Yana 27 kishi ovqatdan zaharlandi: bu safar Andijon tumanida

Yana 27 kishi ovqatdan zaharlandi: bu safar Andijon tumanida

Andijon tumanida 27 nafar fuqaro ovqatdan zaharlandi. Ularning aksariyati bolalar, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, 8 oktyabr kuni soat 20.30 dan Andijon tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan.

Shu kuni soat 24.00ga qadar faol aniqlash yo‘li bilan yana 23 nafar fuqaro “ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Jami 27 nafar fuqarodan 24 nafari tumanning 35-maktab o‘quvchilari, 1 nafari sinf rahbari, 1 nafari maktab o‘quvchisining onasi – tug‘ilgan kun munosabati bilan tort pishirig‘i tayyorlab olib borgan, yana bir 1 nafari esa shu sinf o‘quvchisi uydagi kichik yoshdagi singlisiga berganligi natijasida zaharlanish qayd qilingan”, - deyiladi xabarda.

Barcha bemorlardan olingan ajratmalar viloyat SEOM laboratoriyasida tekshirilmoqda. Hozirda shifoxonada 12 nafar bemor davolanmoqda, 15 nafariga esa ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan.

Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda ovqatdan ommaviy zaharlanish holati qayd etilgani va zaharlanganlar soni 26 nafarga yetgani xabar qilingan edi.