Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yakkabog‘ hokimi 311 mln so‘mga Captiva xarid qilmoqchiligini ma’lum qildi. Tuman deputati esa shu pulni muhtojlarga sarflashni taklif qildi
29.05.2021 14:15,  
134

Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev 311 million so‘mga Captiva xarid qilmoqchiligini bildirdi. Tuman kengashi deputati esa shu pulni muhtojlarga sarflashni taklif qildi. Bu haqdagi videoni Elmurod nomli bloger Telegram’da ommaga ulashdi.

Videoda tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev Captiva rusumli xizmat avtomobili respublikaning barcha hududlaridagi tuman va shahar hokimlarida mavjudligini, jumladan, Qoraqalpog‘iston respublikasi tumanlari hamda vodiy viloyatlardagi mahalliy hokimlar Captiva’li hokim ekanligini aytib, sessiya qatnashchilaridan bahaybat mashina xarid qilish haqidagi qarorini tasdiqlashni so‘raydi.

Mazkur taklifga fikr bildirgan deputat — Nazira Elmurodova hokimning yangi avtomobil xarid qilishiga qarshi ekanligini aytib, shu pulni muhtojlarga sarflash taklifini bergan.

Telegram’da tarqalgan videoni izohlagan tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sherzod Hasanov yangi avtomobil xarid qilish muhokamasiga bag‘ishlangan sessiya 2021 yil 12 may kuni bo‘lib o‘tganini bildirdi.

«Shu kuni sessiyada 25 nafar deputat ishtirok etib, 24 nafari yangi avtomobil xarid qilish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bir nafar deputat — Nazira Elmurodova taklifni rad etib, pulni muhtojlarga sarflash lozim, dedi. Biroq shuni alohida ta’kidlashmiz kerakki, yangi mashina xarid qilish masalasi chuqur o‘ylanib, keyin bir to‘xtamga kelingan. To‘g‘ri, hokim ‘Patriot’ rusumli avtomobildan ham foydalanib keladi. Ammo u mashina hokimlikka qarashli emas. Tumanda faoliyat yurituvchi klasterga tegishli mazkur avtomobil ancha eskirgan, hatto hokim ish bilan shoshib yo‘lga chiqqanda o‘chib qolish holati yoki svetoforlarda to‘xtab qolgan paytlari bo‘lgan. Shu sabab ham hokimlik mas’ullari shunday qarorga kelgan», — deydi Sherzod Hasanov.

Sherzod Hasanovning bildirishicha, Yakkabog‘ hokimiga tegishli davlat raqami 70 243 KAA bo‘lgan Lacetti 2014 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.

«Hozirda tuman hokimining mashinasi xizmat vazifasini bajarish uchun yaroqsiz bo‘lgani, qolaversa, ushbu avtomashina xizmatidan to‘rt nafar hokim foydalangani, tuman hududining 62,3 foizi tog‘li hududlardan iboratligi hisobga olinib, shunday qarorga kelingan», — deydi Yakkabog‘ hokimining matbuot kotibi.

Elmurod bloger muallifligidagi video so‘ngida so‘z olgan deputat To‘lqin Normurodov Nazira Elmurodovaning fikriga qarshi chiqib, «Amir Temur aytgan, bizning zo‘rligimizni ko‘rmoqchi bo‘lsang, biz qurgan imoratlarga boq. Siz ham zo‘ridan mining-da, aka», —deydi.

Viloyat hokimining matbuot kotibi Ahror Sodiqovning tushuntirishicha, xarid qilingan Captiva Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 apreldagi «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra olingan bo‘lib, qarorning birinchi ilovasida tuman hokimliklarining birinchi rahbarlari uchun  xizmat avtotransport vositalari xarid qilish uchun eng yuqori narxi bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 1000 barobardan, ya’ni 245 million so‘m, dvigatelning eng yuqori quvvati 2000 sm3 gacha belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur qarorning 1-ilovasi izoh qismi oltinchi xatboshida «Borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlar hokimlari uchun xizmat avtotransport vositasini xarid qilishda dvigatelning eng yuqori quvvati 3000 sm3 gacha oshirilishiga ruxsat etiladi» deb ko‘rsatib o‘tilgan.

«Qolaversa, Yakkabog‘ tumani mahalliy byudjetining 2021 yilning birinchi choragidagi daromadi 8 milliard 100 million so‘mni tashkil etgan. Captiva yuqori turuvchi vakolatli organlar bilan kelishilgan holda, ruxsat olingandan so‘ng xarid qilingan», — deydi Ahror Sodiqov o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Aniqlik kiritilishicha, hokimlik pulini to‘lagan Captiva ayni kunda tumanga olib kelingan. Hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан