Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






YaNGI “BORAT – 2” FILMI HAQIDA
8.11.2020 04:22,  
1313

2006 yili “Borat” satirik badiiy filmi dunyo ekranlariga chiqqanida aktyor Sasha Baron Kohen gavdalantirgan qozog‘istonlik jurnalist obrazi shimoldagi qo‘shnilarimizning g‘azabiga duchor bo‘lgan. Chunki, qozoqlar “ot siydigini ichadigan” qoloq xalq o‘laroq ko‘rsatilgandi. Natijada, film Qozog‘istonda taqiqlangan, hukumat mamlakat obro‘sini ko‘tarish uchun “Nyu York Tayms” gazetasida to‘rt betlik reklama bergandi!

Holbuki, film ekranlarga chiqqach, dunyoda Qozog‘istonga qiziqish bir necha baravar ortgan va mamlakatga keladigan turist soni salmoqli miqdorda oshgan! Film, amalda, mamlakat uchun bepul reklama vazifasini bajarib bergan.

Atigi 18 million dollar sarflab yaratilgan “Borat” dunyo ekranlarida 262 million dollar to‘plab, ijodkorlariga katta foyda keltirgan, Sasha Kohen taniqli komediya artisti deb tan olingandi.

U vaqtlardan beri ko‘p soylar oqib o‘tdi, zamon o‘zgardi, internet va Feysbuk inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Eng asosiysi – Qozog‘istonda ingliz tilini yaxshi bilgani uchun g‘arb va Amerika madaniyatini yaxshi anglaydigan yangi qatlam yetishib chiqdi.

2 noyabr kuni Amerikada prezident saylovlari o‘tkazilmoqda. “Borat – 2” filmi ana shunday muhim siyosiy voqea arafasida tomoshachilar hukmiga havola qilindi. KOVID-19 tufayli butun dunyoda tarqalgan epidemiya oqibatida film katta ekranlarda emas, balki “Amazon” onlayn video saytida ekranga chiqdi. “Prime Video” obunachilari qatorida men ham filmni tekinga ko‘rishga erishdim. Qolganlar esa uni pul to‘lab, uylarida divanda yonboshlab, televizorda tomosha qilishlari mumkin.

Avvalgisi kabi, yangi film ham oldindan tayyorlangan senariy asosida emas, balki sharoitga qarab, yo‘l-yo‘lakay haqiqiy taniqli va oddiy odamlarni ular bilmagan holda kinoga qatnashtirish orqali yaratilgan. Achchiq satira bilan jamiyatdagi adolatsizlik va ayollarga nisbatan shakllangan stereotiplar fosh qilinib, ikkiyuzlamachi siyosatchilarning haqiqiy basharasi ochib tashlanadi.

“Urushda har qanday usul ishga yaraydi” deganlaridek, maqsadni ochib berishda hech qanday or-nomusga o‘rin yo‘q. Shuning uchun, filmning ilk kadrlarida “3” raqami va xo‘mraygan yosh bola rasmi ko‘rsatilishiga qaramay, mazkur kino faqat kattalarga mo‘ljallangan: +18. Har bir sahna qanchalik qo‘pol, kimlarnidir tahqirlovchi va andishasiz bo‘lsa ham, ularning tagida boshqa voqealarga eslatma va tanqid yotadi.

“Borat - 2”ning to‘liq nomi uzundan uzoq: “Bir paytlar xalqi gullab-yashnagan Qozog‘iston foydalanishi uchun Amerika rejimiga ajoyib porani yetkazib berish”. Filmning ikki sahnasida O‘zbekiston va o‘zbeklar ham tilga olinadi. Lekin, xulosa chiqarishga shoshilmang!

Endi film mavzusiga kelsak.

Film boshida Gulag qamoqxonasida bir umr qamoq jazosini o‘tayotgan Borat Sa’diyevni og‘ir sharoitlar ostida ketmon chopib, ishlayotganini ko‘ramiz. O‘z og‘zi bilan aytishicha, ilk filmda u amerikaliklarga Qozog‘istonni yaxshi tanitolmagani uchun hukumat uni qamoqqa tashlab, jazolayotgandi. Lekin, uni mamlakat "bosh vaziri" Nazarboyev chaqirtirib, Amerika vitse-prezidenti Mayk Pennga jonli sovg‘a olib borib, topshirish vazifasini yuklaydi. Sovg‘a kim deysizmi? Maymun! Filmda maymun mamlakat madaniyat vaziri va porno yulduzi deb tanitiladi.

Yo‘lga chiqishdan oldin, Borat oilasi va bolalarini ko‘rgani uyiga keladi. Xotini qo‘shnisiga erga tegib olgan, o‘g‘illari uni otalikdan chiqarganini ko‘radi. Qafasda o‘tirib, malikaga aylangan qiz haqidagi multfilmni ko‘rayotgan o‘n besh yoshli qizi otasi bilan birga Amerikaga ketishni istaydi, lekin Borat “ayol kishi jurnalist bo‘lishi, mashina minishi mumkin emas” deb, ko‘nmaydi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Saudiya Arabistonidagi ayollarga mashina haydash huquqi berilgandi.

Qozoq qizlar qafasda o‘tirmasligini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Lekin, film ijodkorlari bu bilan, aslida, Amerikaga o‘tayotganida chegarada to‘xtatilgan meksikalik ota-onalarning bolalari katta qafaslarda saqlanib, dunyo jamoatchiligi e’tiroziga sabab bo‘lganiga sha’ma qiladi.

Shunday qilib, telejurnalist Borat Sa’diyev yuk kemasiga o‘tirib, butun dunyoni aylanib, 22 kunda Amerikaga yetib keladi. Nega bunday bo‘lgani film finalida o‘zini shunday namoyon qiladi-ki, og‘zim lang ochilib, ijodkorlarning fantaziyasiga besh ketdim!

Men yoshligimda “yahudiylar bolalarni o‘g‘irlab ketib, so‘yib yeyishadi” degan gaplarni eshitgandim. “Borat – 2”da ham Sasha Kohen 80 yoshli yahudiy ayol bilan sinagogda ko‘rishib, unga xuddi shu savolni beradi. Sinagogga kelishining sababi esa, bosh vazir bergan vazifani uddalay olmagani uchun terrorchilar o‘zini o‘ldirishini kutish edi. Chunki, sinagoglarga tez-tez hujum uyushtirib turiladi. Uni qarang-ki, kechagina Avstriya boshkenti Venada sinagog yonida yuz bergan hujumda bir qancha kishi qurbon bo‘ldi.

Bu orada, filmdagi 80 yoshli yahudiy onaxon ham olamdan o‘tib ketibdi.

“Bosh vazir” deb ko‘rsatilgan “Makdonald Tramp”ning qizi Ivanka filmda eslab o‘tilgan. Borat katta tort sotib olib, ustiga “Yahudiylar bizning o‘rnimizni olmoqchi” deb yozdiradi. Sotuvchiga “Ivanka emas” deydi.

Haqiqiy sahnalardan biri – prezident yordamchisi Mayk Penn katta saroyda nutq so‘zlayotganida Tramp maskasini taqqan Borat yelkasida qizini ko‘tarib kirib keladi. U “Mike Pennis (penis – erkaklarning jinsiy olati degani – B.Sh.), sizga sovg‘a olib keldim” deb baqiradi. Albatta, tansoqchilar bir zumda ularni zaldan chiqarishadi.

Borat maska taqishga qarshi kishilar parkda o‘tkazayotgan tadbirga borib, sahnada ashula aytadi. Ashula so‘zlariga ahamiyat bering: “Koronavirus – liberal partiya o‘ylab topgan yolg‘on. Obama – sotqin, uni qamash kerak. Vuhan grippi to‘ldirilgan shpritsni sanchib, saudiyaliklarga o‘xshab, chopish kerak”.

Saudiyaliklar esga olinishiga sabab jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi Saudiya konsulxonasida chopib o‘ldirilishidir. Obama qamalsa, o‘zlarini oliy irq deb hisoblaydigan oq tanli irqchilar tashkiloti xursand bo‘lishlari aniq.

Filmning eng qiziqib kutilgan sahnasi sobiq Nyu-York shahar hokimi, president Trampning advokati Rudi Julliani bilan Boratning journalist bo‘lgan qizi o‘tkazgan haqiqiy intervyu tomoshachilar qotib qoladigan darajada chiqqan. Janob Julliani koronaviru haqidagi fikrini bildirib, shunday deydi: “Virus laboratoriyada tayyorlanib, ataylab dunyoga tarqatilgan. Hech zamonda odam ham ko‘rshapalak yeydimi?”

Ko‘plab yashirin kameralar yordamida suratga olingan sahnada “qozog‘istonlik” jurnalist qiz 76 yoshli Jullianini yotoqqa yotqizib, qo‘lini shimining ichiga tiqdiradigan vaziyatga olib kelib qo‘ygan!

Bosh vazir topshirgan vazifani bajarolmay, vataniga qaytgan Boratga Nazarboyev “sen aslida vazifangni uddalading” deb, kechiradi. Shunda Borat ketishidan oldin o‘ziga ko‘rshapalakdan tayyorlangan emlash orqali virus yuqtirilgani, kemada dunyo aylanib, Xitoyning Vuhaniga ham borgani, yo‘tal orqali virusni tarqatgani, Avstraliyada uni, hatto, aktyor Tom Hanksga ham yuqtirgani ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tadi! Qozog‘iston shu yo‘l bilan “Borat” filmi sabab, ustidan kulgan butun dunyodan o‘ch olgan bo‘lib chiqadi. Bu, albatta, yana bir marta kulgimizni qistatadi, xolos.

Komediyada hammasi yaxshilik bilan tugaydi. O‘rusiya Amerikadagi prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazgani haqidagi gaplarga sha’ma qilib, ayfon qo‘llanishni o‘rganib olgan Borat “… parollarni O‘zbekistondagi tentaklardan o‘g‘irlayapmiz. Shu tariqa, butun dunyodagi saylovlar natijalariga ta’sir qilyapmiz” deydi.

Yuqoridagi gaplar aytilayotganida kadrlarda o‘zbeklarga o‘xshagan, kompyuter oldida o‘tirvolib, jiddiy ish bilan shug‘ullanayotgan ayollar ko‘rsatiladi.

Lekin, eng kuchli zarba baribir Amerikaga berilgan. Borat “men endi eng katta tahdid yahudiylar emas, balki yankilar ekanligini angladim” deydi. “Yanki” deganda amerikaliklar tushuniladi. Ammo, Amerika matbuoti film haqida ijobiy fikrlar bildiryapti.

Filmning Qozog‘iston haqidagi sahnalari Ruminiyadagi lo‘lilar qishlog‘ida suratga olingan. Bundan Qozog‘iston turizm kengashi raisi xafa bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki, u “Borat -2” namoyishga chiqarilayotgani haqida eshitib, “oldingi kino o‘lkamizni dunyoga tanitishga yordam berdi” debdi. Rasmiy shaxs Qozog‘istonni reklama qilishda Boratdan foydalanish ehtimolini ham ko‘zdan qochirmabdi.

Men 1997 yili Toshkentda so‘nggi marta o‘tkazilgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivalini jurnalist sifatida yoritganman. O‘sha paytlarda Hollivudning mashhur yulduzi Patrik Killpatrikdan katta intervyu olib, "Xalq so‘zi - Narodnoye Slovo" gazetalarida ikki tilda e’lon qilganman. Aktyor keyingi bir jangari filmni O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida tasvirga olishni mo‘ljallashayotganini aytgandi. Lekin, o‘sha davrdagi uzoqni ko‘ra olmasdan "dunyo O‘zbekistondan iborat" deb, o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolgan boshliqlar ruxsat berishmagan chog‘i, bu gap gapligicha gazetada qolib ketdi.

Shuning uchun, kinoning ikkita sahnasida O‘zbekiston va o‘zbeklar haqida aytilgan gaplarga vahima qilmaslik kerak, shekilli. Zero, “har yomonning bir yaxshisi bordur” degan naql bejiz aytilmaganini Qozog‘iston misoli tasdiqlaydi. Haqiqat esa achchiq bo‘ladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан