Yana ikkita aeroport “ochiq osmon” rejimiga o‘tkaziladi

Yana ikkita aeroport “ochiq osmon” rejimiga o‘tkaziladi

Andijon hamda Navoiy aeroportlari “ochiq osmon” rejimiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vaziri Elyor G‘aniyevga tayanib Spot xabar bermoqda.

Transport vaziri bu haqda Toshkentdagi xalqaro aviatsiya forumi ochilishida ma’lum qilgan.

“Navoiy aerporti — turli xil yuklarni tashishni tashkil qilish uchun noyob imkoniyatlarga ega bo‘lgan muhim markaz, aviatsion xab. Qulay geografik joylashuv noyob imkoniyatlarni yaratadi: hudud mutlaqo tekis hamda 340 kun quyoshli ob-havoga ega. Eng muhimi, barcha kerakli infratuzilma mavjud va uchish-qo‘nish yo‘laklari har qanday turdagi samolyotni qabul qilishga imkon beradi. Biz aeroportni yuk tashish markazi sifatida yanada rivojlantirishni va uning multimodal logistika imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni kutmoqdamiz,” — dedi vazir.

2019 yil 1 oktyabrdan Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro aeroportlarida beshinchi havo erkinligidan foydalangan holda "ochiq osmon" rejimi joriy etildi. Elyor G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, ular ushbu rejimda ishlashni joriy yilning mart oyidan boshlaydilar:

“Bizda [2020] mart oyidan parvozlarni boshlashga tayyor bo‘lgan bir qator sheriklarimiz bor. Hozirda ushbu aeroportlarga parvozlarni tashkil etish bo‘yicha turk aviakompaniyalari, Aeroflot, Yakutiya va boshqa qator xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Umid qilamanki, forum davomida hamkorlik to‘g‘risida aniq kelishuvlarga erishamiz”.

Bundan tashqari, yuk aviakompaniyalarining parvozlari uchun Navoiy va Termiz aeroportlarida havo transportida yuk tashishni rivojlantirish uchun havo erkinligining yettinchi darajasini ta’minlash rejalashtirilgan.

“Navoiy va Termiz aeroportlari xalqaro savdoning eng yirik tranzit markazlariga aylanishi mumkin. Bu O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi yirik tranzit markaziga aylantiradi, tranzit imkoniyatlarini kengaytiradi va logistika xarajatlarini kamaytiradi”, - dedi transport vazirining o‘rinbosari Ilhom Maxkamov.

Mavzuga doir: O‘zbekictonda ziyoratchilar uchun Hidaya Airlines nomli yangi aviakompaniya ochiladi

Mavzuga doir: Elyor G‘aniyev: Biz shunday raqobatbardosh shart-sharoitlarni yaratamiz, bunda O‘zbekiston juda jozibali manzilga aylanadi