Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Xushnudbekning asossiz va hissiyotlarga berilgan qarashlari jamiyatga juda noto‘g‘ri signal yubordi» – Adliya vazirligi blogerga javob qaytardi
10.04.2020 09:58,  
12175

Avvalroq, Davlat soliq qo‘mitasi Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi to‘yxona tibbiy niqoblar ishlab chiqaradigan yashirin sexga aylantirilganini ma’lum qilgan edi.

Shundan so‘ng huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekistonda tibbiy niqob yetishmovchiligi yuqori bo‘lib turgan bir paytda Soliq qo‘mitasining bu kabi harakatlarini qoralab chiqdi.

Sen xalqqa do‘stmi yoki ayiqqami? — Bloger davlat Soliq qo‘mitasini nishonga oldi

Davlat soliq qo‘mitasi blogerning e’tiroziga javob berdi

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu material yuzasidan rasmiy bayonot berib, tadbirkor karantin qoidalari va sanitariya talablari qo‘pol ravishda buzilganligini ma’lum qildi.

Adliya vazirligi esa Xushnudbek Xudoyberdiyevga javob qaytarib, huquqshunosni “qonun ustuvorligini teran anglamaslikda aybladi”.

"Har qanday jamiyatda qonunlarga hurmat, belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilish bu — eng asosiy va muhim omildir.

Biz yo hamma qabul qilgan va bajarishi majburiy bo‘lgan qonun va qoidalar asosda ishlaymiz va yashaymiz yoki har kim o‘z bilganicha, ya’ni o‘z o‘lchovi bilan turli xil sub’yektiv fikrlari asosida shakllangan qoidalari bilan yashaydi. Ming yillar davomida shakllangan sivilizatsiyalar qonun ustuvorligisiz yashab va rivojlanib bo‘lmasligini allaqachon tushunib yetgan. Shuning uchun jamiyatlar barchaga majburiy, qulaymi yoki noqulay qat’iy nazar, umumjamiyat manfaatini ifoda etuvchi qonun-qoidalar asosida boshqarilib, rivojlanib kelgan.

Bu oddiy, isbot talab qilmaydigan gaplarni XXI asrga kelib yana takrorlash, albatta, shart emas, ayniqsa, huquqshunoslarga buni eslatish – ortiqcha.

O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlashda qator yechimini kutayotgan masalalar bor. Buni har kungi hayotimizda, xalqaro reytinglarimizdan ham ko‘rib turibmiz. Shunday ekan, ushbu muammolarni yechish va qonuniylikni ta’minlash ustida bosh qotirish kerakmi yoki teskarisini targ‘ib qilish kerakmi?

Lekin shunday holat yuz berdi va bu aksiomani takror eslatishga majbur bo‘lyapmiz.

Chirchiq shahrida noqonuniy niqob tikish sexi faoliyatiga soliq organlari tomonidan chek qo‘yilgani yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning asossiz va hissiyotlarga berilgan qarashlari jamiyatga juda noto‘g‘ri signal yubordi.

Birinchidan, ishchilar og‘zaki kelishuv asosida yollangani mehnat qonunchiligini buzish, soliqdan qochish va hokazolardan tashqari ushbu ishchilarning mehnat va boshqa huquqlari buzilishiga ham yo‘l ochadi. Masalan, tadbirkor yollanma ishchilarga mehnat haqini to‘lamayman desa yoki mehnat jarayonida ishchilar sog‘lig‘iga zarar yetsa, buning javobgarligi kimning gardanida bo‘ladi?

Ikkinchidan, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endilikda tibbiy niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi. Biroq bu tibbiy niqoblarni ishlab chiqishda belgilangan standartlardan voz kechilishi lozimligini anglatmaydi. Bundan tashqari, ushbu jarayon mehnat qonunchiligi, mehnat muhofazasi, sanitariya-gigiyena va epidemiologik vaziyat talablariga rioya etilgan holda tashkil etilishi lozim. Bu boradagi talablar bir muammoni yechayotib boshqa muammolarni yuzaga keltirmaslik uchun qo‘yilgan. Aks holda, biz oqibatlar va ulardan kelib chiqqan yana minglab oqibatlar bilan kurashishga resurs va vaqtni behuda sarflab, jamiyatni yangi-yangi muammolar girdobida qoldirgan bo‘lamiz. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Uchinchidan, 183 kishini har kuni bir joyga to‘plash va bunda sanitariya qoidalariga rioya etmaslikni tirikchilik bilan xaspo‘shlash mutlaqo noto‘g‘ri! Tirikchilik qilish uchun, avvalo, sog‘liq, ya’ni tiriklik kafolatlari minimal darajada bo‘lsa ham ta’minlanishi kerak. Bu vaqtinchalik choralar ekanini hamma tushunib turibdi. Agar insonlararo kontaktlarni minimallashtirish bugungi sharoitda zarur chora bo‘lmaganida, shuncha korxonalarni yopib, cheklovlar belgilamay, davlat o‘sha ishchilarni o‘zining doimiy ishida davom etishiga yo‘l qo‘yib bermasmidi? Yoki xuddi yana shunday uddaburon insonlar o‘zlariga hech qanday hujjatlarsiz va shartnomalarsiz yana 100 ta sex ochib ishlasa ham indamaslik kerakmi, 1000 ta sex ochsa-chi? Qonunlar unda nimaga kerak? Tadbirkorlar jamiyatga kerak, ular xalqni boqadi. Shu bilan birga, tadbirkorlik qonuniy asoslarda bo‘lishini hech kimga isbotlashning hojati yo‘qdir!

To‘rtinchidan, bundan sal avvalroq ham blogerlar Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xorijga noqonuniy eksport qilinayotgan tibbiy niqoblar to‘xtatib qolinganda ehtirosli postlar yozib, go‘yoki tadbirkorning himoyasiga otlangan edilar. Vaholanki, Davlat bojxona qo‘mitasining qonun doirasidagi harakati oqilona ish bo‘lgani oradan oz fursat o‘tmay hayotiy isbotini topdi: O‘zbekistonda ham koronavirus qayd etildi va tibbiy niqoblar o‘tkir taqchilligi yuzaga keldi. Shu sababli masalaga baho berayotganda faqat shu lahzalarning oniy xulosalariga tayanmay, keng jamiyat manfaatlari va vaziyat istiqbollari to‘g‘risida ham o‘ylab, eng asosiysi esa O‘zbekiston qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, munosabat bildirilsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Davlat soliq qo‘mitasining bayonoti so‘zimizning isbotidir. Bayonotda qayd etilishicha, ushbu to‘yxonada ochilgan sexda juda ko‘plab talablar buzilgan, karantin va sanitariya qoidalariga rioya etilmagan, sex yopilishi bilan jiddiy va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi holatlarning oldi olingan.

Hurmatli fuqarolar! Bugungi murakkab epidemiologik vaziyatda belgilangan qoidalar va talablarga rioya etish har qachongidan ham zarur va muhim. Temir tartib va intizom asosidagina yurtimizga kelgan sinovni yengib o‘tishimiz mumkin.

Qonun ustuvorligi ta’minlanmaydigan davlatda yoki har kim o‘z qoidasi bilan yashayman deydigan jamiyatda kelajak haqida gapirishga o‘rin qolmaydi. Yuqorida qayd etilganidek, ushbu masalalarda O‘zbekistonda ham katta-katta chaqiriqlar va yechilishi kerak bo‘lgan muammolar bor. Bularni birgalikda yechishimiz kerak.

Barcha soha mutaxassislari jamiyatimizda qonunlar asosida yashash qadriyatlarini targ‘ib qilishi kerak, aksincha emas!", deyiladi Adliya vazirligining raddiyasida.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан