni adolatsizlik deb hisoblaydi hamda siyosiy iqtisod nuqtai nazaridan, uni hokimiyat bilan muzokara qilib, hal etish mexanizmi yo‘q deb hisoblaydi.

3. Radikallashuv oldidagi ojizlik va unga berilmaslikka boshqa tarafdan qarash

Umumlashtirib qaraganda, uchta “qaynoq nuqta”da ham mavjud siyosiy tizimda hal etilmayotgan muammolar (etnik, iqtisodiy, diniy yoki uchalasining qorishmasi) mavjud bo‘lib, ularni muloqot orqali hal etish mexanizmlari mavjud emas. Aslida siyosiy ziddiyatlar hamisha bo‘lib turadi, ammo barcha tizimlar ham ularni hal etish mexanizmlarini taklif eta olmaydi. Ayrim yechimi og‘ir muammolar (masalan, Jezqazg‘ondagi) Sovet davridan meros qolgan.

“Fuqarolar adolatsizlikdan shikoyat qilishi va bu shikoyatlar bir mintaqada boshqasidan farq qilishi kutilmagan narsa emas. Ushbu muammolarga iqtisodiyoti boy mamlakatlar ham, rivojlangan demokratik davlatlar ham duch keladi”, deydi muallif. Uning ta’kidicha, Markaziy Osiyodan Suriya urushiga ko‘pchilikning yollanishiga u yerda shikoyatlarni muzokara yo‘li bilan hal etish mexanizmlari yo‘qligidir. Shuning uchun mintaqa hukumatlari shunday mexanizmni topishga harakat qilishi kerak. Har qanday adolatsizlik, tengsizlik, kamsitish va korrupsiya mohiyatan siyosiy masaladir.

Barcha tadqiqot o‘tkazilgan mamlakatlarda yagona partiya hukmronlik qiladi. Lekin nisbatan siyosiy raqobat kuchli bo‘lgan Qirg‘izistonda ham kamsonli etnik guruhlarning hokimiyatdagi ishtiroki juda oz. Shu sababli yollanayotgan kishilar Islom davlatini mavjud siyosiy tizimlariga muqobil deb biladi. Milliy hukumatlardan farqli o‘laroq, Islom davlati davlatning asosi sifatidagi etnonatsionalizmni inkor qiladi, yana neoliberal xalqaro tartibni ham butunlay rad etadi.

SSSR tarqab ketgandan keyin esa va’da berilgan demokratiya qaror topmadi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, ko‘plab oilalarning bor-budini sotib, bolalarini urush bo‘layotgan joyga olib ketganini ularning yorqin kelajagini ta’minlashga va adolat topishga urinish sifatida tushunish mumkin. Ammo ular bu adashgani uchun o‘z yoki bolalarining hayoti bilan tovon to‘ladi.

Yana terrorchilik hujumlarini amalga oshirganlar va boshqalarni ham shunga da’vat qilganlar ham borligini unutmaslik kerak. Ular adolatsizlikka duchor bo‘lganlarni, e’tirozi borlarni har xil hiylalar bilan o‘z tomoniga og‘dirib olgan. Hatto ular o‘sha norozi kishilarni Nyu-York va Stokgolmdagi piyodalar, Turkiyadagi tungi klub va Iroqdagi ezdi etnik guruhiga qarshi terrorchilik amallarini bajarishga ko‘ndirgan.

Muallif qayd etishicha, “shunday qilib, Islom davlatining markaziy osiyoliklarga murojaati faqat siyosat yoki ijtimoiy adolatga qaratilib qolmay, uning vakillari o‘zini unutilgan va vatanining bir chekkasida qolib ketgan deb his qilgan kishilarga shaxsan adolatni tiklab berish, uyida istiqbolni ko‘ra olmayotgan kishilarga joy va kelajakni yolg‘ondan va’da qilgan”.

Xulosa: buzg‘unchi tarmoqlar o‘rniga dinga qarshi kurashishning xavfli jihatlari

Tadqiqot muallifi fikricha, jangari ekstremistlarni yollashni, radikallashuvni, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi guruhlarning xulq-atvorini, dunyoqarashini tushunib olishda diniy aralashuv yoki teologik yondashuvlardan tashqariga chiqish lozim. IShID vakillari qanchalik “haqiqiy islom” nomidan gapirmasin, ular ham etno natsionalist demagoglar singari o‘z manfaatidan kelib chiqib fikr yuritadi.

Markaziy Osiyoda islomiy o‘zlikni anglash, diniy amallarni bajarish kuchayib boraveradi, lekin bu bilan namozini o‘qib, boshqa amallarni bajarayotgan musulmonlar bilan ma’lum siyosiy e’tirozlari sabab muayyan joy va holatlarda safarbar qilingan muayyan guruhlar o‘rtasida aloqa bor, deb xato qilinmasligi kerak. Diniy mansublik yoki uni ifoda qilish hal etilishi kerak bo‘lgan muammo emas.

Bu Shimoliya Irlandiyadagi “irlandlik” yoki “katoliklik”ka ham tegishli. Qo‘shma Shtatlardagi oq tanlilarning ustunligi bilan bog‘liq terrorchilik amallarining oldini olish yoki bartaraf etish uchun protestantlarni ibodat qilishiga va teri rangi bilan bog‘liq tafovutlarga qarshi kurashish shart emas.

Muallifning modelida buning o‘rniga biror diniy guruhga mansublik asosiy e’tirozlarni bartaraf qilish uchun qanday safarbar etilganini aniqlash taklif etiladi. Shu o‘rinda u fransuz tadqiqotchisi Olive Royga iqtibosan jarayonni yana bir marta “islomning radikallashuvi emas, aksincha, radikallashuvning islomlashuvi” deb ataydi.

O. Roy “Globallashgan islom”ning “Jihod Qur’ondan ko‘ra Marksga yaqinmi?” bobida Suriya urushiga yollanganlar yoki ularning tarafdorlarining e’tirozlari 60-yillarda Parijda kommunistlar yetakchiligida norozilik namoyishlariga chiqqan talabalarning e’tirozlariga hamohang ekanini yozadi. Shundan kelib chiqib tadqiqotda IShID singari terrorchilik taktikasini qo‘llayotgan isyonchilar yoki boshqa norozi kishilar din emas, ijtimoiy, siyosiy yoki shaxsiy holatlar sabab radikallashgani aytiladi va o‘z safidan joy va mansublik taklif qilgan radikal tashkilotga borib qo‘shiladi.

Islom davlati “adolat”ni ta’minlashga iddao qilgan bo‘lsa, keyinchalik “adolat/adolatsizlik” tushunchalaridan kelib chiquvchi e’tirozlarni hal etish mexanizmlarini yaratishni taklif etgan edi. Agar asosiy maqsad zo‘ravonlikning oldini olish bo‘lsa, “ta’sirga beriluvchanlar” jamoatida tarafdorlarni ko‘paytirib, jinoyatchi va zo‘ravonlar hamda ularning tarafdorlarini safini kamaytirish kerak bo‘ladi, deb hisoblaydi N.Takker.

E’tiroz radikallashuvning asosiy sabablaridan biri deb qaraladigan bo‘lsa, ilgari radikallashmagan kishilar o‘rtasida huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatidan norozilik zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi tarmoqlarning ishini – yollashini osonlashtiradi.

“Hatto ziddiyatlarni hal etish uchun siyosiy e’tirozlar bildirishi modelini tanlaganimizda ham, diniy mansublik zo‘ravonlik tarafdorlarining odamlarni safarbar qilish uchun tanlaydigan yo‘li deb taxmin qilish tasodifi hol bo‘ladi yoki nomaqbuldir. Diniy tarmoqlar siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolik jamiyati zaif bo‘lgan tizimda, ayniqsa, kuchli bo‘ladi”, deb yozadi tadqiqotchi. Uning urg‘ulashicha, dunyoviy siyosiy mexanizmlar va fuqarolik jamiyati barpo qila olmaslik oqibatida diniy mansublik, xuddi musulmon bo‘lmagan Shimoliy Irlandiyadagidek, birinchi o‘ringa chiqadi.

IShID yoki boshqa mingyillik jangari guruhlarning Yer yuzida Xudo saltanatini barpo qilish bilan adolatsizliklarga barham berib, dunyoni tuzatishga qanchalik ishonishi har doim ham to‘g‘ri baholanavermaydi. Shu o‘rinda din arboblari muqaddas bitiklar noto‘g‘ri talqin qilinayotganini, ekstremistik tashkilotlarning qilayotgan ishlari noto‘g‘ri ekanini jamoatga tushuntirib berishi kerak bo‘lgan eng maqbul amallardan biridir.

Davlat biror din yoki diniy guruh tarafini olmasdan, har qanday diniy tashkilot faoliyatini uning zo‘ravonlik inkor qilishi, davlat va boshqalar huquqini tan olishidan kelib chiqib baholashi lozim. Din erkinligini, fikrni qonunlardan chetga chiqmagan holda erkin bayon qilishni ta’minlash ekstremizmga imkon qoldirmaydi. Buning uchun hamma o‘zi yashab turgan jamiyatning bir qismi ekanini his qilishi lozim.

Manba: uzanalytics.com

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан