Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yana til muammosi: o‘zbek tili qadrining rus tilidan pastligi sabablari
11.02.2020 18:39,  
1402

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek va rus tillari bahsi yana avj oldi. Nega O‘zbekiston mustaqilligidan qariyb 30 yil o‘tib ham mamlakatda rus tili hanuz o‘zbek tilidan ustun?

Istalgan davlat va jamiyatda tilni o‘rganish ikkita omilga bog‘liq: siyosiy va iqtisodiy. Siyosiy omil shundaki, davlatda biror tilga rasmiy maqom berilgani bois uni o‘rganish shu jamiyatning to‘la qonli a’zolariga, ya’ni fuqarolariga majburiy bo‘ladi. Iqtisodiy omil shundaki, ma’lum bir tilda gapiruvchilar guruhi biznes hamjamiyati uchun katta bozor hisoblanadi. Bu bozorni egallash uchun shu tilni o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan iste’molchilarning tili qadrini oshiradi; shu tilni bilishni talab qiluvchi ish o‘rinlari ko‘payadi va natijada tilni o‘rganishga ehtiyoj kuchayadi.

O‘zbekistonda ikkala omil ham zaif. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Davlat tili to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, barcha davlat idoralari va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish majburiy; barcha davlat hujjatlari, avvalo, davlat tilida e’lon qilinishi shart. Demak, davlat sektorida ishlaydigan har bir shaxs davlat tilini bilishga majbur. Ammo amalda bu talablar ishlamaydi. Davlat idorasiga ishga kirmoqchi bo‘lgan odamdan hech kim o‘zbek tilida savoding qanaqa, deb so‘ramaydi. Lekin rus tilini bilishi shartligi talab qilinadi. O‘zbekchani ro‘zg‘or yoki ko‘cha tili darajasida bilsa kifoya; ishga olinadi.

O‘zbek tilining iqtisodiy asoslari ham zaif. Mamlakatda rus tilini bilmaydiganlar aholining 70-80 foizini tashkil qilsa-da, ular hanuz biznes hamjamiyati uchun katta bozor emas. Chunki ularning xarid quvvati past. Bu toifadagi aholining aksariyati iqtisodiy ahvol og‘ir bo‘lgan qishloq joylarda, chet hududlarda yashaydi. Bizneslar asosiy e’tiborini xarid quvvati yuqori bo‘lgan markaziy shaharlarga qaratgan. Shu bois ular haligacha, asosan, rus tilida ishlaydi; o‘zbek tilidagi xizmatlari nomigagina mavjud.

Rusiyzabon do‘stlarimiz nega o‘zbek tilining qadri past ekanligini, asosan, bitta sabab bilan bog‘lashmoqda: o‘zbek tilida ta’lim sifatining pastligi. O‘zbek tilida ta’lim sifatining pastligi haqiqat, ammo o‘zbek tili qadrining pastligiga sabab bu emas, bu aslida muammoning oqibati. Agar tilni o‘rganishga talab bo‘lsa, sifatli ta’lim tizimi ham, bu tilda sifatli ilmiy adabiyotlar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Davlat yaratib bera olmasa, xususiy sektor yaratadi. Bu oddiy bozor qonuni. 100 foiz davlat granti asosida sifatli o‘zbek tili kurslari tashkil qilingan taqdirda ham, agar bu tilni kundalik ishingizda ishlatmasangiz, o‘rganib nima qilasiz?

Xullas, tilning qiymatini boshqa istalgan mahsulot yoki xizmatda bo‘lgani kabi talab va taklif belgilaydi. Tilni o‘rganishni rag‘batlantiruvchi iqtisodiy va siyosiy omillar zaifligicha qolar ekan, o‘zbek tili hech qachon biznes, ilm va davlat tili bo‘la olmaydi. Rusiyzabon vatandoshlarimiz o‘zbek tilini yashash uchun, tirikchilik qilish uchun shartligini tushunib yetsagina o‘rganadi. Aks holda xoh O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lsin, xoh bu yurtda 70-80 yil yashagan bo‘lsin; hech qachon o‘rganishmaydi. Chunki ularda bu tilga ehtiyoj yo‘q.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан